XOTIN-QIZLAR KASALLIKLARI
XOTIN-QIZLAR KASALLIKLARI, ayollar kasalliklari, ginekologik kasalliklar — xotinqizlar organizmining anatomik va fiziologik xususiyatlariga bogʻliq kasalliklar boʻlib, ginekologiya fani oʻrganadi. Bu kasalliklar jinsiy sistemaga tegishli boʻlsada, u butun organizmga taʼsir qiladi. Barcha aʼzo va sistemalar bir-biri bilan uzviy bogʻliqligi tufayli Xotin-qizlar kasalliklariga butun organizmning kassalligi deb qarash lozim; ginekologik kasalliklar oʻz navbatida boshqa aʼzo va sistemalar kasalliklari oqibatida ham yuzaga kelishi mumkin. Bunda turli spetsifik va nospetsifik infeksiyalar, bolaliqda boshdan oʻtkazgan kasalliklar, endokrin xastaliklar, moddalar almashinuvining buzilishi, hayotiy muhim aʼzolar patologiyasi asosiy ahamiyatga ega. Xotin-qizlar kasalliklari bir necha guruhlarga boʻlinadi: yalligʻlanish kasalliklari, hayz faoliyatining buzilishi, oʻsma kasalliklari, jinsiy aʼzolar rivojlanishi hamda joylashuvi anamaliyasi va h. k. Xotinqizlarda koʻproq yalligʻlanish kasalliklari kuzatiladi. Bu koʻp jihatdan reproduktiv sistemaning funksiyasi bilan bogʻliq boʻlib, hayz, abort va ayniqsa tugʻruq jarayonida ayol organizmida infeksiya rivojlanishi uchun qulay sharoit vujudga keladi. Bundan tashqari spetsifik infeksiyalar, jinsiy yoʻl bilan yuqadigan kasalliklar — zaxm, soʻzak, trixomonada (q. Trixomonoz), soʻnggi yillarda OITS (SPID), xlamidiyalar va viruslar X. q. k. ning koʻpayishiga sabab boʻlmoqda. Koʻp hollarda Xotin-qizlar kasalliklarini stafilokokk, streptokokk, zamburugʻlar va b. qoʻzgʻatadi. Ogʻir kechuvchi septik holatlarda, asosan, 2 va undan ortiq turdagi mikroorganizmlar kasallik qoʻzgʻatuvchi sifatida ishtirok etadi. Jinsiy aʼzolarning yalligʻlanishi kasalliklariga boshqa aʼzolardagi yalligʻlanish jarayonlari angina, sinusitlar, buyrak kasalliklari va h. k. ham sabab boʻlishi mumkin. Yalligʻlanish qaysi aʼzoda rivojlanishiga koʻra kolpit (qinda), endometrit (bachadonda), salpingit (bachadon nayida), ooforit (tuxumdonda) va b. farq qilinadi. Bu kasalliklarda gavda haroratining koʻtarilishi, intoksikatsiya, bosh ogʻrishi, umumiy ahvolning oʻzgarishi bilan birga mahalliy belgilar — qorin pastida ogʻriq boʻlishi, ogʻriqning oʻziga xos tarqalishi (irradiatsiya), qindan ajralmalar (oqchil) kelishi, baʼzan hayz funksiyasining buzilishi kabi alomatlar kuzatiladi.
Ensiklopediya.uz
XOTIN-QIZLAR KASALLIKLARI