Xurmacha polvon
Bor ekan, yo‘q ekan, och ekan, to‘q ekan. Bir chol-u kampir bor ekan. Bularning echkisi ko‘p ekan-u, bolasi yo‘q ekan. Kunlardan bir kun kampir sut pishirib o‘tirib: “Mening bolam bo‘lsa edi, sut desa sut bersam, qaymoq desa qaymoq bersam, qatiq desa qatiq bersam”, debdi. Xurmacha polvon
DO`STLARGA ULASHING:
O‘shandan keyin kunlardan bir kuni boshi ham yo‘q, oyog‘i ham yo‘q, qo‘li ham yo‘q bir xurmacha o‘g‘il tug‘ibdi. Kampir xurmachani tandir ustiga tashlab qo‘yaveribdi. Chol kampirga:
— Kampir, farzandim yo‘q, deding, bir xurmacha tug‘ding, tandir ustida yotibdi. Shu xurmachani ko‘rmaylik ham, kuymaylik ham, sindirib tashlaylik, — debdi. Shunda tandir ustidan xurmacha turib:
— Ey, ota, sizga nima zararim tegdi, ishga buyurdingiz-u qilib kelmadimmi, yo o‘roqqa aytdingiz-u bormadimmi? — debdi.
Chol:
— Mana, falonchi boyning o‘rog‘i o‘rilmagan, shunga o‘roqqa chiqsang bo‘lmaydimi? —debdi.
Xurmacha o‘roqni olib, asta-sekin boyning oldiga boribdi. Boy:
— O‘rganingga qancha haq olasan? —debdi. Xurmacha polvon:
— Shu xurmachani to‘ldirib bersangiz bo‘ladi, — debdi. Boy “Ozgina haq berar ekanman”, deb suyunibdi. Xurmacha polvon boyning o‘rog‘ini o‘ribdi, bog‘labdi, yanchibdi, sovuribdi. Boy kelibdi-da, yengini shimarib bug‘doyni qoplamoqchi bo‘libdi. Xurmacha polvon boyga:
— To‘xtang, avval mening haqimni bering, keyin qoplarsiz, — debdi.
Boy:
— Men qoplab ketaveray, haqingni keyin beraman, — debdi.
Xurmacha polvon:
— Yo‘q, oldin haqimni bering! — debdi. Boy:
— Hay, sendan qutulay, oldin sening haqingni bera qolay, o‘zim keyin qoplab olarman, — deb bug‘doyni g‘alvirlab xurmachaga solaveribdi. Xirmonda bug‘doyning yarmi qolibdi. Xurmacha to‘lmabdi, bug‘doyning hammasini solibdi, xurmacha to‘lmabdi.
Xurmacha polvon:
— Xurmacha to‘lmadi, to‘ldirib bering, — debdi.
Boy:
— Bug‘doyimning barini soldim — to‘lmadi. Bu xurmacha emas, bir balo ekan. Shuncha dehqonchiligim ketdi, shunda ham to‘lmadi, — deb xafa bo‘libdi. Xurmacha polvon:
— To‘lmasa to‘lmas, — deb uyiga qaytibdi.
— Ona! Otamga ayting, tomga chiqib tom tepasini teshsin, — debdi.
Onasi:
— Nima olib kelding? —debdi.
Xurmacha polvon:
— Bug‘doy olib keldim, — debdi.
Onasi:
— Olib kelgan bug‘doyingni tovoqqa solib qo‘yaver, qancha ketar edi bu xurmachaga, — debdi. Xurmacha polvon:
— Tovoqqa sig‘maydi, tomni teshinglar, uyni to‘ldiraman, — debdi.
Otasi tomga chiqib tomni teshibdi. Xurmacha polvon tomga chiqib tom teshigidan bug‘doyni to‘kaveribdi, uy to‘lib ketibdi. Shunday qilib, chol-u kampir Xurmacha polvondan xursand bo‘lishibdi. Tinch yashab murodlariga yetishibdi.
Xurmacha polvon