XALKOPIRIT
XALKOPIRIT (yun. Chalkos mis va pirit) , mis kolchedani — mineral, mis va temir sulfidi. Kimyoviy tarkibi CuFeS2 (34,57% mis, 30,54% temir, 34,9% oltingugurt), aralashma holda Ag, Zn, Au, As, Se, Sn bor. Tetragonal va kub singoniyada kristallanadi. Moʻrt. Yarimoʻtkazgich; antiferromagnetik. Donador, yashirin kristalli, baʼzan buyraksimon agregatlar hosil qiladi. Rangi oltindek sariq, toʻq sariq. Metalldek yaltiroq. Qattikligi 3—4; zichligi 4,1—4,3 g/sm3. Deyarli barcha genetik tipdagi magmatik konlardan choʻkindi konlargacha uchraydi. Intruziv jinslar orasida joylashgan misnikel sulfid konlarida pirrotin, pentlandit, magnetit, kubanit va b. minerallar bilan birga topiladi. Nurash jarayonida X. hisobiga kuprit, malaxit, limonit, xrizokolla va b. minerallar hosil boʻladi. X. misning eng koʻp tarqalgan minerali va mis rudalarining asosiy minerali. Konlari RF (Norilsk), Qozogʻiston (Jezqazgan), Kanada, Ispaniya, Buyuk Britaniya, AQSH, Markaziy Afrikada mavjud. Oʻzbekistonda Olmaliq, Qoʻngʻirot, Qoʻrgʻoshinkon, Qalmoqqir, Qoʻshbuloq, Qoramozor konlarida topilgan.
Ensiklopediya.uz
XALKOPIRIT