XOJA AHROR

XOJA AHROR

XOJA AHROR (taxallusi; asl ismi Xoja Ubaydulloh ibn Xoja Mahmud ibn Xoja Shahobiddin Shoshiy) (1404, hoz. Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumani Bogʻiston qishlogʻi — 1490, Samarqand) — oʻrtaosiyolik mutafakkir, naqshbandiya tariqati rahnamolaridan. Otasi shayx Xoja Mahmud naqshbandiyaning xojagon sulukida boʻlgan, tijorat va ziroat ishlari bilan shugʻullangan. Shayx Xovandi Tohur ona tomondan uning bobosidir. Xoja Ahrorning bolalik va yoshlik davri Toshkentda oʻtgan. Toshkent va Samarqand madrasalarida tahsil olgan. U tasavvuf ilmiga qiziqadi, shu maqsadda Hirotga borib Shayx Bahouddin Umar, Shayx Zayniddin Xavofiy kabi taniqli mutasavviflar suhbatida boʻldi. Bahouddin Naqshbandniig shogirdi shayx Yoqub Charxiy (1447-y. v. e.)dan naqshbandiya tariqati asoslarini oʻrgandi. U Yoqub Charxiydan irshod huquqini olib, murshidi komillik maqomiga yetgach, Toshkent, Turkiston atroflarida shuhrat topa boshlaydi. Naqshbandiya taʼlimotining davomchisi sifatida ulamolar oʻrtasida katta obroʻ orttirdi va «valiy» («avliyo») sifatida tanilib «Ahror» («Hur», «Ozod») nomiga ega boʻldi. Tasavvufda bu nom 3 xil asirlikdan xalos boʻlgan: hayvoniy histuygʻularni yenggan; oʻzining barcha xohishistagidan voz kechib, faqat Allohning irodasiga boʻysungan; rasmrusum va hayot kechirishning barcha odat va anʼnalaridan xoli boʻlib, ilohiy nur yogʻdusiga gʻarq boʻlgan zotga nisbatan qoʻllaniladi.

Ensiklopediya.uz
XOJA AHROR