VOTUM haqida malumot bilib oling.
VOTUM (lot. votum — xohish, iroda) — saylov yoki vakolatli muassasada saylovchilar koʻpchiligi tomonidan ifodalangan yoxud qabul qilingan fikr yoxud qaror. V. ning bir necha turlari mavjud: Ishonch Votumi — parlament boshqaruv tizimi amalda boʻlgan davlatlar parlament amaliyotida qoida tariqasida hukumat yoki ayrim vazirning siyosiy yoʻli, muayyan tadbiri yoki qonun loyihasining quyi palata tomonidan maʼqullanishi. Ishonch Votumi toʻgʻrisidagi masalani qoʻyish tashabbusi bilan hukumatning oʻzi, parlament fraksiyalari yoki deputatlar guruxlari chiqishi mumkin. Ishonchsizlik Votumi — parlament boshqaruv tizimi amadda boʻlgan davlatlar parlament amaliyotida qoida tariqasida hukumat yoki ayrim vazirning siyosiy yoʻli, muayyan tadbiri yoki qonun loyihasining quyi palata tomonidan nomaʼqul deb topilishi. Mazkur Votum toʻgʻrisidagi masala hukumatning oʻzi, parlament fraksiyalari yoki deputatlar guruhlarining tashabbusi bilan qoʻyiladi. Hukumatga ishonchsizlik Votumi bildirilishi amalda hukumatning isteʼfoga chiqishiga va yangi hukumat tuzilishiga (yaʼii siyosiy tanglikka) yoxud parlament (quyi palata) tarqatib yuborilishiga hamda muddatidan avval parlament saylovlari oʻtkazilishiga sabab boʻladi. Maj-buriy Votum — ayrim mamlakatlarda muomalaga layoqatli barcha fuqarolarning davlat hokimiyati organlariga saylovlarda, albatta, qatnashishini talab etuvchi yuridik majburiyat. Plyural Votum — ayrim mamlakatlarda saylovchilarning muayyan toifalari saylovlarda 2 yoki undan ortiq ovozga ega boʻlishini taqozo etadigan tartib. Saylov Votumi — parlament, prezident, munitsipalitetga saylovlar boʻyicha yakuniy natijalar.
Ensiklopediya.uz
VOTUM