Xotirani chiniqtiruvchi mashqlar to’liq malumot oling
Ayrim hollarda koʻcha‑koʻyda kimnidir koʻrganingizda koʻzingizga juda tanish koʻrinadi‑yu, ammo qayerda uchratganingizni eslolmay qiynalasiz. Yoki oʻz uy telefon raqamingizni ham bir necha daqiqa davomida xotirlolmay xunobingiz oshgan paytlar ham uchrab turadi, toʻgʻrimi? Xoʻsh, xotirani mustahkamlash, diqqatni jamlash uchun nimalarga eʼtibor berish kerak?
Dangasalik — yomon!
Yalqov odamning xotirasi ham sust boʻladi. Nimanidir eslab qolish istagi kuchli boʻlsagina, fikrlarni bir joyga toʻplay olish mumkin. Nimanidir eslolmasak: hisob raqami, biror soʻzning mazmuni, xonandalar ismi, yaqinlarimiz telefon raqami, — darrov yon daftarchamiz, telefon kitobchasi yoki internetdan izlashdan oldin bir necha daqiqa oʻzimiz eslab koʻrishga harakat qilishimiz lozim. Aksar hollarda bu usul ish beradi.
Mutolaa — zoʻr koʻmakchi
Har kuni bir necha sahifa boʻlsa-da, mutolaa qilishga erinmaslik kerak. Qiziqarli kitoblar oʻqish, oʻqib tugatganimizdan keyin asarning qiziqarli syujetidan parcha va qahramonlarning ismlarini yozib qoʻyishimiz zarar qilmaydi.
Oradan ancha vaqt oʻtgach ham bu yozuvlarni qayta oʻqisak, asar voqealari yana esimizga tushadi. Bu bilan nafaqat xotiramizni mashq qildirishga erishasiz, balki atrofdagilarga ham oʻz bilimdonligimiz bilan koʻmaklashamiz: deylik, Alpomishning oti nomini eslab qola olmaydigan odamlar ham uchrab turadi. Bizning yon daftarchamizda esa bularning bari yozib qoʻyilgan.
Harakatdan toʻxtamaslik
Shoʻx musiqalarga raqsga tushish, sport bilan shugʻullanish shu jumladandir. Jismoniy faollik qon aylanishini yaxshilaydi, asab tizimini faollashtiradi, idrok qilishni taʼminlaydi. Ayniqsa, sportning yugurish turi xotiramiz mustahkam boʻlishiga, maʼlumotlarni qayta tiklashimizga koʻmak beradi.
Mashhurlar ismi bilan taqqoslash
Agar bizga bironta kishini tanishtirishsa, uni esda qolarli biron mashhur shaxs nomi bilan taqqoslashga harakat qilaylik. Deylik, Nodira ismli qizni Nodirabegimning nomi bilan eslab qolish mumkin.
Takrorlash — eng yaxshi usul
Muntazam sheʼr yodlash xotirani juda zoʻr mustahkamlaydi. Faqat ketma-ket besh marta emas, besh kun davomida bir martadan takrorlash ijobiy samara beradi. Yaxshiroq natija uchun, yotish oldidan takrorlash lozim.
Toʻgʻri ovqatlanish
Baʼzilar uchun bu yangilik boʻlishu mumkin, ammo toʻgʻri ovqatlanish xotirani mustahkamlash uchun oʻta muhimdir. Baliq, dengiz mahsulotlari, oʻsimlik yogʻlari, yongʻoq, koʻkat va sabzavotlar xotirani tiklashga yaxshi foyda beradi. Asosiysi, vitamin va minerallarga boy mahsulotlarni isteʼmol qilish kerak.
Xorij tillarini oʻrganish
Xorij tillarini oʻrganish hayotimiz va ishimizda foyda beribgina qolmay, xotiramizni yanada charxlaydi. Tadqiqotlarga koʻra, ikkita tilda soʻzlashuvchilar miyasi bitta til biluvchilarnikidan narsalarni ancha aniqroq eslab qoladi.
Tasavvur qilish
Xotirasi oʻtkir kishilarning koʻpchiligi voqealarni tasavvur qilish orqali eslab qolishadi. Deylik ular raqamlarni hayvonlar timsolida tasavvur qilishadi. Yoki oʻsimliklar, jonsiz predmetlarning nomlari bilan yodlab qolishadi. Masalan; ikki — laylak, bir — simyogʻoch, olti — qulf va boshqalar. 333-18-10 telefon raqamini eslab qolmoqchimiz? Ushbu raqamlar bilan biron voqea ham tuzib olishimiz mumkin. Biz ham bir harakat qilib koʻraylik. Uchta qaldirgʻoch ustunga qoʻnib, laylakni kuzatishdi. U ham boshqa bir ustunda oʻtirib, yon-atrofiga nazar solayotgan edi.
Dona‑dona qilib gapirish
Biron voqea yoki yangilikni soʻzlab berayotganimizda kichik pauzalar bilan (3 soniya meʼyorida) obrazli qilib gapirish lozim. Shunda tinglovchining yodida yaxshi qoladi. Aksincha, eslab qolishlarini istamasak, tez‑tez gapirishga harakat qilish kerak.
Miyani ham mushaklar kabi rivojlantish mumkin, qancha koʻp va turli mashqlar bajarsak, xotiramiz ham shuncha kuchayib boraveradi.
Maqola oriftolib.uz saytidan olindi. Original maqola → Xotirangiz faol boʻlsa, vaqtingizda tejam, ishingizda unum boʻladi.
Boshqa mavzular
Xotirani chiniqtiruvchi mashqlar