“Vrach yo‘qligi sindromi” nima? haqida malumot
Nevroz, depressiya va isteriya bilan kasallangan bemorlarni uzoq yillar mobaynida kuzatish va davolash natijasida shu narsaga amin bo‘ldimki, tibbiyotga, xususan neyropsixologiyaga “Vrach yo‘qligi sindromi” degan atamani kiritish kerak. Ishonchim komilki har bir nevropatolog bu sindromni bir marta bo‘lsa-da, o‘z amaliyotida kuzatgan. Masalan, Siz nevroz bilan kasallangan bemorni muvaffaqiyatli davoladingiz. U yaxshi bo‘lib ketdi. Xatto uni bir oy nazoratga ham oldingiz. U yoningizga har haftada kelib turdi. Siz uni ko‘rib turdingiz.
U Sizning ko‘rigingizdan, suhbatlaringizdan ko‘ngli to‘lib yaxshi bo‘lib yurdi. Undagi kasallik alomatlari butunlay yo‘qoldi. Siz hursand bo‘lib bemorni uyiga jo‘natdingiz. Har ehtimolga qarshi telefoningizni ham berdingiz. Biroq ishonchingiz komilki, endi u Sizga o‘z kasalligi haqida so‘zlab telefon qilmaydi. Bayramlar bilan tabriklab telefon qilishi mumkin xolos. Chunki u tuzaldi. Biroq… Ming afsuski bemor uyiga ketganidan so‘ng bir hafta o‘tar-o‘tmas (ba’zida bir oy o‘tgach) u Sizga telefon qila boshlaydi. “Doktor mening boshim yana og‘riyapdi, yana uyqum buzilgan, kayfiyatim esa avvalgidek tushib ketgan, tanam qaqshab og‘riyapdi” deb shikoyat qiladi. Agar ayol kishi bo‘lsa, yig‘lab yuboradi. Siz “Bemor shamollab qolibdi yoki oilada urush-janjal bo‘libdi shekilli” deb uni qabulingizga chaqirasiz. U qabulingizga kelgach ma’lum bo‘ladiki, oilada hech qanaqa majoro bo‘lmagan, bemor shamollamagan ham! Siz uni obdon tekshirasiz, xatto bosh miyasini apparatlarda tekshirib ko‘rasiz va hech qanday kasallik alomatlarini topmaysiz. Bu haqda bemorga ham aytasiz. U hursand bo‘lib uyiga qaytadi. E’tibor qiling-a, kechagina ahvolidan aziyat chekib turgan bemor Sizni ko‘rgach va tekshiruvlardan o‘tgach 1-2 soat ichida yaxshi bo‘ldi-qoldi.
Nega shunday bo‘ldi?
Nega bemor uyiga ketgach kasal bo‘lib qoldi. Bu holatni bemalol “Vrach yo‘qligi” sindromi deb atash mumkin. Go‘yoki bemorning yonida vrach yo‘qligi sababli, uning yoniga kasallik alomatlari tashrif buyurdi. Bemor vrachning yoniga keluvdi, bu alomatlar yana yo‘q bo‘lib ketdi. Bu fenomenni ko‘pchilik nevropatologlar o‘z amaliyotida kuzatgan. Isterik bemorlarda bu holat ko‘p takrorlanadi. Shuning uchun ham bunday bemorlar vrachma-vrach sarson bo‘lib yurishadi. Men 1 yil ichida 10 ta nufuzli klinikada davolangan, tuzalgan va har gal uyiga qaytgach yana kasal bo‘lavergan bitta ayolni bilaman. Axiyri uni neyropsixologga boring deb menga yuborishgan. Men ham 3 marta “uni samarasiz” davolaganman. To‘g‘risini aytganda, shu ayolni tekshiraverib va davolayverib “Vrach yo‘qligi sindromi” atamasini o‘ylab topdim. Bir kuni u “Doktor menga hech kim tashxis qo‘ya olmadi. Siz ham buni eplay olmadingiz. Agar tashxisni to‘g‘ri qo‘yganlaringizda men tuzalib ketardim” dedi. Ketayotganida “Yangi davolash usullarini o‘ylab toping, keyin men Sizning oldingizga balkim kelarman” dedi. Albatta uning bu so‘zlari menga alam qildi. Chunki bemorda nevroz va psixosomatik buzilishlardan boshqa hech qanday kasallik yo‘q edi. Buni unga tushuntirib ham bo‘lmasdi.
Psixologiyada hech qanday gapga yurmaydigan va hech kimga ishonmadyigan odamlarni “psixologik rigid odam” deb atashadi. Bundaylarni hech qanday usul bilan davolab bo‘lmaydi. Uning ismi Tamara edi va, asosan, rus tilida so‘zlashardi. Tamara opa men Sizga yangi davolash usulini emas, balki Siz uchun yangi diagnoz o‘ylab topdim. U rusiyzabon bo‘lganligi uchun tashxisni rus tilida aytdim, ya’ni Sizda “Sindrom otsutstvuyushego vracha” dedim. Hoxlasangiz bu sindromni Sizning nomingiz bilan “Tamara opa sindromi” deb atayman. Mashxur vrach Parkinsonga o‘xshab tarixda qolib ketasiz, dedim. U kulib yubordi. Men unga nega shu fikrga kelganimni tushuntirib berdim. Har doim uyiga ketganidan so‘ng kasallik alomatlari paydo bo‘lib boshlashini, vrachlar yoniga kelganidan so‘ng esa bu belgilar o‘tib ketayotganligini misollar bilan tushuntirib berdim. Suhbatimiz oxirida “Endi Siz vrachlarning oldiga emas, balki vrachlar Sizning uyingizga tashrif buyurishlari kerak” dedim xazillashib.
Hali 1 oydan keyin yana dod-voy solib kelasiz. Sizda “Vrach yo‘qligi sindromi” dedim. Oradan 1 oy o‘tgach bemor telefon qilib jiddiy ohangda: “Doktor men uyga kelganimdan buyon Sizning gaplaringiz haqida ko‘p o‘yladim. Siz juda to‘g‘ri xulosaga kelgansiz. Menda haqiqatan ham “Vrach yo‘qligi sindromi”. Kasalim qandayligini endi tushundim. Sizga katta rahmat! Sizni ko‘p qiynaganim uchun uzr, dedi. Men ham “Agar Siz qiynamaganingizda yangi sindromni o‘ylab topmasdim” dedim. Tibbiyot ilmi nomidan Sizga ham rahmat dedim, hazillashib. U haqiqatan ham bitta o‘sha suhbatdan keyin tuzalib ketgan edi. Bemor bilan keyingi uchrashuvlarimizda ham men unda hech qanaqa nevrotik alomatlarni ko‘rmadim. U xatto ruhan tetiklashib dunyoqarashi ham o‘zgarib ketdi. Unda kasalliklarga nisbatan juda kuchli psixologik immunitet shakllandi.
© Prof. Ibodullayev Z.
«Asab va ruhiyat» kitobi.
Kasalliklar
“Vrach yo‘qligi sindromi” nima?