Xonanda Nodirbek Primkulov haqida: haqida to’liq ma’lumot oling
Xonanda Nodirbek Primkulov o‘zi haqida:
1998 yil 18 sentabrda Namangan viloyatida ziyoli oilada dunyoga kelganman. 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabda tahsil olayotgan vaqtimdayoq ko‘nglimga yaqin qo‘shiqlarni kuylab xirgoyi qilardim, maktabdagi tadbirlarda ishtirok etardim. Ammo, vaqt o‘tib, oliygohda o‘qish fursati yetganda, tibbiyotga qiziqish ustunlik qilib, O‘shMU Stomatologiya fakultetiga o‘qishga kirdim. Hozirda bu oliygohning 3 kursida tahsil olyapman. Lekin, bir nafas bo‘lsa ham, qo‘shiq kuylash, san’at sohasi xayolimdan ketmasdi. Shuning uchun ham, Namangan San’at maktabida 4 yil davomida muntazam vokal bilan shug‘ullandim. San’at bu mening qalbimdagi bir olov va u meni tinch qo‘ymaydi, desam ham bo‘ladi. Chunki, men qo‘shiq kuylash uchun boshqalarga o‘xshab, she’r tanlamayman yoki, tayyor qo‘shiqni sotib olmayman! Men shoir bilan birga o‘tirib, unga o‘z ko‘nglimdagi fikrlarni, g‘oyalarni aytib, o‘sha kuylamoqchi bo‘lgan qo‘shig‘im she’rini birga yozamiz. Birga ijod qilamiz. Shu kunga qadar, 12 ta qo‘shiq kuyladim va ularni chinakamiga yaralish jarayonlarida ishtirok etganman. O‘nta qo‘shig‘im jamlangan ilk musiqiy albomim “Qadri osmonim” yaqindagina tayyor bo‘ldi. Undan “Qadri osmonim”, “Yomg‘irlar”, “Chiroylisan”, “Maryamjon”, “Ramazon tuhfasi”, “Afsonalar vodiysi”, “Namangan”, “Xadisa”, “Yurak”, “Go‘zal” qo‘shiqlarim o‘rin olgan. Albomdan joy olgan qo‘shiqlarimning she’rlari, shoira Rislig‘oy Hotamova, shoir Shahzod Nazar, hamda Nodirbek Primqulovning o‘z qalamiga mansub bo‘lib, bastakorlar Mirziyod Nurmatov va Bunyod Abdullayev kuylarni bastalashgan. Bu musiqiy albomni yozishimga 3 yil vaqt ketgan bo‘lib, har bir qo‘shig‘im o‘z tarixiga ega. Qo‘shiqlar ichida albatta, “Qadri osmonim” qo‘shig‘i muhim o‘rin tutadi, chunki bu qo‘shig‘im xalq ichida juda ham ommalashib ketgan. Bu tarona aslida xonanda Surayyo Qosimovaning “Arzanda jonim” qo‘shig‘iga javob tarzida kuylangan va qo‘shiq she’ri 2 oy muddat ichida yozilib, musiqasi 4 oy vaqt ichida tayyor bo‘lgan. Bu qo‘shiqni chindan ham alohida mehr bilan kuylaganman. Shu kungacha 4 ta klip suratga oldirganman. Bular “Qadri osmonim”, “Xadisa”, “Ramazon tuhfasi” va “Afsonalar vodiysi” kliplaridir. Har bir klipning yaratilish jarayoni alohida o‘ziga xos kechgan.
O‘zim oilada kenja farzandman, bitta opam bor, albatta ota-onamga mehrim va hurmatim cheksiz.
Eng katta orzularidan biri shubhasiz, Namangan diyoridan yetishib chiqqan ustoz san’atkorlar kabi, taniqli, el nazaridagi san’atkor bo‘lish, hamda o‘zbek san’atini dunyoga tanitishdir.
Malumotlar
Xonanda Nodirbek Primkulov haqida: