Varikoz venalarining tug’ruqdan keyingi holati Salomatlik haqida

Varikoz venalarining tug’ruqdan keyingi holati Salomatlik haqida

varikoz venalarining tugruqdan keyingi holati salomatlik haqida 65cce1c581eb3


Mobil ilovani yuklab oling

Lalu mobil ilovasini yuklab oling va homiladorlik hamda onalar maktabi aʼzosiga aylaning.


Homiladorlikda varikoz venalar asosan homilador ayollarning oyoq qismlarida paydo boʻladi. Venalar kengayishi natijasida shishlar hosil bo’ladi. Natijada qichishishi, baʼzida esa ogʻriq paydo bo’lishi mumkin ammo odatda ular zararsizdir.

Varikoz venalar haqida umumiy maʼlumot

Varikoz oyoqdagi boʻrtib chiqqan, shishgan venalar hisoblanadi. Ularning rangi odatda toʻq koʻk yoki binafsharang boʻlib, koʻrinishidan chigal ipga oʻxshab ketadi. Shuningdek, varikoz venalar qin yoki tashqi jinsiy aʼzolarda ham paydo boʻlishi mumkin. Toʻgʻri ichakda hosil boʻladigan varikoz venalar ham mavjud boʻlib, ular gemorroy deb ataladi.

Homiladorlikda varikoz venalarning paydo boʻlish sabablari

Homiladorlik davri davomida ayollar tanasida juda koʻplab oʻzgarishlar kuzatiladi. Bu davrda qon hajmi odatdagidan 50% ga ortgani sababli, qonni butun tana boʻylab yetkazib berish uchun tomirlarga qoʻshimcha bosim yuklanadi. Shuningdek, venalarni ustini qoplab turadigan silliq muskullar progesteron gormoni sababli boʻshashib kengayadi.

Homila rivojlangani sari bachadon kattalashib boradi va bu oʻz navbatida tos va qorin boʻshligʻida joylashgan yirik venalarda bosim hosil qiladi. Natijada, oyoq venalari ichidagi bosim kuchayib qonni yurakka yetib borishi qiyinlashadi va aynan shu tomirlar ishib, boʻrtib chiqib qoladi.

Maʼlumotlarga koʻra, birinchi marta homiladorlik davrini boshidan kechirayotgan ayollarning taxminan 30 % qismida varikoz paydo boʻladi. Bu davrda ayollarda varikoz paydo boʻlish yoki boʻlmasligida ayolning genetikasi ham muhim rol oʻynaydi.

Varikoz venalarning paydo boʻlish belgilari:

  • Oyoqdagi ogʻriq hissi;
  • Tomirlar atrofida qichishish;
  • Teri rangining oʻzgarishi;
  • Oyoqdagi muskullarning qisilishi va shishishi;
  • Uzoq vaqt tik turish yoki oʻtirishdan keyingi ogʻriqlar.

Homiladorlikda paydo boʻlgan varikoz venalarning tugʻruqdan keyingi holati

Homiladorlik sababli paydo boʻlgan varikoz venalari tugʻruqdan soʻng 12 hafta oʻtib asta-sekin yoʻqolib boradi. Agar ayolda bir necha marotaba homiladorlikni boshidan kechirganligi sababli varikoz venalari kengaygan yoki oilasida tarixida yaʼni genida bu holat mavjud boʻlsa, kengaygan venalar tugʻruqdan keyin ham qisqarmasligi mumkin.

Homiladorlikda shishgan varikoz venalarini kichraytirishning baʼzi usullari

Homiladorlik davrida orttirilgan varikoz venalari deyarli zararsizdir. Ularni kichraytirish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish kifoya:

  • Mashq qilish. Har kuni mashq qilish, piyoda yurish qon aylanishi yaxshilab yurakka qon yaxshi yetib borishini taʼminlab beradi. Unchalik kuch talab qilmaydigan suzish mashqlarini bajarish ham ancha foyda beradi.
  • Oyoqlarni yuqoriga koʻtarish. Stolda oʻtirganda oyoqlarni boʻsh qoʻyish va yotgan paytda oyoq ostiga yostiq qoʻyish maslahat beriladi.
  • Pozitsiyani tez-tez almashtirish. Uzoq vaqt bir joyda oʻtirish yoki turish tavsiya qilinmaydi. Doimiy harakatda boʻlish sogʻliqqa foydalidir.
  • Kompressor paypoqlardan foydalanish. Ushbu turdagi paypoqlar qon aylanishini yaxshilaydi va varikoz venalar sababli paydo boʻladigan yoqimsiz holatlarni oldini olishda yordam beradi.
  • Kiyimlarga eʼtibor berish. Asosan bel, oyoq yoki chanoq atrofini qisib turadigan tor kiyimlarni kiymaslik kerak.
  • Ovqatdagi tuz meʼyorini kamaytirish. Tanada suvni yetarli miqdorda ushlab turish va shish miqdorini kamaytirish uchun tarkibida tuz miqdori kam boʻlgan ovqatlarni iste’mol qilish kerak.

Tugʻruqdan keyingi varikoz venalarni davolash uchun xavfsiz usullar

Agar varikoz venalar tugʻruqdan keyin bir necha oy muddat oʻtgandan keyin ham tuzalib ketmasa, qandaydir noqulayliklar paydo qilsa davolashni xavfsiz usullari ham bor. Tadqiqotchilarning fikriga koʻra, varikoz venalarini rivojlanib ketishini oldini olish uchun tugʻruqdan keyin olti, toʻqqiz oy oʻtib davolashni boshlash tavsiya etiladi.

Davolash turi varikoz holatiga qarab bir-biridan farq qiladi. Masalan:

  • Skleroterapiya. Varikoz venalariga dori yuborib kichraytirib davolash usullaridan biri.
  • Lazer bilan davolash. Varikoz venalar lazer orqali kesib tashlanadi.
  • Ambulator flebektomiya. Varikoz venalarni mini-jarrohlik orqali davolash usuli.

Salomatlik