Vyetnam Respublikasi to’liq malumot oling

Vyetnam Respublikasi to’liq malumot oling

Maydoni: 331 210 kv.km.
Mundarija скрыть

Aholisi: 91 milyonga yaqin. Aholi soni boʻyicha dunyoda 14-oʻrinda turadi.

Poytaxti: Hanoy shahri.

Tuzumi: bir partiyali unitar sotsialistik respublika.

Davlat boshligʻi: prezident.

Maʼmuriy tuzilishi: 58 ta viloyat va markazga boʻysunuvchi 5 ta shahardan iborat.

Yirik shaharlari: Hoshimin, Hanoy.

Pul birligi: dong.

Jugʻrofiy oʻrni. Janubi-sharqiy Osiyoda, Hindixitoy yarimorolida joylashgan. Gʻarbda Laos va Kamboja, shimolda Xitoy bilan chegaradosh, sharqiy va janubiy chegaralarini Janubi-Xitoy dengizi yuvib turadi.

Mamlakat hududining sakson foizdan ortiqroq qismini past va oʻrtacha balandlikdagi togʻlar egallagan. Eng yuqori choʻqqi Fanshipan togʻida – 3143 metr. Janubi-sharqiy Osiyodagi eng katta va sersuv daryolar Hongha va Mekong shu mamlakatda etaklab, Janubi-Xitoy dengiziga quyiladi.

Vyetnam subekvatorial mussonli iqlim hududida joylashgan. Biroq shimoldan janubga tomon uzoqlashgan sari iqlim sharoitlari oʻzgarib boradi. Qish janubda issiq kechadi, oʻrtacha harorat 26 daraja. Shimolda esa sovuqroq – 15 daraja, hatto Xitoydan sovuq havo oqimlari kirib kelgan paytda harorat 1 darajaga tushib ketishi mumkin. Bir yarim ming metrdan ortiqroq balandlikdagi togʻ hududlarida ayoz kuzatiladi. Yogʻin-sochin ham hududlarga koʻra har xil. Qish janubda quruq, shimolda namchil, yozda esa musson yomgʻirlari butun mamlakat boʻylab yogʻadi. Yoz oxiri – kuz boshlarida Vyetnamning sohilboʻyi yerlariga kuchli quyunshamollar – tayfunlar “bostirib kiradi”. Togʻlarning shamolga betkay yonbagʻirlariga yiliga 2500-3000 mm, shamolga terskay yonbagʻirlariga esa 700-900 mm yogʻin tushadi.

Tarixi. Mamlakat ikkita soʻzdan yuzaga kelgan: “viet” mahalliy xalq – viyetlarni, “nam” esa “janub” degan maʼnoni anglatadi. “Viyetlarning janubdagi yurti” maʼnosiga ega bu atamaning ildizi xitoycha “yuenan” degan soʻzga borib taqaladi. Xitoylar viyetlarni “yue”, janubni esa “nan” deb ataganlar. “Vyetnam” nomi ilk bor XVI asr shoiri Nguyen Bin Khiyemning “Chang Chin hikmatlari” kitobida tilga olingan.

Hongha daryosi vodiysida birinchi davlatlar miloddan oldingi III asrlarda tashkil topgan. Qirol Lak Long Kuanning oʻgʻli Fongtyau qoʻrgʻonini poytaxtga aylantirib, Xong Bang sulolasiga asos solgan. Mamlakatga esa Vanlang nomi berilgan. Viyetlar davlatida hududiy chegralar, mamlakat nomi va hukmdor sulolalar tez-tez oʻzgarib turgan. Birnecha bor Xitoy bosqiniga uchrab, uning tarkibiga kiritilgan. Miloddan oldingi III asrda hozirgi Xitoy janubidan viyetlarning boshqa bir guruhi va auviyet qabilalari Qizildaryo vodiysiga kelib oʻrnashdi va u yerda Aulak quldorlik davlatiga asos soldi. Miloddan oldingi 207 yili Aulak viyetlar davlati – Namviyet bilan qoʻshilib ketdi. Miloddan oldingi II – I asrlarda Namviyetga Xitoyning Xan sulolasi hukmron boʻldi. Bu davlat milodiy VII asrgacha Zyaoti, keyin Annam deb nomlanib keldi. Lakviyetlar xitoy bosqinchilarining xitoylashtirish siyosati va zulmiga qarshi uzoq vaqt kurashdi va nihoyat 939 yili mustaqillikka erishdi. 968 yili mamlakat Daykoviyet (Buyuk Qadimiy Viyet) nomini oldi. Keyinchalik bu davlat Janubi-Sharqiy Osiyodagi yirik feodal davlatga aylandi. Li sulolasi davrida (1069 – 1225) mamlakat Dayviyet deb atala boshladi. Poytaxt Tang-Longga (hozirgi Hanoy) koʻchirildi.

XVI asrdan boshlab Hindixitoyga Yevropa savdogarlari kela boshladi. Sekin-asta Portugaliya (1535), Gollandiya (1631), Fransiya (1672) savdo-tijorat idoralari paydo boʻldi. Ular savdogarlar va missionerlarga tayanib, yarimorolni mustamlaka qilishga kirishdi.

1804 yili mamlakat Vyetnam nomini oldi.

Fransiya “missionerlarni himoya qilish” bahonasi bilan 1858 yili Vyetnamga qarshi urush ochib, 1884 yili uni oʻz mustamlakasiga aylantirdi. Mamlakat sunʼiy ravishda uch qismga – Koxinxin (Janubiy Vyetnam), Annam (Markaziy Vyetnam) va Tonkinga (Shimoliy Vyetnam) boʻlib tashlandi. Vyetnam Laos va Kamboja bilan birga Fransuz Hindixitoyi tarkibiga kiritildi.

1930-yillarga kelib mamlakatda Hindixitoy kommunistik partiyasi rahbarligida kuchli milliy ozodlik harakatlari boshlanadi. Ikkinchi jahon urushi yillarida Vyetnamni yaponlar egallaydi. Fransuz qoʻshinlari dastlab qurolsizlantiriladi, keyinchalik esa taʼsir kuchidan butkul mahrum etiladi. Urush soʻngiga kelib yaponlar Yaponiyani himoya qilish uchun qoʻshinlarini olib chiqib ketishga majbur boʻladi. Bu yerda esa Nguyen sulolasi vorisi Bao Day boshchiligida Vyetnam qirolligi tashkil etiladi. Biroq bu davlatning nomigina bor edi, xolos, asosiy boshqaruv hali-hamon yaponlarning qoʻlida edi.

Hukumatdagi boʻshliq holatidan unumli foydalangan kommunistlar 1941 yili “Viyetmin” milliy-ozodlik tashkilotini tuzdi. 1945 yil 13 avgustda Tanchaoda oʻtgan II partiya anjumanida ozodlik harakati haqidagi qaror qabul qilindi va Ho Shi Min boshchiligida Vaqtinchalik hukumat tasdiqlandi. Avgust inqilobi natijasida mustamlaka boshqaruvining qolgan-qutgan koʻrinishlariga butunlay barham berildi. 30 avgust kuni qirol Bao Day taxtdan voz kechdi va 2 sentyabr kuni Ho Shi Min Mustaqillik deklaratsiyasini va yangi Vyetnam Demokratik Respublikasini eʼlon qildi.

1945 yil dekabrdan boshlab Vyetnamga fransuz mustamlakachilari bostirib kirdi. Ular oldin Vyetnam janubida harbiy harakatlarni avj oldirdi, soʻng butun mamlakat boʻylab bosqinchilik urushini olib bordi. Fransuz qoʻshinlarining qator magʻlubiyatlari (ayniqsa 1954 yili Diyenbiyenfu atrofida) hamda jahondagi tinchliksevar kuchlarning talabi natijasida Fransiya hukumati urushni toʻxtatishga va 1954 yil Jeneva bitimini tuzishga majbur boʻldi. Biroq Janubiy Vyetnam maʼmurlari 1955 yil oktyabrda Janubiy Vyetnamni mustaqil respublika deb eʼlon qildi. Mamlakat AQSH harbiy bazasiga aylandi. Janubiy Vyetnam vatanparvarlarining yakkahokimlik tuzumiga qarshi kurashi xalq kurashi tusini oldi. 1964 – 65 yillarda Janubiy Vyetnam vatanparvarlariga qarshi urush olib borayotgan AQSH Vyetnam Demokratik Respublikasiga ham hujum qildi. 1964 yil avgusti boshlarida bir necha harbiy qoʻrgʻon va aholi yashash joylari, 1965 yil 7 fevraldan janubiy viloyatlar, keyinchalik butun mamlakat “bomba yomgʻiri” ostida qoldi. 1969 yili Janubiy Vyetnam Respublikasi Inqilobiy muvaqqat hukumati tuzildi. 1973 yil yanvarida Parijda urushni toʻxtatish va Vyetnamda tinchlik oʻrnatish toʻgʻrisida bitim imzolandi. 1976 yil iyulda Shimoliy va Janubiy Vyetnamni birlashtirish tugallandi, Vyetnam Sotsialistik Respublikasi tuzildi.

Vyetnam 1977 yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston bilan elchilik munosabatlarini 1992 yil 17 yanvarda oʻrnatgan. Milliy bayrami – 2 sentyabr – Mustaqillik eʼlon qilingan kun (1945).

Iqtisodi. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2010 yili 276,6 milyard dollarni tashkil etgan.

Ishchi kuchining 52 foizi qishloq xoʻjaligida band. Bu tarmoq yalpi ichki mahsulotning 21 fozini taʼminlaydi. Asosan guruch, qahva, kauchukli ekinlar, paxta, choy, qalampir, soya, banan yetishtiriladi. Choy paykallarining umumiy maydoni 131 ming gektar atrofida. Tarmoq yiliga 150 milyon dollarga yaqin daromad keltiradi, uning 70 foizi eksort hisobidan. Parrandachilik; baliq va boshqa dengiz neʼmatlaridan foydalanish rivojlangan. Qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlash, kiyim va poyabzal tikish, neft qazib olish, kemasozlik kabi sohalarga ixtisoslashgan sanoat tarmogʻida ishchi kuchining 15 foizi mehnat qiladi. Bu soha hissasiga yalpi ichki mahsulotning 40 foizi toʻgʻri keladi. Xizmatlar sohasi bilan esa ishchi kuchining 33 foizi mashgʻul. Bu tarmoq yalpi ichki mahsulotning 39 foizini taʼminlaydi.

Xalqaro qahva tashkiloti maʼlumotiga koʻra, 2012 yilning birinchi yarmida Vyetnam qahva yetishtirish boʻyicha Braziliyani 13 foizga ortda qoldirdi va tarixda ilk bor eng yirik eksportchiga aylandi.

Vyetnam asosan neft xomashyosi, dengiz mahsulotlari, guruch, qahva, kauchuk, choy, ustkiyim va oyoqkiyim sotadi. Asosiy xaridorlari – AQSH, Yaponiya, Xitoy, Avstraliya va Germaniya. Chetdan esa sanoat mahsuslotlari, neft mahsulotlari, oʻgʻit, gʻalla, paxta, semon va motosikllar sotib oladi. Asosiy taʼminotchilari – Xitoy, Singapur, Yaponiya, Tayvan, Janubiy Koreya, Tayland va AQSH.

Vyetnam iqtisodiyoti taraqqiyotiga AQSH qoʻygan embargo va Sobiq Ittifoqning qattiqqoʻl vasiylik siyosati koʻp yillar toʻsqinlik qilib keldi. Amerika chet el mollari savdosiga qarshilik koʻrsatgan boʻlsa, sovetlar mamlakatga xorij sarmoyalari kirib kelishiga rozilik bermadi.1988 yili hukumat chet el sarmoyalari haqidagi qonunni qabul qildi. Unda xorij korxonalari faoliyatini kafolatlash va ularning mulklari oʻzlashtirilmasligi belgilab qoʻyildi. Vyetnamga birinchi boʻlib Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, jumladan, Janubiy Koreya va Avstraliya kompaniyalari kirib keldi. Soʻngra bunday sarmoyadorlar safi kengayib bordi. 1997 yili esa parlament barcha viloyat va tumanlarga tashqi savdoni erkin yuritish imkonini berdi.

Mamlakat 2007 yili Butundunyo savdo tashkilotiga qoʻshildi.

Aholisi. Vyetnam aholisining 85,7 foizi viyetlardan iborat. Shuningdek taylar (1,9 foiz), txaylar (1,8 foiz), mionglar (1,5 foiz), kxmerlar, myaolar (1,2 foiz), nunglar (1,1 foiz) va boshqa xalqlar vakillari ham yashaydi.

Rasmiy til – viyet tili. Aholining maʼlum bir qismi ingliz, fransuz va xitoy tillarida soʻzlasha oladi.

Dini. Vyetnamda asosan mahalliy tushunchalarga eʼtiqod qilinadi. Ajdodlar ruhiga sigʻinish va ulardan madad soʻrashga asoslangan bu ibodat yoʻnalishi biror-bir taʼlimotga, boshqaruv tizimiga, ibodatxonalarga va diniy konfessiya maqomiga ega emas. 1999 yilgi aholini roʻyxatga olish jarayonlarida eʼtiqodini aniq aytib berolmagan kishilarning barchasi “dahriylar” jumlasiga kiritilgan. Yana bir eʼtiborli jihat, ajdodlar ruhiga sigʻinish marosimlari budda ibodatxonalarida oʻtkaziladi. Shu sababli vyetnamliklarning sakson foizdan ortigʻi buddistlar degan yanglish tushuncha paydo boʻlgan.

Vyetnam musulmonlarining koʻpchilik qismi tyam millatiga mansub. Islom dini bu mamlakatga arab savdogarlari sababli kirib kelgan. Malakka sultonligi oʻz yerlarini kengaytirib, 1471 yili Tyampa davlatini tor-mor etgach, mamlakat aholisi orasida musulmonlar soni bir qadar koʻpaydi. Biroq Islom tyam elati orasida asosan XVII asr oʻrtalarida yoyildi. XIX asr oʻrtalarida koʻplab musulmon tyamlar Kombojadan Mekong vodiysiga koʻchib oʻtdi. Natijada Vyetnam musulmonlari soni sezilarli darajada oʻsdi.

Mamlakatdagi eng katta masjid 2006 yili Dongnay viloyatining Suanlok tumanida ishga tushdi. U asosan Saudiya Arabistonidan yuborilgan xayriya mablagʻlari evaziga qurildi.

2005 yilgi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlariga koʻra, Vyetnamda 66 mingdan ortiq musulmon bor. Ularning 77 foizdan ortiqrogʻi mamlakatning janubi-gʻarbiy qismida, 34 foizi  Nintxuan, 24 foizi  Bintxuan, 9 foizi Hoshimin viloyatlarida, qolgan 22 foizi esa Mekong vodiysida yashaydi.

Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.

oriftolib.uz
“Islom nuri” gazetasining 2014 yil 7-sonida chop etilgan.

Davlatlar
Vyetnam Respublikasi