Xolesterin haqida nimalar bilasiz? haqida malumot

Xolesterin haqida nimalar bilasiz? haqida malumot

Shifokorlar bizlarni hamisha sihat-salomatlikka jiddiy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan “xolesterin” deb nomlangan mumsimon yog‘ moddasi bilan qo‘rqitib kelishadi. Odatda ortiqcha xolesterin yurak-qon tomir tizimlariga ziyon yetkazuvchi omillardan asosiysi hisoblanadi. Bunday vaziyatlarda nixoyatda yog‘li oziq-ovqatlarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.

xolesterin

Qon tarkibidagi xolesterin miqdori me’yoridan oshib ketsa, turli xildagi kasalliklar, shu jumladan, yurak — qon tomir tizimi faoliyati bilan bog‘liq og‘ir xastaliklarning rivojlanishi uchun qulay sharoit paydo bo‘ladi. Biroq, hamma narsa biz o‘ylaganimizdek oddiy emas. Shuni ta’kidlab o‘tmoqchimizki, odam organizmida xolesterin meyoridan ortiq, va aksincha, past darajada bo‘lishi mumkin.

Birinchidan, ayrim toifadagi odamlar uchun organizmdagi xolesterin moddasining miqdori yuqori darajada bo‘lishi tabiiy holdir. Ba’zi holatlarda bu odamning genetik xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘ladi. Shu o‘rinda aytib o‘tmoqchimizki, ayrim odamlar organizmida zichlik darajasi nihoyatda past bo‘lgan xolesterin (mutaxassislar odatda bunday alomatni sihat-salomatlik uchun o‘ta noxush belgi deb baholashadi)ning meyordagi holatdagidan ancha yuqori bo‘ladi. Shifokorlar bunday holatlarda oilaviy giperxolesterinemiya degan tushunchadan foydalanishadi. Bunday xastalik besh yuzta odamdan birida kuzatiladi. Organizmdagi xolesterin miqdori 300-600 mg/dl.ni tashkil qilishi mumkin.

Bunday xastalikka chalingan odamlarning gen tizimida ikkita nuqsonli genlar (ular ota va onadan o‘tadi) mavjud bo‘ladi. Bunday hollar 1 mln. ta odamlar orasida bir kishida uchraydi. Bunday xususiyatga ega bo‘lgan bemorlarda xolesterinning miqdori 1000 mg/dl.ni tashkil qiladi. Bunday klinik alomatlari bor bo‘lgan odam odatda 20 yildan ortiq umr ko‘rolmaydi.

Ikkinchidan, qon tomirlari xolesterindan iborat tiqinlarga to‘lib toshganida ular xuddi mumdek ko‘rinadi. Zichlik darajasi nihoyatda past bo‘lgan xolesterin arteriyalarning devorlarida to‘planib boraveradi. Shu zayilda mum kabi yig‘ilib borayotgan xolesterin vaqti-soati kelib qon tomirlari bo‘ylab harakatlanadigan qonni yo‘lini to‘sib qo‘yadi va tromb (ivib qolgan qon quyqasi)larni hosil qiladi. Xolesterin to‘planib borayotgan arteriyalarning devori elastiklik xususiyatini yo‘qotib boraveradi.

Uchinchidan, organizmda xolesterin miqdorining darajasi meyoridan oshib ketsa, buning alomatlarini bevosita kuzatish mumkin. Odatda bunday klinik alomatlari bor bo‘lgan odamning terisida qizg‘ish-sarg‘ish rangli qavariq (ksantom)lar paydo bo‘ladi. Bunday alomatlar butun tana bo‘ylab tarqalgan bo‘ladi. Ular odatda yoshi katta odamlarda, qandli diabetga chalingan bemorlarda tez-tez kuzatiladi. Ksantomlar oilaviy giperxolesterinemiyaga chalingan bemorlarda yoshlik davridayoq namoyon bo‘lishi mumkin.

To‘rtinchidan, organizmdagi xolesterin miqdori meyoridan kam darajada bo‘lishi mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, xolesterin miqdorining nihoyatda past darajada bo‘lishi ham sihat-salomatlik uchun xavfli. Ekspertlarning e’tirof etishicha, normal holatda organizmdagi xolesterin miqdori 200 mg/dl.ni tashkil qilishi lozim. Xolesterin miqdori bunday darajadan pasayib ketsa saraton kabi xavfli kasallikning kelib chiqish ehtimoli kuchayadi.

Olib borilgan ilmiy tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, organizmdagi xolesterin miqdori meyoridan past bo‘lgan homilador ayollar aksariyat hollarda muddatidan ilgari tug‘ib qo‘yishar ekan. Mutaxassislarning fikriga qaraganda, organizmdagi umumiy xolesterin yoxud zichlik darajasi nihoyatda past bo‘lgan xolesterin miqdori meyoriga yetmaganida bunday odam hech bir sababsiz xavotirlanishi (vahimaga tushishi) va depressiyaga moyil bo‘lib qolishi mumkin.

Beshinchidan, hozirgi zamonda odam organizmidagi umumiy xolesterin miqdori asta-sekin pasayib bormoqda. Mutaxassislarning e’tirof etishicha, shu vaqtga qadar butun dunyo mamlakatlaridagi 20-74 yoshli odamlarning 33 foizida umumiy xolesterin miqdori 240 mg/dl.ni tashkil qilgan bo‘lsa, 1960 yillarga kelib mazkur ko‘rsatkich o‘rtacha hisobda 222 mg/dl.ni, 2003-2006 yillarda esa 200 mg/dl.ni tashkil qilgan. Muhimi xastalikka chalinish xavfiga moyil guruhga kiritiladigan odamlarning salmog‘i ham ancha pasaygan (16 foizni tashkil qiladi).

Oltinchidan, muntazam ravishda bajariladigan jismoniy mashqlar tufayli organizm uchun foydali bo‘lgan xolesterin miqdori ancha oshadi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tmoqchimizki, bunday xushxabar mijozlarning irqi va jinsiga qarab ta’sir samarasini oshirar ekan. Qisqacha qilib aytganda, jismoniy mashqlar tufayli zichlik darajasi nihoyatda past bo‘lgan xolesterin miqdori asosan ayollarda, umumiy xolesterin miqdori esa ko‘proq afro-amerikalik irqqa mansub ayollarda pasaygan.

Yettinchidan, tarkibida mutlaqo xolesterin bo‘lmagan oziq — ovqatlar pirovard natijada organizmdagi xolesterin miqdorining oshishiga sabab bo‘ladi. Gap shundaki, tabiatda xolesterin hayvonlarning jigarida ishlab chiqariladi. Shuning uchun uni hayvon mahsulotlarida uchratish mumkin.

Yog‘da qovurilgan ovqatlar, oshirma xamirdan tayyorlangan konditerlik mahsulotlarining tarkibida trans-yog‘lar mavjud bo‘lib ular odam organizmiga tushgach xolesterin miqdorini oshirib yuboradi. To‘yingan yog‘lar umumiy xolesterin miqdorining oshib ketishiga sabab bo‘luvchi asosiy omillardan biridir. Shuning uchun do‘konlarda mahsulot xarid qilish chog‘ida ularning tarkibiy elementlariga (xususan, turli yog‘lar hamda xolesterinning miqdoriga) katta e’tibor bering.

Sakkizinchidan, organizmdagi umumiy xolesterin miqdorining oshib ketishi erkaklarning potensiyasi (jinsiy mayl)ni susaytirib yuboradi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, meyoridan ortiq darajadagi xolesterin yurak-qon tomir tizimiga jiddiy ziyon yetkazadi. Ammo shu bilan birga ortiqcha xolesterin kutilmaganda boshqa muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin ekan.

2005 yilda shved olimlari tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlarning taxminiy natijalarining ko‘rsatishicha, umumiy xolesterin miqdori 270 mg/dl.ni tashkil qilgan erkak kishilarda boshqalarga nisbatan olganda 4.5 barobarga ko‘proq holatlarda moyaklar saratoni rivojlangan. Bundan tashqari, umumiy xolesterin miqdori yuqori bo‘lgan erkak kishilarda buyraklar faoliyati ishdan chiqqan, Alsgeymer xastaligi rivojlanishiga moyillik borligi aniqlangan.

2009 yilda amalga oshirilgan yana bir ilmiy tadqiqot natijalarining ko‘rsatishicha, tarkibida xolesterin miqdori ko‘p bo‘lgan oziq-ovqatlarni iste’mol qilish jigar sirrozi hamda saratonining rivojlanishida muhim omil bo‘lgan.

© «Sog‘lom avlod» gazetasi.

Kasalliklar
Xolesterin haqida nimalar bilasiz?