Xashorotlar haqida she’rlar to‘plami to’liq malumot oling

Xashorotlar haqida she’rlar to‘plami to’liq malumot oling

CHIGIRTKA – Aziz Abdurazzoq

— Hoy, chigirtka, chigirtka,

Sen ham ekin yeysanmi?

Hoy, chigirtka, chigirtka,

Ekmay tekin yeysanmi?

— Men ham ekin yeyman, ha,

Lekin tekin yemayman.

Yesam halol deyman, ha,

Sira tekin demayman.

Ekin yesam o‘rniga

Qo‘shiq aytib beraman.

Yotganingda o‘rningga,

Alla aytib turaman.

NINACHI – Shukur Sa’dulla

Bog‘da uchar ninachi,

Gulni quchar ninachi.

Biram chiroyli, qarang,

Qanotlari rang-barang.

Shisha kabi ko‘zi bor,

Yum-yumaliq yuzi bor.

Bog‘ni kezib yuradi,

Guldan sharbat so‘radi.

Yozganda ikki qanot,

Xuddi ko‘kda samalyot.

Juda beozor o‘zi,

Attangki, gung, yo‘q so‘zi.

Ovunchog‘im ninachi,

Sen — quvonchim, ninachi.

Bog‘imizda uchib yur,

Gullarimni quchib yur!

KAPALAK – Zafar Diyor

Hoy, kapalak, kapalak,

Qanotlaring ipakdak.

Muncha shoshib uchasan,

To‘xta, so‘zlayin andak.

Uchrataman har kuni

Seni har kun bog‘chamda,

So‘rib gullar sharbatin

O‘ltirasan olchamda.

Borib ushlay deganda

Shoshib darhol uchasan.

Sira tutqich bermasdan

Guldan gulga ko‘chasan.

Mendan aslo qochmagin,

Do‘st bilaman o‘zimga.

Pildir-pildir uchishing,

Oh, yoqadi ko‘zimga.

Uch, uchaver, uchaver,

Go‘zal bog‘cham — gulshanda.

Sira ozor bermayman

Sevgim, fikrim bor senda.

Kapalakjon, kapalak,

Qanotlaring ipakdak.

Do‘st bo‘laylik ikkimiz,

To‘xta, so‘zlayin andak!

KAPALAKLAR – Muhammad Yusuf

Tug’ilgandan men sho’rlikning bag’rim qon,

Bir jismda talashadi ikki jon

Jon talashsam, tepada charx urgan ul,

Kapalaklar odamlardan mehribon….

Oqqushlarim, oq yomg’irda ucharlar,

Saharlardan shudring-sharob icharlar,

Tanlamayin qabrlarni qucharlar,

Kapalaklar odamlardan mehribon….

Gulga qo’nsa, qanotlari botmaydi,

Ojizlarim birovga tosh otmaydi,

Bir kun yashar, bir-birini sotmaydi,

Kapalaklar odamlardan mehribon….

Bir qarasang, na kulbasi, uyi yo’q,

Na tovushi, na qo’shig’i, na kuyi yo’q,

Kapalakning kambag’ali, biyi yo’q,

Kapalaklar odamlardan mehribon….

Kapalakning Ka’basidir hur dala,

Dalasida mehr to’la, nur to’la,

Baxtsiz bo’lsa, bari baxtsiz bir yo’la,

Kapalaklar odamlardan mehribon….

Oydin oqshom yodga tushding, o malak,

Seni o’ylab bo’ldi yana qon yurak,

Sevaman deb aldamaydi kapalak!..

Kapalaklar odamlardan mehribon!..

Muhammadga ishongan ey, mo’minlar,

O’lsam so’zim eslab, o’yga cho’minglar,

Kapalakning qanotiga ko’minglar,

Kapalaklar odamlardan mehribon…

O‘RGIMCHAK – Shuhrat HAKIMOV,

Makon etib burchakni,

Ajoyib to‘r to‘qiyman.

Pashshani tutmoq uchun

Ov darsini o‘qiyman.

Toki dasturxoningga

Qo‘nmasin surbet chivin.

Sog‘lom bo‘lay desang,

Bolakay, tezroq yuvin!

PASHSHA VA BOLARI

Qaysidir bir zamonda,

Bitta pashsha bor ekan.

U izgʼib xar tomonda,

Ifloslikka zor ekan.

Xar yon gʼoʼngʼillab uchib,

Bor narsaga qoʼnarkan.

Uni mikrob tashuvchi,

Desa toʼgʼri boʼlarkan.

Oʼsha pashsha bir kuni,

Yoʼliqib bolariga,

«Chaqib olmasin meni»

Deb qochibdi nariga.

Soʼng debdi bolariga:

Kuyib-pishding namuncha?

Chidaming zoʼr bariga,

Ishlaysan kech kirguncha.

Nimaga menga oʼxshab,

Tekin ovqat yemaysan.

Uyimga qadam tashlab,

Mexmon boʼlay demaysan.

Bolari der: xoy, pashsha,

Bunday dema ikkinchi.

Qadaming oʼylab tashla,

Yana shunday deginchi!

Sen bilan gaplashgani,

Men emasman bekorchi.

Zararkunanda, qani

Tez koʼzimdan yoʼqolchi!

Bu gapning taʼsirida,

Xaykaldek qotib qoldi.

Obroʼsini borida,

Quyonday qochib qoldi!

ASALARI

Asalari gullarga,

Qoʼnib sharbat yigʼadi.

Zaxmat chekib kuni,

Shirin asal qiladi.

Buning uchun bol ari,

Bizga juda foydadir.

Shu bois doim ular,

Gullar chaman joydadir.

CHUVALCHANGGA – Nurulloh Oston

Yomgʻir yogʻar xoʻp ezib,

Chiq chuvalchang yer qazib.

Choʻzil koʻchada yayrab,

Baqalar bersin sayrab.

Qoʻrqma endi sovuqdan,

Ehtiyot boʻl tovuqdan!

CHUMOLIJON – Murod Rahmon,

Mehnatingga qoyil qolaman,

G‘ayratingdan o‘rnak olaman.

Sendek ixcham, epchil bo‘laman,

Nimjon emas, bo‘laman chaqqon,

Chumolijon, ey, chumolijon!

Aslida sen jonzot qiroli –

Tinmaysan hech dehqon misoli.

Do‘stlashaylik, kel, ey chumoli,

Menga yoqib qolding sen chunon,

Chumolijon, ey, chumolijon!

Qachon ko‘rsam, ahil-u inoq,

Hashar qilib yasharlar har choq.

Odamlarga o‘xshaydi ko‘proq,

Goh kuzatib, goh kutar mehmon –

Chumolijon, ey, chumolijon!

baxtiyor.uz

Sherlar
Xashorotlar haqida she’rlar to‘plami