Xotira maydoni to’liq malumot oling
Xotira maydoni
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Serzarda zamonlar o‘tdilar qator,
O‘tdilar yillaru oylar rang-barang.
Moziydan bugunga yetmasdi ovoz,
Bo‘lmaganda, xalqim, sening xotirang.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Sen o‘zing naqsh etding hayot qissasin,
Sen o‘zing so‘ng uni aylading bayon.
Olis bobolarning bosgan har izin,
O‘zing avlodlarga etding namoyon.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Dillardan zulmatni quvay deb yongan,
Navoiy qalamin yoritgan chiroq.
Hazrat Sohibqiron tuzuklaridan,
Ko‘chib, fikrlarni yoritgan chaqmoq.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Ona To‘marisning shonli qismati,
Jaloliddin tig‘i taratgan jarang.
Bizning yurakkacha, balki, yetmasdi,
Bo‘lmaganda, xalqim, sening xotirang.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Imom Buxoriyning shaffof imoni,
Ulug‘bek fikrida balqigan yulduz.
Mahmud Torobiyning muqaddas qoni,
Sening xotirangda saqlanar hanuz.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Shu bois nomingni yo‘q etay deya,
Yovlaring xotirang buzmoqchi bo‘ldi.
Yolg‘onu tuhmatlar, uydirma ila,
Tarixing qaytadan tuzmoqchi bo‘ldi.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Seni johil dedi, savodsiz dedi,
Aldamoqchi bo‘lib butun dunyoni.
Dunyo bilar edi — unga sen berding,
Buyuk Xorazmi-yu ulug‘ Sinoni.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Istiqlol bayrog‘i yuksaldi baland,
Yana nasib bo‘ldi ozod istiqbol.
Uch ming yillik ko‘hna tarixingni ham,
Bag‘ringga qaytardi shonli istiqlol.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Istiqlol qadimiy o‘zbek nomini,
Qaytadan kashf etdi ahli jahonga.
Qadrlab har mudom o‘zbek shonini,
Dunyoni qaratdi O‘zbekistonga.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Dilda Xotirani imondek saqlang,
Dilda bo‘lsin ota- onaning yodi.
Chechakday ko‘karsin qalblar bog‘ida,
Olis ajdodlarning so‘ngan hayoti.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Unutmang, yashamay yigit yoshini,
Bo‘sa mazasini bilolmay hatto.
Necha erlar yerga qo‘ydi boshini,
Jonini yurtiga qilgancha fido.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Ularning yodini e’zozlab yashang,
Safda yurganlarni qadrlang mudom.
Xotira maydonin lavhalarida,
Bitilsin har bitta unitilgan nom.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Motamsaro Ona qoshiga boring,
Yashirmay ko‘zlardan oqqan yoshingiz.
Shahidlar yodini eslab, bir lahza,
Oyog‘i ostiga qo‘ying boshingiz.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Xotira bor ekan, tirikdir millat,
Tirikdir iftixor, tirikdir g‘urur.
Xotira — elni xalq etguvchi qudrat,
Xotira — ertani yoritguvchi nur.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Hatto maysaning ham xotirasi bor,
Maysa xotirasi — nurga intilmoq.
Ko‘karsa — ikkiga bo‘lib tashlaydi,
Yo‘lining ustida tursa hatto tog‘.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
To quyosh osmonda porlab turarkan,
Osmonday mangusan, ey, ona xalqim!
Har bir fojiaga, har bir sharafga,
Baho bermoqqa ham yolg‘iz sen haqli!
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Zamonlar o‘tajak quyun singari,
Necha yulduz so‘nib, tamom etajak.
Sening yoding borki, yorug‘ kunlarga,
Bizning ko‘zlar ila boqar kelajak.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Ishonaman, o‘sha olis ertada —
Fasli novbahorning mas’um pallasi.
Xotira bog‘iga kelib bosh egar,
Olis kelajakning erka bolasi.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Uning ko‘zlarida yongan shuurda,
Navoiy hikmatin nuri ko‘ringay.
Uning yuragida jo‘shgan g‘ururda,
Bobolar yuragin qo‘ri ko‘ringay!
🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Sherlar
Xotira maydoni