XAYRULLA SA’DIYEV haqida to’liq malumot oling
O‘ZBЕKISTON XALQ ARTISTI
(1940)
Xayrulla Sa’diyev 1940 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1963 yilda A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti (hozirgi M.Uyg‘ur nomidagi Toshkent Davlat san’at instituti)ni tugatadi. X.Sa’diyev avval Hamza teatri¬da Zuhur Qobulov qo‘ygan «Bulutlar tarqaganda» spektaklida qatnashadi. Biroq, Toshxo‘ja Xo‘jayev «Yigit, siz asli yosh tomoshabinlar teatriga mossiz. Adashmang», —deb unga maslahat beradi. Shundan keyin u yo‘llanma bilan Y.Oxunboboyev nomi¬dagi Yosh tomoshabinlar teatriga ishga keladi. Institutda ustozlari Nazira Aliyeva, Toshxo‘ja Xo‘jayevlardan tahsil olgani, yosh tomoshabinlar teatrida Ibrohim Aredov, Afandixon Ismoilov, Vohid Qodirov, Obid Tolipov kabi sahna ustalaridan aktyorlik san’ati sirlarini o‘rgangani uning teatrda o‘z o‘rnini topishida muhim ahamiyat kasb etdi. Avval u teatrda I.Ahmedov sahnalashtirgan Latif Mahmudovning «Ali va Vali» spektaklida qatnashdi. X.Sa’diyev mehnatsevarligi, izlanuvchanligi bilan teatr ijodiy jamoasida o‘z o‘rnini topadi, ko‘pchilik spektakl¬larda asosiy rollarni o‘ynab, tomoshabinlar nazariga ham tushadi. Manka («Piyozchalarning o‘g‘irlanishi»), Klimka («Po‘lat qanday toblandi»), Po‘lat («Kim aybdor»), Misha Dadonov («Toshkent—non shahri»), Oleg Koshevoy («Yosh gvar¬diya»), Shum bola («Shum bola»), Xlestakov («Revizor») va boshqa obrazlar yetuk mahorat va ijodiy ko‘tarinkilik bilan ijro etildi va aktyorga chinakam shuhrat keltirdi. Xususan, X.Sa’diyevni keng jamoatchilikka yaqindan tanitgan G‘.G‘ulomning «Shum bola» asari asosida sahnaga ko‘yilgan shu nomli spektakldagi Shum bola obrazi bo‘ldi. Keyinchalik bu qissa televideniyeda ham sahnalashtiriladi. Asar milliyligi va samimiyligi bilan darhol e’tiborni tortadi, tilga tushadi. Bunda, albatta Shum bola obrazini mohirona ijro etgan X.Sa’diyevning hissasi katta edi. Bu haqda aktyorning o‘zi, «Shum bola kuchimga kuch, g‘ayratimga g‘ayrat qo‘shdi. Xalq orasida tanitdi», — deb e’tirof etishi bejiz emas. X.Sa’diyev yosh tomoshabinlar teatrida ishlagan davrlaridayoq o‘z ijodiy qiyofasiga va uslubiga ega bo‘ldi. Hajviy obrazlarning mohir ustasi sifatida tomoshabinlarga tanildi. U bu teatrda o‘n yildan ortiq muddat ishlab, aktyorlik mahorati o‘sib, ijodi shakllangan bir paytda, uni 1986 yilda yangi tashkil etilgan A.Qahhor nomidagi respublika Satira teatriga ishga taklif etadilar. X.Sa’diyevning Satira teatrida yaratgan yorqin hajviy obrazlari kulgisevar tomoshabinlarning tahsini va olqishlariga sazovor bo‘ldi. Bu teatrda ham aktyor o‘z tomoshabinini topdi. Uning o‘z ustida tinmay ishlashi, ijodiy izlanishi roldan rolga o‘sishiga zamin hozirladi, aktyorlik mahoratining yangi-yangi qirralarini namoyon etdi. Aktyor o‘zining chuqur mazmunli, teran va betakror obrazlari bilan teatr repertuarini boyitdi. Ular faqat o‘zbek tomoshabinigagina emas, balki qo‘shni respublikalar tomoshabinlariga ham manzur bo‘ldi. Yusuf («Tobutdan tovush»), Chol («Armon»), Oshpaz («Qovurilgan o‘rdak parvozi»), Uchariddin («Sabil qoldi»), Nasriddin («Gap egasini topadi», musiqiy satirik tomosha), Bemor («Xandamiz sizga, do‘stlar»), Nasriddin («Kulgan yetar murodga»), Shodiqul («Buvam uylandilar») va boshqalar shunday obrazlardandir. X. Sa’diyev kino san’atida ham faol ishtirok etdi. Uning ijrosidagi Jingalak («Oy borib, omon qayt»), Novvoy («Semurg‘»), Mamat («Shiddat»), Anvar («Chinor»), Xayrulla («To‘ylar muborak»), Masxaraboz («Mahmud pahlavon»), Ertakchi («Akmalning sarguzashtlari»), Xayrulla («Marhumning xotirasi») kabi rollarni ham kino muxlislari iliq kutib oldi. Bundan tashqari «Nashtar» kinojurnalida qatnashib, bir qator puxta obrazlar yaratdi. Ikki yuzga yaqin filmlarning dublyajida ishtirok etdi. Shuningdek, uning O‘zbekiston televideniyesida va radiosida yaratgan obrazlarini ham ijobiy baholash mumkin. Xayrulla Sa’diyev 1990 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» unvoniga sazovor bo‘ldi.
Biografiya
XAYRULLA SA’DIYEV haqida