XEMORETSEPSIYA
XEMORETSEPSIYA (xemo… shretseptorlar) — bir yoki koʻp hujayralilar ixtisoslashgan hujayralarining tashqi muhitdagi hayot uchun muhim boʻlgan kimyoviy moddalardan taʼsirlanishi. Xemoretsepsiyaning dastlabki jarayoni taʼsirlovchi kimyoviy modda bilan hujayra membranasidagi xemoretseptor oqsil oʻrtasidagi taʼsirdan iborat. X. — evolyutsiya jihatidan eng qad. retsepsiya tipi, barcha tirik organizmlar uchun xos. Koʻpchilik hayvonlar uchun 2 xil X.: interoxemoretsepsiya (koʻp hujayralilar ichki muhitini, jumladan, gormonlar, mediatorlar, antigenlar va b. ni analiz qiluvchi) va eksteroxemoretsepsiya (tashqi kimyoviy taʼsirlarni qabul qiluvchi) xos. Yuksak tuzilgan organ izmlarda ixtisoslashgan kimyoviy sezgi organlari — hid bilish, taʼm bilish paydo boʻladi. Bu xiddagi organlar umurtqali hayvonlar va bir qancha umurtqasizlar (mas, hasharotlar)da bor. Bundan tashkari, kam ixtisoslashgan X. — gavda qoplamining taʼsirlovchi moddalarga nisbatan umumiy kimyoviy sezgirligi ham mavjud.
Ensiklopediya.uz
XEMORETSEPSIYA