Voyajer-1, Geliosferani tark etib…

Voyajer-1, Geliosferani tark etib…

Voyajer-1

voyajer 1 geliosferani tark etib 660f00056a473

Amaldagi maqsadi Quyosh tizimi va uning tevarak chegaralarini o‘rganishga mo‘ljallangan avtomatik fazoviy zond. AQSH tomonidan 1977 yilning 5-sentyabrida, Kanaveral kosmodromidan «Titan IIIE« raketa eltuvchisi yordamida orbitaga chiqarilgan. Start vaqtidagi vazni 723 kg. Ta’minot manbai sifatida plutoniy-238 asosida ishlovchi, 3 ta radioizotopli termoelektr generatori qo‘llanilgan. Dastlabki vaqtda, «Voyajer-1″ning asosiy vazifasi, gigant sayyoralar — Yupiter va Saturnni tadqiq qilish sifatida belgilangan bo‘lib, ishchi rejim muddati 5 yil baholangan edi. «Voyajer-1» dastlabki manzil — Yupiter tevaragiga 1979 yilning 1 yanvar kuni yetib bordi va ushbu gigant sayyora yuzasini, uning tabiiy yo‘ldoshlarini fotosuratini yerga yubordi. Ko‘zlangan ikkinchi manzil — Saturnga esa apparat 1980-yilning 13 noyabr kuni yetib bordi. «Voyajer-1» Yupiter va Saturnning mufassal fotokadrlarini olgan eng birinchi kosmik apparatdir. Shuningdek «Voyajer-1» yordamida, ushbu gigant sayyoralarning ilgari fanga ma’lum bo‘lmagan bir necha tabiiy yo‘ldoshlari aniqlandi. «Voyajer-1» belgilangan vazifalarni to‘liq bajarib bo‘lgach, o‘zining ish qobiliyatini 100% saqlab qoldi va un iQuyosh tizimining chetki qismlarini o‘rganish maqsadida, geliosfera chegarasiga yo‘naltirilidi. 1998-yilning 17-fevral kuni «Voyajer-1», o‘sha vaqtgacha, Quyoshdan eng uzoq masofaga yetib borgan fazoviy apparat — «Pioner-10» kosmik zondini quvib o‘tdi va inson tomonidan yaratilgan fazoviy apparatlar ichida Quyoshdan eng olis masofaga uzoqlashgan kosmik apparatga aylandi. «Voyajer-1″ning keyingi maqsadi, Koyper belbog‘i hududini tadqiq qilish va geliopauza chegarasiga yetib borish va u haqidagi axborotlarni yerga uzatish sifatida belgilandi. «Voyajer-1» bu vazifani ham uddalab, keyin geliosferani tark etib, yulduzlararo fazoga chiqib ketsa, u yulduzlararo fazo muhiti haqida ma’lumot uzatgan dastlabki apparatga aylanishi ko‘zda tutilgan edi.

Hozirgi vaqtda, «Voyajer-1» giperbola treaektoriyasi bo‘yicha uchmoqda va endilikda hech qachon Quyosh tizimiga qaytmaydi. 2010-yil iyun oyidan boshlab, «Voyajer-1″ga Quyosh shamolining ta’siri muntazam susayib borayotganligi, demakki, u Quyosh tizimining eng chetki hududlariga yaqinlashayotganligi qayd etilmoqda. 2010-yilning 13-dekabridan e’tiboran, «Voyajer-1″ga Quyosh shamolining ta’siri nolga tenglashgani e’tirof etilgan. Bu vaqtda u startdan boshlab, 116,38 a.b. masofani, ya’ni, 17,41 milliard km yo‘lni bosib o‘tgan edi. 2011-yilning dekabrida, Quyoshdan 119 a.b. masofada, «Voyajer-1» stagnatsiya hududi deb nomlanuvchi fazoga yetib bordi. Bu hudud, yulduzlararo fazodan apparatni ajratib turgan so‘nggi hudud bo‘lib, bu joyda «Voyajer-1» yulduzlararo fazodan kelayotgan yuqori energetik quvvatli zaryadlangan zarrachalar oqimi va bosimining keskin ortishiga duch keldi. Bu hududda magnit induksiyasining qiymati, Quyosh tizimining «Voyajer-1» ortda qoldirgan hududlaridagiga nisbatan, deyarli ikki barobar o‘sdi va magnit maydonining ancha yuqori darajada kuchlanganligi qayd etildi. 2012-yilning 14-iyun kuni, «Voyajer-1» datchiklarida, galaktik va kosmik nurlanishlarning keskin ortganligini, ayni vaqtda esa, Quyoshdan keluvchi zaryadlangan zarrachalar oqimi va miqdorining keskin susayishi qayd etildi. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, olimlar, «Voyajer-1″ning geliosfera va yulduzlararo fazo chegarasiga juda yaqinlashganligi va yaqin oradi, u geliosferani butunlay tark etib, yulduzlararo fazoga chiqib ketishi haqidagi xulosalar kelishdi. 2012-yilning 25-avgust kuni, Quyoshdan 121.7 a.b. masofada, «Voyajer-1» nihoyat gelosferani tark etdi va yulduzlararo fazoga chiqib ketdi. Bu haqida, Nyu-Meksiko universiteti professori Bill Vebber rasmiy bayonot berdi. Biroq, bu haqda NASA raddiya berib, «Voyajer-1» hali geliosferani tark etmaganligi, bu haqdagi yakuniy xulosa, geliosfera va yulduzlararo fazo chegarasida magnit maydoni qutblarining ishorasi o‘zgarishi qayd etilganida berilishini ta’kidlagan. Shunga qaramay, 2013-yilning 12-sentyabr kuni NASA, «Voyajer-1″ning haqiqatan ham, geliosfera chegarasini tark etib, yulduzlarao fazoga chiqqanligini tasdiqladi[1].

 

�Voyajer-1� tomonidan, 40 a.b. masofadan turib olingan Yer sayyorasi fotosurati. 1990 yil.

«Voyajer-1» tomonidan, 40 a.b. masofadan turib olingan Yer sayyorasi fotosurati. 1990 yil.

Hozirda (2018-yil, 5-sentyabr holatiga) «Voyajer-1» Quyoshdan taxminan 142.31 a.b. (21,2 milliard km) masofada, 17 km/soniya tezlik bilan harakatlanmoqda va uning ishchi qobiliyati to‘liq saqlanib kelmoqda. Uning bortidagi radioizotopli termoelektr generatorlarining quvvati va ishchi qobiliyati, apparatni yana taxminan 2025-yilgacha hech bo‘lmasa minimal darajada ta’minlay olishi ko‘zda tutilmoqda.

 



«Voyajer-1»ga oid qiziqarli faktlar
:

  • «Voyajer-1», shu davrgacha inson tomonidan yaratilgan, eng tez harakatlanuvchi mexanizmdir, u hozirda, kamida 17 km/soniya tezlik bilan uchmoqda;
  • «Voyajer-1» inson tomonidan yaratilgan mexanizmlar ichida eng uzoq masofaga yetib brogan mashina hisoblanadi;
  • Taxminan 40000 yildan keyin, «Voyajer-1» Quyoshdan 1 yorug‘lik yili masofasiga uzoqlashadi;
  • «Voyajer-1» apparati bortida, Yerdan tashqarida bo‘lishi mumkin bo‘lgan ongli mavjudotlar, o‘zga sayyoraliklarga yo‘llangan murojaatnoma — oltin disk mavjud bo‘lib, unga «Voyajer-1» ni loyihalash vaqtida amalda bo‘lgan AQSH prezidenti Jimmi Karterining o‘zga sayyoraliklarga yo‘llagan murojaat-nutqi, Yerning Quyosh tizimidagi joylashuvi koordinatalari, Yerga oid surat va tovushlar, va ho kazo axborotlar yozilgan;
  • Yer va apparat orasidagi masofa sababidan, hozirda «Voyajer-1″dan uzatilgan axborot signallari Yerga 17 soatdan ko‘proq vaqtdan keyin yetib kelmoqda.
  • Taxminan 285000 yildan keyin, «Voyajer-1» yerdan taxminan 8.6 yorug‘lik yili masofasiga, xususan, eng yaqin yulduz — Siriusyulduzigacha yetib borishi mumkin;
  • «Voyajer-1″ning amaldagi tezligini inobatga olsak, m=m0u2/c2 formulaga ko‘ra, hozirda uning massasi, start vaqtidagidan 1,168 milligrammga ko‘proq bo‘lishi kerak;
  • Ma’lum vaqtlarda, Yer va «Voyajer-1» orasidagi masofa qisqarib va uzoqlashib turadi, chunki, Yerning Quyosh atrofidagi orbitasi bo‘ylab aylanish tezligi, «Voyajer-1″ning Quyoshdan uzoqlashish tezligidan kattaroqdir.
  • 2017-yil 5-sentyabrda, «Voyajer-1» sartga chiqqanidan buyon, roppa-rosa 40 Yer yili to‘ldi.

 


[1]Ron Cowen. Voyager 1 has reached interstellar space. News & Comment. «Nature» jurnali, 12-Sentybr 2013-yil)


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Astronomiya
Geliosferani tark etib…, Voyajer-1

Manba:orbita.uz