Venalarning varikoz kengayishi — sabablari, alomatlari, ko’rinishi, davolash
Ushbu maqolada biz siz bilan, venalarning varikoz kengayishi kabi oyoqlarning noqulay kasalligini, shuningdek, varikozning sabablari, alomatlari, davolashni — an’anaviy va xalq tabobati usullarini ko’rib chiqamiz.
Oddiy odam uchun varikoz nima? Oyoqlardagi charchoq, ehtimol shish, ko’kimtir, ba’zan qoramtir tomirlar bo’rtib chiqib turishi. Tibbiyot nuqtai nazaridan bu kasallik qanday?
Venalarning varikoz kengayishi (varikoz) — odatda oyoqlardagi venalar (qonni yurakka olib boradigan qon tomirlar) devorining yupqalashib va tugunchalar hosil qilib, ularning kengayishi va cho’zilishidir. Tugunchalar venoz devorlarning patologiyasi va/yoki genetik nuqson tufayli ularning klapanlari yetishmovchiligi natijasida shakllanadi. Erkaklardagi varikoz va ayollardagi varikoz o’xshash bo’ladi.
Venalarning kengayishi (kattalashishi) venoz bosimning oshishi bilan yuzaga keladi.
Venalarning varikoz kengayishi quyidagi joylarda uchraydi:
- Oyoqlarning pastki qismida;
- Oshqozon va qizilo’ngachda;
- Kichik tosda;
- Moyaklar va urug’ yo’llarida.
Maqolada kasallikning eng ko’p uchraydigan joyi — oyoqlardagi varikoz muhokama qilinadi.
Bugungi kunda varikoz eng ko’p uchraydigan kasalliklardan biri bo’lib, u har uchinchi ayolda va o’ninchi erkakda qayd qilinadi. Statistlar ta’kidlashicha, bu kasallik ko’pincha 30-40 yoshlik davrda uchraydi.
Varikoz sabablari
Varikoz rivojlanishining asosiy sabablari:
- Og’ir jismoniy mashqlar bilan bog’liq bo’lgan turmush tarzi yoki kasb, bir holatda (tik turgan yoki o’tirgan) uzoq vaqt turish yoki atrof-muhitning doimiy ravishda yuqori haroratda bo’lishi;
- Tana vaznining sezilarli darajada ortishi;
- Irsiy (genetik) moyillik;
- Gormonal ta’sir (homiladorlik va gormonal preparatlar qabul qilish).
Varikoz rivojlanishining ikkilamchi sabablari
- Venalar orqali qonning o’tishi bilan bog’liq to’siqlar. Bunday to’siqlarga tromboz yoki shishlar misol bo’la oladi.
- Stress va asab kasalliklari. Ular tomirlarning holatiga ta’sir qiladi. Tomirlar devorida ularning tarangligini (tonusini) ta’minlovchi nerv oxirlari mavjud. Ularga bosim kuchaysa, turli toksinlar va spirtli ichimliklar ta’sir qilsa, tomirlar tonusini yo’qotadi va kengayadi.
- Arterial-venoz anastomozlar. Bunday anastomozlar arterial qon hujayralarining oqimi hududida bosim tufayli shakllanishi mumkin.
- Sportiv zo’riqishlar. Xavf guruhiga shtanga kabi og’irliklarni ko’tarishni sevuvchilar kiradi. Varikozga moyillik mavjud bo’lsa, oyoqlarni haddan tashqari og’ir jismoniy mashqlar bilan zo’riqtirish va og’irliklarni ko’tarish taqiqlanadi.
- Noqulay kiyim va poyabzal. Juda tor kiyimlar, masalan tor shimlar venalarning varikoz kengayishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, tor va baland poshnali poyabzal ham zararli. Poyabzalni tanlashda keng poshnalarga afzallik berish kerak, poshna qancha kengroq bo’lsa, oyoqlarga tushadigan yuk shuncha kamroq bo’ladi. Yupqa va baland poshnalarda (shpilka) yurish va muvozanatni saqlash oyoqlar va venalarga katta yuk tushiradi, agar bunga yana do’konlardan xarid qilingan narsali og’ir sumkalarni qo’shsa…
Bu omillar tomirlarning kengayishiga, venoz bosimning kuchayishiga va venoz klapanlarning normal ishlashini buzilishiga olib keladi. Natijada oyoqlarning tomirlarida patologik qon aylanishi — reflyukslar (chuqur venalardan qonning teskari yuzaki venalarga oqishi). Aynan shu kasallikning vaqt o’tishi bilan kuchayib borishi va venoz tizimiga tushadigan yukni ko’p marta oshishiga sabab bo’ladi.
Qonning to’g’ri — oyoq venalarida pastdan tepaga oqishi bir necha omillar bilan amalga oshiriladi: arteriyalardagi qon bosimi, qonning teskari oqishini oldini olish uchun qon tomirlarida harakat va klapanlarning mavjudligi. Bu klapanlarning o’z funktsiyalarini bajara olmasliklari venalarda qon oqimining buzilishini keltirib chiqaradi va bu tomirlarning ortiqcha cho’zilishiga olib keladi. Shu sababli qon oqimi tartibsiz bo’ladi, qon oyoqlarning pastki venalarida to’xtab qola boshlaydi (ayniqsa teri osti venalarida), ulardagi bosim ortadi, vena devorlari kengayib va ingichkalashib boradi.
Varikozning alomatlari va belgilari
Varikoz alomatlari uning bosqichi bilan to’g’ridan to’g’ri bog’liq.
Varikozning I va II bosqichlari
- Oyoq, boldir va sonlarda venoz naqshlarning paydo bo’lishi;
- Oyoqlarda og’irlik va bosimni his qilish;
- Tortishishlar, ayniqsa kechasi;
- Ishdan keyin, kunning oxirida oyoqlarning shishishi;
- Oyoqlarda o’rtacha og’riqlar;
- Tez charchash.
Venalar varikoz kengayishing III va IV bosqichlarida
- Shishlar;
- Qon tomirli yulduzlar (telangioektaziyalar);
- Turli og’riqlar (pulsli, mushaklarda qichishish, yurish paytida og’riq, vena bo’ylab og’riq, umumiy og’riq va oyoqlarning qaqshab og’rishi);
- Boldir va tovon yonlari terisining yuzasi ustidagi uzun varikoz venalar paydo bo’lishi;
- Terining o’zgarishlari (terining qurishi va pigmentatsiya yuzaga keladi, oyoqlarning terisi qorayadi va jigarrang dog’lar bilan qoplanadi). Bundan tashqari, bu alomatlarga keyinchalik bir qator kasalliklar qo’shilishi mumkin: dermatit, ekzema va trofik kasalliklar, yaralar paydo bo’lishi.
Kamdan-kam hollarda, lekin uchraydigan alomatlarga venalar yorilishi natijasida qon ketishi kiradi, ko’pincha kechasi sodir bo’ladi.
Varikozning asoratlari
Agar varikozda isitma yoki zaiflik kabi belgilar mavjud bo’lsa, bu kasallikning asoratlaridan dalolat beradi.
Varikozning asoratlarida quyidagilarni boshdan kechirish mumkin:
- Ekzema;
- Teri yaralari;
- Yuzaki jarohatlarda ham kuchli venoz qon ketish;
- Tromboflebit;
- Trofik yara;
- Flebotromboz;
- Varikoz tugunlardan qon ketishi.
Varikozni tashxislash
Varikoz tomirlarining belgilari aniqlanganda yoki to’g’ri tashxis qo’yish uchun felbolog, nevrolog, jarrohga murojaat qilish kerak.
Varikoz tomirlarining tashxislash usuli: ultratovush tekshiruv (UTT) yoki flebografiya.
Varikozni davolash
Varikozni qanday davolash mumkin? Bu savolga tashxisdan keyin shifokor javob beradi. Axir faqat to’g’ri tashxis qo’yilgan taqdirda varikozni davolash ijobiy natija beradi.
O’z navbatida, davolovchi shifokor quyidagi davolash usullarini tanlashi mumkin:
- Varikozni dori-darmonlar bilan (medikamentoz) davolash (krem, malham, tabletkalar);
- Simptomatika va kasallikning bosqichiga qarab kompleks muolajalar (pastroqda maqolada keltirilgan);
- Jarrohlik yordamida davolash (zararlangan tomirlarni olib tashlash).
Varikozga qarshi vositalar
Varikozga qarshi krem va malhamlar
Bunday vositalar kasallikning dastlabki bosqichlarida yordamchi davolash va rivojlanishini oldini olish vositasi sifatida qo’llaniladi. Ular quyidagicha yordam beradi:
- Og’riqni kamaytirish;
- Shishlarni kamaytirish;
- Klapanlar tizimining ish faoliyatini yaxshilash;
- Qon tomir devorlarining tonusini oshirish;
- Normal qon aylanishini tiklash;
- Asoratlar rivojlanishiga yo’l qo’ymaslik.
Troksevazin. Qon aylanishi tizimining faoliyatini normallashtiradigan faol modda — trokserutinni o’z ichiga oladi. Yallig’lanishni yo’q qiladi, kapillyarlarning nozikligini pasaytiradi, venotonik xususiyatlarga ega, shishlarni yo’q qiladi.
Detraleks. Yomirlarida qon turg’unligini kamaytiradi va limfa va suyuqlik oqimini yaxshilaydi.
Rutin. Vitamin P (rutin va boshqa bioflavonoidlar), shishlarni kamaytiradi, yallig’lanishni kamaytiradi, qon tomirlarini mustahkamlaydi, tomir tortishishlarni yengillashtiradi va venoz yara hosil bo’lishini oldini oladi.
Aestsin. Ot kashtani urug’ini o’z ichiga oladi. Qon tomir o’tkazuvchanligini va yulduzlar sonini kamaytiradi, tonusini oshiradi, yallig’lanishni, shish, qonning quyulib qolishini kamaytiradi va mikrosirkulyatsiyani yaxshilaydi.
Venoruton. Qon aylanish tizimining ish faoliyatini tiklaydigan okserutinni o’z ichiga oladi. Yallig’lanishni bartaraf qiladi. Tromb hosil bo’lishiga yo’l qo’ymaydi.
Varikozga qarshi tabletkalar
Tabletkalar kasallikka mahalliy ta’sir qilib bo’lmasa, kompleks davolash qismi sifatida qo’llaniladi. Ular quyidagicha yordam beradi:
- Qon tomirlarining tonusini yaxshilash;
- Yallig’lanish jarayonini bartaraf qilish;
- Qon oqimi va limfatik drenajni tezlashtirisj;
- Mikrosirkulyativ kasalliklarini bartaraf etish.
Venarus. Qon tomirlari tonusini oshiradi, cho’ziluvchanlik, o’tkazuvchanlik, kapillyar sinuvchanligini kamaytiradi, sezilarli darajada venoz qonning turib qolishini, yallig’lanishi kamaytiradi, qon tomir devorlarini shikastlovchi erkin radikallardan himoya qiladi.
Anvenol. Qon tomir o’tkazuvchanligini kamaytiradi, mikrosirkulatsiyani yaxshilaydi, arteriolalarni kengaytiradi, qon tomirlari tonusini oshiradi, periferik qon aylanishini yaxshilaydi.
Eskuzan. Ushbu preparat yallig’lanishga qarshi va tonik xususiyatlarga ega, tomir devori mustahkamligini oshiradi, kapillyar sinuvchanlikni kamaytiradi, shish va qon turg’unligini oldini oladi, charchoq, og’irlik, zo’riqish, qichishlarni yengillashtiradi, turli organlar va to’qimalarda sog’ayish jarayonini tezlashtiradi.
Venoruton 300. Bu shishni kamaytirish, og’riq qoldiruvchi, tortishishga qarshi ta’sir ko’rsatadi va mikrosirkulyatsiyani yaxshilaydi, trofik kasalliklar va yaralarni bartaraf etadi.
Angistaks. Tomirlar elastikligini oshiradi, qon tomir o’tkazuvchanligini me’yorlashtiradi, shish shakllanishini oldini oladi va mavjud shishlarni kamaytiradi.
Varikozni davolovchi muolajalar
Endovazal lazerli koagulyatsiyasi. Shifokor shikastlangan tomirga lazer bilan ta’sir qiladi va buning natijasida yulduzchalar yo’qoladi. Mahalliy og’riqsizlantirish ostida o’tkaziladi. Bir necha hafta o’tgach terida muolaja haqida hech qanday eslatma qolmaydi. Dastlabki bosqichlardagi varikozni davolash uchun ishlatiladi.
Skleroterapiya. Faoliyati buzilgan vena ichiga inyektsiya orqali maxsus moddalar yuboriladi, ular tomirlarni butunlay jipslashtirib, yopishtirib qo’yadi, qon tomir faoliyati to’xtaydi va qon so’glom tomirlar orqali oqa boshlaydi. Ushbu muolaja hamma uchun ham mos kelmaydi. Faqat tugunlar juda katta bo’lmagan taqdirda belgilanadi.
Ozon terapiyasi. Ozon kichkina igna bilan qon tomir ichiga yuboriladi va tomirni yopishtirib qo’yadi. Sezilarli natijaga erishish uchun bir necha muolaja yetarli. Qon tomirlari yulduzchalarini yo’q qilish uchun ishlatiladi.
Flebektomiya. Jarrohlik aralashuvi, shikastlangan tomirlar oddiygina olib tashlanadi. Operatsiyadan keyin ertasi kuni uyga qaytish mumkin, lekin kamida bir oy maxsus paypoq kiyish yoki elastik bint bog’lab yurish kerak.
Varikozni davolashda shifobaxsh jismoniy tarbiya va terapevtik trikotajdan foydalanish tavsiya etiladi.
Varikoz uchun terapevtik mashqlar. Bu oyoqlardagi og’irlikni yo’qotishga, qon aylanishini normallashtirishga va venoz qonning turg’unligini bartaraf etishga yordam beradi.
Agar sizning kasbingiz o’troq bo’lsa, har kuni piyoda yurishga harakat qiling. Velosiped va suzish ham tavsiya etiladi. Biroq, yugirish tomirlarning holatiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Varikozni xalq tabobati yordamida davolash
Muhim! Varikozni davolash uchun xalq tabobati vositalarini ishlatishdan oldin shifokoringiz bilan maslahatlashib oling!
Varikoz tomirlarini o’simlik preparatlar bilan davolash
Kasallikni o’simliklar bilan davolashning bir nechta foydali tomonlari:
- Fitoterapiya kasallikning sabablarini yo’q qiladi;
- O’tlar minimal miqdordagi qarshi ko’rsatmalarga ega;
- O’simliklar bilan davolash juda kam miqdorda nojo’ya ta’sirga ega;
- O’tlar kasallikni davolashidan tashqari, to’qimalarni vitaminlar va boshqa oziq moddalar bilan boyitadi;
- Narxlari hamyonbop.
Patli kalanxoe. Kalanxoening barglari yaxshilab yuvilib, bir litrli bankaga solinadi (barglari yarim banka bo’lishi kerak). 70% spirt bilan to’ldirilib, qorong’i joyda 14 kun davomida saqlanadi. Qo’llashdan oldin yaxshilab chayqang (aralashtiring). Har kuni yotishdan oldin oyoqlaringizga surting. Og’riq dastlabki qo’llashdan so’ng ketadi. Varikoz oxirgi bosqichlarda bo’lsa, davolanish 4 oy davom etadi.
Olma «Antonovka». 1 litr qaynayotgan suvga 3 ta olma solib, qopqog’ini yoping va 4 soat davomida issiq joyga qo’ying. Keyinchalik olmani olib tashlamasdan, ularni ezing, eritmani aralashtiring va tindiring. 1 osh qoshiq asal qo’shgan holda 50 g dan (taxminan yarim ryumka) ovqatdan oldin ertalab va kechqurun yotishdan oldin iching. Bundan tashqari bu qonni tozalaydi, uyqu va ishtahani yaxshilaydi.
Kartoshka. 5 ta kartoshkani po’stidan tozalang va qirg’ichdan o’tkazing. Olingan kartoshka bo’tqasini oyoqlarga surting. 4 soatdan keyin og’riq butunlay o’tib ketadi va keyin kartoshkani iliq suv bilan yuvib tashlang.
Yog’ bilan sarimsoq. Sarimsoq oling va ezing. Ikki qism sariyog’ bilan aralashtiring. Uxlashdan oldin bo’rtib turgan venalarga surting va ustidan qog’oz yopib, bint yoki ro’mol bilan bog’lang. Ertalab yuvib, oyoqingizga iliq va yumshoq narsalar kiying.
Varikozni oldini olish
Kasallikni davolashdan ko’ra oldini olgan ma’qulroq. Varikoz paydo bo’lishiga to’sqinlik qila oladigan ba’zi bir hayotiy qoidalarni ko’rib chiqing:
- Agar sizning ishingiz o’troq bo’lsa, vaqti-vaqti bilan tanaffus qiling. Siz ish joyida maxsus gimnastika qilishingiz mumkin. Ko’proq yurishga harakat qiling;
- Agar ishingiz ko’proq tik turishni talab qilsa, aksincha, dam olish uchun vaqt ajrating;
- O’tirganda bir oyog’ingizni ikkinchi oyog’ingiz ustiga chiqarib o’tirish odatini tashlang, agar sizda bor bo’lsa;
- Tor va qisib turuvchi kiyimlar kiymang (masalan tor jinsi, umuman ayollarga tor kiyimlar kiyish qat’iy taqiqlanadi, bu holatda urogenital tizim sohasida qon aylanishi buziladi);
- Doimiy ravishda baland va ingichka poshnali poyafzal kiymang (bunday poyafzal kamdan-kam hollarda — bayram kunlarida kiyiladi);
- Agar ich qotishi bo’lsa, uni shundayligicha qoldirmang; qabziyat kichik tos qon aylanish bosimini oshiradi;
- Velosiped haydab turing;
- Ko’proq suzishga harakat qiling;
- Dam olish vaqtida, vaqti-vaqti bilan oyog’ingizni teparoq joylashtiring (yurakdan 15-20 sm yuqoriga);
- Muntazam mashqlarni bajarishga harakat qiling;
- Vazningizni kuzatib turing;
- Zararli oziq-ovqat va shirinliklar iste’molini kamaytiring, ko’proq meva va sabzavotlar yeyishga harakat qiling, ular vitaminlarga boy mahsulotlardir;
- Yomon odatlarni tashlang (chekish va spirtli ichimliklar ichish);
- Kontrastli dush (issiq keyin sovuq va teskari) olishga harakat qiling;
- Kuniga kamida 2 litr suv iching, bu sizni suvsizlanishdan saqlaydi;
- Quyoshda toblanishni me’yordan oshirib yubormang.
Kasalliklar
alomatlari, davolash, ko’rinishi, Venalarning varikoz kengayishi — sabablari