VELASKES haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
VELASKES haqida malumot bilib oling.

VELASKES, Rodriges de Silva Velaskes (Rodrigues de Silva Velasquez) Diyego (1599.4 yoki 5.6, Sevilya — 1660.6.8, Madrid) — ispan rassomi, jahon realistik sanʼatining yirik namoyandasi. Velaskes asarlari dadil, anik, kuzatishlari, yaratayotgan xarakterini chuqur bilishi, uygʻunlikni oʻtkir his etishi, nozik va boy koloriti bilan ajralib turadi. Dastlab xalq maishiy hayotidan lavhalar yaratgan («Nonushta», taxm. 1617; «Suv sotuvchi», taxm. 1620 va b.). 1623-y. dan Madridda saroy rassomi. Qirol toʻplamlari (koʻproq Titsian asarlari)ni oʻrganish hamda P. Rubens bilan uchrashuv Velaskes mahoratini kamolga yetkazdi, dunyoqarashini chuqurlashtirdi. Velaskes oʻz davri sanʼatida hukm surgan shartlilikni dadil buzib, mavjud hayotni boricha aks ettiruvchi keng umumlashma mazmunli asarlar yaratish yoʻllarini izladi. «Breda qalʼasining taslim boʻlishi» (1634) asari Yevropa sanʼatida tarixiy janrda yaratilgan muhim realistik asar boʻlib, unda insoniylik, gʻolib va magʻlublar oʻrtasidagi axloqiy munosabatlar xolisona yoritilgan.

Velaskesning portret ustasi sifatida shakllanishida saroy hayoti muhim rol oʻynadi, insonni chuqur oʻrganishga, gerdaygan va sovuq iltifot niqobi ostiga yashiringan qalb holatiga kirib borishga oʻrgatdi. Portretlar («Gersog Olivares», «Infant Baltasar Karlos», 1634 — 35), saroy ahli, doʻstlari, shogirdlarining bel va koʻkrak qismigacha tasvirlangan qiyofalarini yaratdi. «Venera oyna qarshisida» (1651) asarida yangicha kompozitsiya yechimini topgan. «Medichilar villasi» (1650—51) va b. asarlarida tabiatning yaxlit tasviriy obrazlarini yaratgan. Hayotining soʻnggi yillarida mashhur «Las Meninas» (1656), «Charxchilar» (1657) kabi asarlari dunyoga keldi.

Ensiklopediya.uz
VELASKES