XRESTOMATIYA
XRESTOMATIYA (yun. chrestos — foydali va manthano — oʻqiyman) — taʼlimning biror sohasi boʻyicha muayyan ichki tamoyillar asosida tartib bilan berilgan oʻquv kitobi. X. oʻzbek tilida «majmua» deb ham yuritiladi. Ular ilmiy, badiiy, memuar, publitsistik asar yoki ulardan olingan parcha yoxud turli hujjatlardan iborat boʻlishi mumkin. Odatda, Xrestomatiyaga kiritilgan materiallar ayni turdagi maktabda oʻqitiladigan muayyan oʻquv predmetining maqsadiga muvofiq tarzda tanlanadi. Umumtaʼlim maktablari amaliyotida ijtimoiygumanitar yoʻnalishdagi deyarli barcha fanlar boʻyicha Xrestomatiyalar tuzish tajribasi mavjud. Ular oʻquvchilarda mustaqil oʻqish va ilmiy adabiyotlardan foydalanish malakasini shakllantirish jihatidan katta ahamiyat kasb etadi. «X.» atamasi ilk bor mil. 4-a. da yunon grammatigi Elladiy tomonidan yunon yozuvchilarining asarlaridan olingan parchalar toʻplamiga nisbatan qoʻllanilgan. Shundan buyen Yevropa taʼlim tizimida bu didaktik ashyodan foydalanib kelinadi. Kdd. Turkiston maktabxona va madrasalaridagi taʼlim jarayonida talabalarning mustaqil oʻqishi uchun foydalanilgan bayozu kulliyotlar ham oʻziga xos X. xdsoblangan. Oʻzbekistonda bevosita pedagogik maqsadda tartib bilan berilgan Xrestomatiyalar ilk bor 20-a. boshlarida Munavvar sori («Sabzavor»), Abdulla Avloniy («Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim», «Maktab gulistoni», «Adabiyot yoxud milliy sheʼrlar»), Hamza («Yengil adabiyot», «Qiroat kitobi») va b. jadid maʼrifatchilari tomonidan yangi usul maktablari oʻquvchilari uchun tayyorlangan. 20-a. ning 20-y. lari oʻrtalarida chop etilgan Elbekning «Goʻzal yozgʻichlar», Choʻlponning «Adabiyot parchalari» singari majmualari toʻla maʼnodagi oʻquv Xrestomatiya laridir. 20-a. ning 50-y. laridan buyen maktab oʻquvchilari va oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun muntazam ravishda Xrestomatiyalar nashr qilib kelinadi.
Ensiklopediya.uz
XRESTOMATIYA