Vitaminlar haqida batafsil ma’lumot haqida malumot

Vitaminlar haqida batafsil ma’lumot haqida malumot

Inson kundalik hayotida turli xil narsalarni iste’mol qilishi mumkin. Uning tarkibida esa turli xil moddalar va vitaminlar mavjud. Inson organizmi uchun A, B, B1, B2, B6, B12, C, D, PP, K vitaminlari nihoyatda zarurdir. Ularning ta’siri inson organizmi faoliyatida juda muhim rol o‘ynaydi. Agar mazkur vitaminlardan birortasi yetishmasa, inson organizmida turli xastaliklarning kelib chiqishiga sharoit tug‘iladi.

Vitamin B1 yoki tiamin

vitamin b1

Foto: Knigazdorovya.com

(Tiamin), 1912 yilda K.Funk tomonidan o‘rganilgan, uning nomi tiamin grekcha “tion-oltingugurt” atamasidan olingan. Tiamin— ko‘pgina oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga kiradi. U asosan donning murtagi va qobig‘i (kepagi)da bo‘ladi. Tiamin organizmda uglevodlar almashinuvida muhim ahamiyatga ega; ovqat uglevodlarga serob bo‘lsa, ularni o‘zlashtirish uchun tiamin ko‘proq talab qilinadi. Tiamin bo‘lmasa, polinevrit kasalligi ro‘y beradi. Organizmda bu vitamin bo‘lmasa yoki yetishmasa, nerv sistemasining og‘ir kasalligi — beri-beri paydo bo‘ladi, shuningdek ichak peristaltikasi susayadi, qabziyat, muskullar bo‘shashishi, jismoniy va ruhiy ish qobiliyatining pasayishi kuzatiladi.

Vitamin B1 vazifasi

Vitamin B1 (tiamin) organizmning oqsil va uglevodorod almashinuvini muvozanatga keltiradi. Bu vitamin uglevodlar almashinuvini mo‘tadillashtiradi, asab tizimi, hujayralar va oshqozon-ichak trakti faoliyati uchun zarur. Ular odam va hayvon organizmlarida tiaminpirofosfatga aylanib, pirouzum kislotasini dekarboksillanish reaksiyasining maxsus biokatalizatori vazifasini bajaradi, kuchli zaharli modda-pirouzum kislotasini yo‘qotib, asab tizimining qo‘zg‘alishini me’yorlashtiradi.

Tiamin gipo- va avitaminozi

Uning yetishmovchiligi eng avvalo nerv tizimi faoliyatining o‘zgarishiga olib keladi, xotiraning susayishi, undan tashqari oshqozon-ichak va qon tomirlar tizimining yaxshi faoliyat ko‘rsatmasligiga olib keladi. Avitaminoz B1 da beri-beri kasalligi (polinevrit, periferik nerv tolalarining yallig‘lanishi) tufayli falajlik kasalligi kuzatiladi. Shu bilan birga, suvning almashinuvini buzilishi, yurak-qon tomirlari tizimi funksiyalarining buzilishi kuzatiladi. Vitamin B1 yiringli infeksiyalarga qarshi immunitetni ishlab chiqaradi, u ayniqsa: husnbuzarlar, teri qichishishi davolashda zarurdir. Aqliy va jismoniy faoliyat bilan ko‘p shug‘ullanuvchilar bu vitaminni shifokor maslahatiga asoslanib, ko‘proq iste’mol qilishi kerak. Soch ko‘p to‘kilishi va oqarishi shu vitamin yetishmasligidan dalolat beradi.

B1 vitaminining tabiiy manbalari

Bu suvda eruvchi vitamin hisoblanib, shu sababli bunday mahsulotlar qaynatib pishirilganda uning suvi ham ana shu vitaminga boy bo‘ladi. Ushbu vitamin soda ta’siri ostida nobud bo‘ladi. Ushbu vitamindagi bir sutkalik talab 1-2 mg.ni tashkil etadi.

Ushbu vitamin qaysi mahsulotlarda mavjuddir: bular — dag‘al maydalangan undan tayyorlangan nonlar, yormalar (grechka, suli, sok), no‘xat, soya, pivo drojjilari, jigar, mol go‘shtidir. Uning tabiiy manba’lari achitqi, ayniqsa pivo achitqisi, non achitqisi(xamirturush), don, yorma, non(ayniqsa, qora non), sabzavotlardir.

Vitamin B2 yoki riboflavin

vitamin b2

Foto: Thehealthsite.com

Vitamin B2 vazifasi

Vitamin B2 (riboflavin) — hujayralar almashinuvi jarayonini va terining yuza qatlamidagi jarayonda muvozanatga keltiruvchi vazifani bajaradi, undan tashqari nafas olish jarayonida ham ishtirok etadi. Riboflavin— o‘sish jarayonida qatnashadi va o‘stiruvchi omillarga kiradi. Oqsil, yog‘ va uglevodlar almashinuvida ishtirok etadi. Markaziy nerv sistemasi holatini rostlaydi, ko‘z gavharidagi moddalar almashinuviga ta’sir etadi, yorug‘likni sezish va rang ajratishga yordam beradi.

B2 vitamini yetishmasa…

Bu vitamin yetishmasa, yuzingizda husnbuzar paydo bo‘ladi. Riboflavin organizmga oziq-ovqat bilan kiradi, ovqatda riboflavin yetishmasa og‘iz burchagi, lab yoriladi, soch to‘kiladi, kon’yunktivit va blefarit kuzatiladi, shilliq qatlamlarning yallig‘lanishiga, sochlarning to‘kilishiga, bosh aylanishiga olib kelishi mumkin. Ushbu vitaminning uzoq vaqt davomida etishmovchiligida teri silliqlikni yo‘qotib, qari teri ko‘rinishini egallay boshlaydi. Avitaminoz B2 da o‘sishningto‘xtashi, sochning tushishi, shilliq qobiqlar (ayniqsa, og‘iz burchaklari)ni zararlanishi, ishchanlik qobiliyatini pasayishi, gemoglobin sintezining buzilishi holatlari kuzatiladi.

Riboflavin manbalari

Uning muhim oziq-ovqatlardagi manbalari bu — sut va sut mahsulotlari, baliq, tuxum, jigar, yormalar (grechka va suli yormalari) va nondir. B2 vitaminining bir sutkadagi talabi — 2-5 mg.ni tashkil qiladi.

Vitamin B6 yoki piridoksin

Vitamin B6

Foto: Healthyheartdigest.com

Vitamin B6 (piridoksin) organizmda muhim vazifalarni bajaradi. Asab tizimi va oqsillar almashinuvi uchun zarur. U oqsil va yog‘ning normal hazm bo‘lishini ta’minlab, azot almashinuvida muhim rol o‘ynaydi. Ushbu vitamin soch to‘kilganda, terining yallig‘lanishida qabul qilinadi.

Vitamin B6 manbalari

Vitamin B6 tarkibiga ega asosiy mahsulotlar — jigar, fasol, yormalar (grechka, so‘k), bug‘doy uni, drojji. B6 vitaminida bo‘lgan sutkalik ehtiyoj — 1-2 mg.ni tashkil qiladi.

Piridoksin (B6 vitamin)— ko‘pgina o‘simlik va hayvon mahsulotlari: achitqi, bug‘doy murtagi, jigar, baliq, mol go‘shti va dukkakli donda bo‘ladi. Bu vitamin jigar, sut, kartoshka, sabzi, tuxum, sariyog‘, guruch, bug‘doy va karamda ko‘p bo‘ladi.

B6 vitamini yetishmasa…

Organizmda piridoksin yetishmasa bolalar o‘smay qoladi, me’da-ichak ishi buziladi, kamqonlik ro‘y beradi. Homiladorlarda stomatit, terining yallig‘lanishi, qo‘zg‘aluvchanlik, uyqusizlik kuzatiladi. Kishi organizmi uchun zarur miqdordagi piridoksin ichak bakteriyalari ta’sirida hosil bo‘ladi.

Vitamin B12 yoki sianokobalamin

Vitamin B12

Foto: Shop-argo.ru

Vitamin B12 (Sianokobalamin) — yuqori biologik faol modda. Metionin, nuklein kislotalar sintezida va qon yaratilishi jarayonida qatnashadi.

Siankobalamin jonivorlar tabiatiga ega mahsulotlarda bo‘ladi. Bular: jigar, go‘sht, baliqning ayrim turlari, pishloq va h. B12 vitamini ichak florasida ham ishlab chiqariladi. B12 vitaminida bo‘lgan sutkalik ehtiyoj — 15-20 mkg.ni tashkil qiladi.

Organizmga ovqat bilan kiradi, u organizmda yetishmasa, kamqonlik paydo bo‘ladi. Siankobalamin mol jigarida ayniqsa ko‘p.

Vitamin B9 yoki foliy kislotasi

Vitamin B9 — qarish jarayonini sekinlashtiradi.

Foliy kislotasining tabiiy manbalari

Foliy kislotasi — dag‘al maydalangan un va ushbu undan tayyorlangan non mahsulotlarida, yormalarda (grechka, suli, so‘k), faso, gulkaram, qo‘ziqorin, jigar, tvorog, pishloq va ikrada mavjuddir. Mahsulotlarning pishirilishi natijasida 80-90% gacha mahsulotdagi vitamin yo‘qolishini bilishingiz muhimdir.

Folat kislota ba’zi aminokislotalar almashinuvida va sintezida, shuningdek nuklein kislotalar sintezida qatnashadi, ko‘mikning qon yaratish funksiyasini kuchaytiradi, B12 vitaminini yaxshi o‘zlashtirilishiga yordam beradi. Folat kislota o‘simlik va hayvon mahsulotlarida, ayniqsa, jigar, buyrak va yashil barglarda ko‘p. Ichak mikroorganizmlari folat kislotani ko‘p miqdorda sintezlaydi.

Foliy kislotasi va homiladorlik

Hozir bo‘lmasa ham, yaqin yillarda homiladorlikni rejalashtirayotgan ayolga ham foliya kislotasi talab etiladi. Chunki homilaning foliya kislotasiga bo‘lgan ehtiyoji homiladorlikning ilk kunlaridan, ayol hatto homiladorlik haqida bilmagan davridan boshlanadi. Bu muhim davrni o‘tkazib yubormaslik uchun homilador bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lgan barcha ayollar kuniga foliya kislotasini shifokor bilan maslahatlashgan holatda qabul qilishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Foliy kislotasida insonning kunlik talabi chaqaloqlarga 25-35 mkg bolalarga 50-100 mkg kattalarga 200 mkg homiladorlarga 400mkg.ni tashkil qiladi.

Vitamin P yoki rutin

vitamin p

Vitamin P (Rutin, Kversetin, Gesperidin) — ushbu vitamin flavonoidov guruhiga mansubdir. O‘simliklarda u asosan C vitamini bilan odatda qo‘shni bo‘la oladi. P vitamini qon tomirlariga ijobiy ta’sir etadi, C vitaminining ta’sir kuchini oshiradi, qon tomirlarining devorlarini baquvvatlashtiradi. Natijada ularning yallig‘lanishini oldini oladi va qon to‘xtatish xususiyatini oshiradi. Kversetin o‘sma hujayrasini o‘sishini sekinlashtiradi. Ayniqsa ko‘krak bezi raki va qon raklarida qo‘llaniladi. Gesperidin varikoz kengaygan venalarda (varikoz, gemorroyda) qon tomir devorini mustahkamlashda keng qo‘llaniladi.

Ushbu vitamin na’matak, buzina, lipa, qora smorodina, limon po‘stlog‘ida mavjuddir. Sutkalik organizm talabi: Rutin — 30 mg, Kversetin — 15 mg, Gesperidin- 100 mg.

Vitamin PP yoki nikotin kislotasi

V i t a m i n PP (Nikotin kislotasi) 1911 yilda K.Funk tomonidan ajratib olingan va kaptarlarda beri-beri kasalligini davolashda samara bermasligi aniqlangan. Keyinchalik Goldoyerger degan olim tomonidan pellagra kasalligini davolashini aniqlagach, uni vitaminlar qatoriga qo‘shganlar. Pellagra atamasi italyancha pela agra — g‘adir — budir teri ma’nosini bildiradi, unda dermatit, diareya ( ich ketish ), xattoki, demensiya (aqlning zaiflanish) kasalliklari kelib chiqadi.

Vitamin PP vazifasi

Vitamin PP — teridagi suv almashinuviga javob beradi, qon tomirlarini kengaytiradi. Nikotinamid, nikotin kislota (PP vitamin) hujayralarning nafas olishida, oqsillar almashinuvida qatnashadi, organizmda o‘simlik oqsillarining hazm bo‘lishini tezlashtiradi, me’daning sekret va harakat faoliyatini normallashtiradi, me’da osti bezi ishlab chiqaradigan sekret va shira tarkibini yaxshilab, jigar ishini barqarorlashtiradi. Ushbu vitamin husnbuzarlarni, nevrozlarni davolashda qo‘llaniladi.

Nikotin kislota yetishmasa…

Organizmda nikotin kislota yetishmasa pellagra kasalligi ro‘y beBundan tashqari aqliy o‘sishdan qolish, depressiya, ich ketishi, tez charchash, uyqusizlik, qonda qand miqdori kamayi, kam quvvatlik kuzatiladi.

Vitamin PP manbalari

Nikotin kislota uy parrandasi, mol go‘shti, jigari, buyragida, achitqi, guruch kepagi, bug‘doy murtagida ko‘p bo‘ladi. PP vitamini na’matak, zveroboy, shalfey, bug‘doy kepagi, sabzi, qo‘ziqorin, brusnika va chernikalarda ham  mavjuddir.

Sutkalik talabi kattalar uchun 20 mg atrofida, og‘ir mehnat qiluvchilarga 25 mg atrofida, bolalarga 6 oydan 1 yoshgacha — 6 mg; 1 yoshdan 1,5 yoshgacha — 9 mg; 1,5 yoshdan 2 yoshgacha — 10 mg; 3 yoshdan 4 yoshgacha — 12 mg; 5 yoshdan 6 yoshgacha — 13 mg; 7 yoshdan 10 yoshgacha — 15 mg; 11 yoshdan 13 yoshgacha — 19 mg; O‘spirin bolalar 14-17 yoshgacha — 21 mg; O‘spirin qizlar 14-17 yoshgacha — 18 mg.

Vitamin B5 yoki pantoten kislotasi

Pantoten kislotasi (B guruhi vitaminlariga mansubdir) — teri yallig‘lanishini oldini oladi, soch to‘kilishidan himoya qiladi, to‘qimalarga ijobiy ta’sir o‘tkazadi, ichaklarda ovqatning so‘rilish jarayonida ishtirok etadi. Undan asosan yallig‘lanish jarayonida, muzlaganda, boldir jarohatlarida foydalaniladi. Pantotenat kislota (B5 vitamin) — o‘simlik va hayvon to‘qimalarida ko‘p. Nerv sistemasi hamda buyrak usti va qalqonsimon bezlar faoliyatini normallashtiradi.

Pantoten kislotasi sulida, yangi va quritilgan no‘xatda, kartoshka, pomidor va zemlyanikada mavjuddir. Sutkalik dozasi kattalarga — 0,4-0,8 gr, bolalarga — 0,1-0,4 gr.

Vitamin H yoki biotin

Vitamin H (biotin) — terining sog‘lom ko‘rinishi uchun zarur vitaminlardan biridir. Uning yetishmovchiligi terining yallig‘lanishi, seboreyyali dermatit, sochlarning kuchli to‘kilishi, yomon umumiy ahvol bilan namoyon bo‘ladi.

H vitamini mevalarda, o‘simliklarning yangi chiqayotgan barglarida, bug‘doy donlarida, yashil no‘xat, yong‘oq, piyoz, dukkaklik o‘simliklarda va jigarda mavjuddir.

Sutkalik talabi 30-100 mkg.

Vitamin C yoki askorbin kislota

Vitamin C

Foto: www.canceractive.com

Vitamin C vazifasi

Vitamin C — allergik holatlarni kuchini kamaytiradi, qon tomirlarini baquvvatlashtiradi, organizmning qarshilik kuchini oshiradi, birlashtiruvchi to‘qimalarning holatini yaxshilaydi. Askorbin kislota (C vitamin) — moddalar almashinuvida, biriktiruvchi to‘qimalarning o‘zlashtirilishida, bu to‘qimalarning normal holatda tutib turilishi va tiklanishida muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga terining silliqligini ta’minlagan holda, uning tez qarishidan asraydi. Undan tashqari askorbin kislotasi qonning quyulishida ishtirok etadi va ayrim gormonlarning ishlab chiqarilishida ham ishtirok etadi. C vitamini virus va bakterial infeksiyalardan himoya qilish xususiyatiga egadir. C vitamini terida pigmentning to‘g‘ri taqsimlanishida ko‘maklashadi.

C vitamini yetishmasa…

Uning yetishmovchiligi terini rangsiz qilib, inson tez charchaydigan bo‘lib qoladi. Organizmda C vitamin yetishmasa, tog‘ay va suyak to‘qimalari tuzilishi buziladi, lavsha (singa) kasalligi ro‘y beradi. Organizmda askorbin kislota hosil bo‘lmaydi va to‘planmaydi.

Askorbin kislotasining tabiiy manbalari

Vitamin C organizmni kasallikka qarshi kurashish qobiliyatini ko‘taradi. Qon tomiri tizimi va terida dog‘ paydo bo‘lmasligi uchun zarur. Bu vitamin barcha sitrus mevalarda, qulupnoy, malina, karam, petrushka, ukrop, qizil qalampir va baqlajonda ko‘p bo‘ladi. C vitamini barcha mevalarda va yam-yashil ko‘katlarda mavjuddir. Shipovnik, qora smorodina, oblepixa, shirin bulg‘or qalampiri, ukrop, petrushka, gulkaram va karamda, apelsin, qulupnay, olmalar, gilos, shavel, shpinat, kartoshka va boshqa mahsulotlarda mavjuddir. Uning miqdori ayniqsa, petrushka, na’matak, oblepixa, qora smorodinalarda ko‘pdir.

Ushbu vitamindagi insonning kunlik ehtiyoji 60-100 mg.ni tashkil qiladi.

Vitamin A yoki retinol

Vitamin A (Retinol)  1909 yilda ochilgan va 1933 yilda sintezlangan. Ikki xil formada bo‘ladi: retinol va karotin.

Vitamin A (retinol) — ushbu vitamin o‘sish jarayoni hamda ko‘zlarga o‘z ijobiy ta’sirini o‘tkazadi. Retinol (A vitamin) tabiatda keng tarqalgan. O‘simlik to‘qimalarida A provitamin (organizmda retinolga aylanadigan karotinoid pigmentlar) holida uchraydi. Ko‘rish pigmentlari hosil bo‘lishida qatnashib, organizmning normal o‘sishini, ko‘zning turli darajadagi yorug‘likka moslashishini ta’minlaydi.

Shuni ham aytib o‘tish joizki, A vitamini uzoq vaqt davomidagi yorug‘lik nuri, kislorod yoki yuqori harorat ostida nobud bo‘ladi. Sifatsiz yog‘lar ham vitamin Ani nobud qiladilar.

A vitamini manbalari

Uning ozuqaviy manbalari bu — baliq va jonivorlarning jigari, sariyog‘, qaymoq, pishloq, tuxum sarig‘i, baliq yog‘idir. O‘simlik mahsulotlarida uning provitamin ko‘rinishi, ya’ni karotin ko‘rinishida mavjuddir. A provitamini (beta-karotin) mavjud mahsulotlar odatda sabzi rang bo‘lib, qizil yoki sariq ham bo‘lishi mumkin. Demak bular, sabzi, pomidor, qovoq, o‘rik, ryabina, oblepixa, na’matakdir. Bu mahsulotlar organizmning A vitaminiga bo‘lgan talabining uchdan bir qismini qondiradi. Karotin esa o‘simlik yog‘lar tarkibida bo‘ladi. Bundan tashqari sabzi, pomidor, ko‘kat va sariq rangli sabzavotlar, mevalar va reza mevalarda ham mavjud. Karotin yog‘da yaxshi eriydi, shuning uchun bu mahsulotlarni yog‘, qaymoq yoki smetana bilan iste’mol qilgan ma’qul.

A vitaminining foydalari

  • Ko‘rish organlari bilan bog‘liq ko‘pgina kasalliklarni davolashda yordam beradi.
  • Uning boshqa nomi – Immunitet vitamini. Chunki u tananing infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyatini orttiradi.
  • Teri va sochni go‘zal, sog‘lom holatda saqlaydi.
  • Bola bo‘yining o‘sishida yordam beradi, suyaklarni mustahkamlaydi, tish va tish milklarini sog‘lomlashtiradi.
  • Qalqonsimon bezlar faoliyatini yaxshilaydi.

A vitamini yetishmasa…

Immunitet tushib ketishi oqibatida tana o‘zining kurashish qobiyaliyatini yo‘qotib, kasalliklarga ochiq bo‘ladi. Organizmda retinol yetishmasa, teri qurishib oqaradi, qipiqlanadi, muguzlanadi, unda mayda toshmalar paydo bo‘ladi, terining yiringli kasalliklari avj oladi, soch quruq, xira bo‘lib, to‘kila boshlaydi, tirnoq mo‘rtlashib qoladi. Yoruqqa qaray olmaslik, shabko‘rlik, kon’yunktivitga asosan A vitamin yetishmasligi sabab bo‘ladi. Retinol yetishmasligi oqibatida ko‘zlarning qizarib ketishi va achishishi kuzatiladi. Mabodo shifokor A vitamini ichishni tavsiya qilsa, qancha miqdorda ichishni ham yozib olishni unutmang, chunki me’yoridan ortiq ichib yuborish ham xavfli. Agar yuqorida sanab o‘tilgan mahsulotlarni doimiy ravishda iste’mol qilib tursangiz, qo‘shimcha A vitamini ichishga hojat qolmaydi.

Avitaminoz A ning belgilari

Avitaminoz A ning belgilari: ko‘rish o‘tkirligini pasayishi, qorong‘ida ko‘rmaslik, ya’ni “shabko‘rlik kasalligi” vujudga keladi, qoplovchi to‘qimalar quriydi, ayniqsa, ko‘zning shilimshiq pardasi qurib, ko‘z shox pardasining ko‘rishi-kseroftalmiya “grekcha xeros — quriq, ophtalmos — ko‘z atamalaridan olingan” kasalligi kelib chiqadi, o‘sishni to‘xtashi, og‘irlikni pasayishi va organizmni oriqlab ketishi kuzatiladi. Teri quruqligi kasalligi oqibatida dermatit, bronxit kabi nafas yo‘llarining xastaliklari kelib chiqadi.

A vitaminidagi kunlik ehtiyoj — 1600-5000 ME ni tashkil etadi.

Vitamin D

vitamin D

Foto: www.directhealthcanada.ca

Vitamin D (Kalsiyferollar yoki raxitga qarshi faol moddalar) bo‘lib, kimyoviy tabiati jihatidan sterinlar(xolesterin)ning hosilasidir, 1916 yilda o‘rganilgan va 1931 yilda sun’iy hosil qilingan. Kalsiferollar ichida eng muhimlari xolekalsiferol (Vitamin D3), ergokalsiyferol (Vitamin D2) hamda digidroergokalsiferol (Vitamin D4) lardir.

Vitamin D (kalsiyferol) — organizmdagi kalsiy va fosforni muvozanatga keltirib turadi. Kalsiferol (D vitamin) moddalarning mineral almashinuviga, suyak hosil bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatadi. U yosh bolalar skeletining jadal o‘sishi va suyaklanishi davrida ayniqsa zarur.

Vitamin D manbalari

Manbalari bo‘lib baliq va baliq mahsulotlari, sariyog‘, tuxum sarig‘i hisoblanadi. U baliq yog‘ida, ikrasida, tovuq tuxumlarida, kam miqdorda qaymoq va smetanada mavjuddir. Tunes, treska va b. baliqlar moyi kalsiferol manbai hisoblanadi. Lekin, organizmlarda ularning provitaminlari — xolesterol, ergosterollar uchraydi, ular quyosh nuri ta’sirida tegishli vitaminlar shakliga aylanishadi.

Quyosh nuri yog‘li moddalar bilan birgalikda bu vitaminning paydo bo‘lishi va teri orqali ichkariga so‘rilishiga yordam beradi.

D vitaminning foydalari

Suyak va tishlarni mustahkamlovchi kalsiy va fosfor moddalarining organizmga so‘rilishiga yordam beradi.  A va C vitaminlari bilan birgalikda qabul qilinsa, shamollash kasalliklarida ham foydali. A vitaminining o‘zlashtirilishini ta’minlaydi.
Ko‘z jildi, shilliq pardasining yallig‘lanishini davolashda yordam beradi.

D vitamini yetishmasa…

Organizmda D vitamin yetishmasa raxit kasalligi paydo bo‘ladi. Tishlar yemirilishi va suyaklarni yumshoqlashishi oqibatida bola suyaklarining nomutanosib rivojlanishi.

Raxitning oldini olishning eng yaxshi yo‘li – kunduzi sayr qilish va tent ostida quyosh vannasi qabul qilish.

Ushbu vitamindagi bolaning kunlik ehtiyoji — 400- 500 ME ni tashkil qiladi.

Vitamin E yoki tokoferol

Vitamin E (Tokoferol) yoki ko‘payish vitamini, u 1925 yilda o‘rganilgan va 1936-1938 yillari sintez qilingan. Tokoferol yunoncha “tocos — bola tug‘ilishi, fero — tashiyman” degan ma’noni anglatadi. E vitamini tokoferollarning aralashuvidan tarkib topgan. Faol antioksidant.

Vitamin E vazifalari

Vitamin E (tokoferol) — mushaklarning baquvvatligini ta’minlaydi, undan tashqari yallig‘lanishning oldini oladi, A vitaminining oksidlanishi, C vitamini, karotin va yog‘li kislotalarning nobud bo‘lishini oldini oladi. Birlashtiruvchi to‘qimalar, sochlar, tirnoq kasalliklarida, husnbuzarlarni davolashda qo‘llaniladi.

Tokoferol  — ko‘payish vitamini

Tokoferol (E vitamin, ko‘payish vitamini) muskul va jinsiy bezlar faoliyatini kuchaytiradi, ichki a’zolarda yog‘da eriydigan barcha vitaminalar, ayniqsa retinol to‘planishiga yordam beradi. O‘simliklarning yashil qismi hamda ulardan olinadigan moyda (masalan, kungaboqar moyida) mo‘l bo‘ladi. Vitamin E: Teri kasalliklari kelib chiqmasligi uchun zarur. Bu vitamin sut , tuxum sarig‘i va sabzavotlarda ko‘p bo‘ladi.

E vitaminining tabiiy manbalari

Asosiy ozuqaviy manbalar bu — o‘simlik yog‘lari (asosan rafinadlanmagan), jigar, tuxum, yormalar va dukkaklik o‘simliklar. Hayvonlardan olinadigan mahsulotlar orasida tuxum E vitaminining bulog‘i hisoblanadi. Tokoferol o‘simliklar tarkibida ham bor, eng boyi bug‘doy, o‘simlik yog‘i, soya, ismaloq, barglari ko‘katlar va boshoqli o‘simliklardir. Agar ovqatlaringizda mana shu mahsulotlar bilan birgalikda jonzotlar yog‘laridan foydalansangiz, Ye vitamini organizmga yaxshi singgadi. Tokoferol organizmda qisqa vaqt saqlanadi, shuning uchun ushbu mahsulotlardan tayyorlangan taomlarni har kuni iste’mol qilish maqsadga muvofiq.

E vitamini foydalari

  • Organizmning kislorod bilan ta’minlanishini yaxshilaydi.
  • A vitamini bilan birgalikda o‘pkani notoza havodan saqlaydi.
  • Kuygan va kesilgan joylarning o‘rni tezroq va chandiqsiz bitishini ta’minlaydi.
  • Tana hujayralarining chidamliligini oshiradi.

E vitamini yetishmasa…

  • Qon hujayralari buzilishi, kamqonlik.
  • Mushak tolalarining bo‘shashishi (ajin).

Ushbu vitamin taxchilligini oldini olish uchun vodoprovoddan keladigan xlorli suv iste’molini kamaytiring.
Kunlik talab — 29-30 mg.ni tashkil qiladi.

Vitamin K yoki  filloxinon

vitamin K

Foto: livestrongcdn.com

Vitamin K (antigemorragik vitamini, filloxinon ) 1939 yilda kashf etilgan, vitamin K ning ikkita vitameri (K1 va K2) bor. Ularni kashf etgan olimlar K.E.Doyzi bilan X.Dam 1943 yili Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishgan.

Filloxinon (K vitamin) — qon ivishining asosiy omillaridan biri. Organizmda K vitamin yetishmaganda turli a’zolar (burun, milk, me’da-ichak va b.)dan qon ketishi kuzatiladi.

Vitamin K — ushbu vitamin ayniqsa karam hamda gulkaramlar, shpinat, qovoq, tomatda ko‘pdir. Undan tashqari u lavlagi, kartoshka, sabzi, yormalarda va dukkaklik o‘simliklarda ham mavjuddir. K vitamini ichak mikroflorasida ishlab chiqariladi. Bakteriyaga qarshi dori-darmonlar ishlatilishi (antibiotiklar) oqibatida foydali bakteriyalar kamayib ketsa, tarkibida K vitamini mavjud bo‘lgan ozuqalar tavsiya etiladi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda ilk kunlarda ushbu vitaminning yetishmovchiligi kuzatiladi. Ushbu vitamindagi kunlik talab 0,1-0,3 mg. ni tashkil qiladi.

K vitaminiga boy mahsulotlar

K vitaminiga boy bo‘lgan mahsulotlar –yashil bargli sabzavotlarning faqat yangi uzilganlari. Muzlatilgan mahsulotlarda K vitamini o‘lgan bo‘ladi. Bundan tashqari yogurt, beda, tuxum sarig‘i, soya, baliq moylari tarkibida ko‘p bo‘ladi. Unga bo‘lgan ehtiyoj, ko‘pincha, ichak florasi orqali ta’minlanadi.

K vitamini foydasi, u qon quyuqligini normal holatda saqlaydi.

Avitaminoz K da jigarda protrombinning biosintezi buzilishi oqibatida qonning ivishi sekinlashadi,ayrim hollarda teri ostida, mushaklarda qon quyilishi (gemoraggiya ) holati kuzatiladi.

F vitamini

F vitamini – to‘yinmagan yog‘li kislotalar. Bu iste’molda ishlatiladigan o‘simlik yog‘lari tarkibidagi kislotalardir. Vitamin F — o‘zi bilan yog‘li kislotalarni namoyish etadi. Ular yog‘larning almashinuvida ishtirok etadilar. Terini yangilanib turishida katta rol o‘ynaydi. Undan asosan teri kasalliklarini davolashda foydalaniladi.

F vitaminiga boy mahsulotlar

Ko‘pgina kerakli yog‘li kislotalar quyidagi o‘simlik yog‘lar tarkibida bo‘ladi: zig‘ir, soya, kungaboqar, yong‘oq. Shuningdek, yong‘oq, yeryong‘oq, pista, bodom ham F vitaminiga boy. Ammo bularning hammasi ochiq idishlarda saqlanishi shart, issiqda F vitamini buzilib ketadi.

F vitaminining foydalari

Teri va sochlarning sog‘lomligini saqlaydi. Bolalarning bo‘yi o‘sishiga yordam beradi va o‘zini his qilishni yaxshilaydi. Ichki sekretsiya bezlarining faolligiga samarali ta’sir qiladi, kalsiyning so‘rilishini yaxshilaydi. Agar semirib ketayotgan bo‘lsangiz F vitaminiga boy ozuqalarni ko‘proq iste’mol qiling. Ular to‘yinmagan yog‘larni yo‘qotib, ortiqcha vanzlardan xalos qiladi.

F vitamini yetishmasa…

To‘yimagan yog‘li kislotalar yetishmasligining boshlang‘ich belgilari, terida sariq yog‘li tangachalar paydo bo‘lishi, sochlar qurishi va mo‘rtlashishi. Agar bu vitamin taxchilligi oshib ketsa, har xil toshmalar toshadi, ich ketishiga moyillik ortadi. Sutkalik organizm talabi kattalarga 1000 mg atrofida, bu 20-30 gr o‘simlik yog‘i deganidir.

© O‘quv Davolash Kompleksi tibbiyot kolleji.
ODK.uz

Kasalliklar
Vitaminlar haqida batafsil ma’lumot