Xorazm shevasi soʻzlaridan
Bu galgi lugʻatimiz Xorazm viloyati shevasi asosida tuzildi. Yoqtu Xorazm shevasida ushbu soʻz “yorugʻ” maʼnosini ifodalaydi. Mumtoz adabiyot namunalarida ham undan keng foydalanilgan. Masalan: Iki yoqtu guhar olamga bergan, Muhabbat ganjini odamgʻa bergan. (“Muhabbatnoma”dan). Digʻiriq Ushbu soʻz vohaning asosan Urganch, Xiva, Xonqa tumanlarida “tor koʻcha”, “jin koʻcha”, “boshi berk koʻcha” maʼnolarida keladi. Masalan: “Digʻiriqdan u yogʻiga yoʻl yoʻq edi”. Xaraz Bu soʻz “tegirmon” maʼnosida qoʻllanilib, vohaning barcha tumanlari uchun xarakterlidir. Masalan: “Otanazar kun peshinlab un torttirgani xarazga ketdi”. Secha Asosan oʻgʻuz shevasiga xos boʻlib, “chumchuq” maʼnosida keladi. Vohaning Urganch, Xonqa, Xiva, Yangiariq, Qoʻshkoʻpir tumanlarida bu soʻz keng qoʻllaniladi. Masalan: “Bola qoʻliga tosh olib ulgurmay, shoxdagi sechalar pir etib uchib ketdi”. Uchak Vohada bu soʻz “tom” maʼnosida qoʻllaniladi. Gurlan, Yangibozor tumanlarida esa uning muqobili sifatida “tambash” soʻzidan foydalaniladi. Masalan: “Dovul ogʻa somon tashlash uchun uchakka chiqdi”. Qarinja Xorazm vohasida hozir ham qoʻllanib kelinadigan bu soʻz “chumoli” maʼnosini ifodalaydi. Masalan: “U qoʻlida oʻrmalab ketayotgan qarinjani puflab tashladi”. Rabgʻuziyda “qarinja” – “qarinchqa” tarzida uchraydi: “Qarinchqalarning ulugʻi oqsoq erdi”. (“Qisasi Rabgʻuziy”dan) Akmal JUMAMURODOV tayyorladi. oriftolib.uz “Yoshlik” jurnalining 2016 yil 8-sonidan olindi.Xorazm shevasi soʻzlaridan
DO`STLARGA ULASHING:
Xorazm shevasi soʻzlaridan