Varikotsele — sabablari, turlari, alomatlari, tashxislash, davolash, oldini olish
Varikotsele, варикоцеле (yangi lot. varicocele, lot. varix, varicis — venalarda shish, qad.yun kele — o’sma) — urug’ tizimchasining uzum shingiliga o’xshash chigal tomirlarning kengayishi. Ko’pincha venoz tizim shikastlanishining boshqa belgilari — oyoqlar venalarining varikoz kengayishi, gemorroy kuzatilishi mumkin. Varikosele odatda chap tomonda qayd qilinadi (juda kamdan-kam hollarda ikki tomonlama yoki o’ng tomonlama bo’ladi), bu urug’ venasining chap tomondan to’g’ri burchak ostida buyrak venasiga quyilishi bilan izohlanadi. Yotgan holatda venalarda qon oqimi pasayadi.
Idiopatik (birlamchi) va simptomatik (ikkilamchi) varikotsele ajratiladi. Simptomatik varikotsele pastki kovak venaning geometriyasi o’zgarishida kuzatilishi mumkin — masalan, o’ng buyrak neoplazmasining o’sib kirishida. Bunday varikotsele o’ng tomonda bo’ladi va tomirlarni to’lish darajasi bemorning holatiga bog’liq emas.
Varikotsele
Varikotsele — urug’ tizimchasi venalarining varikoz kengayishi tomonidan chaqirilgan kasallik. O’z-o’zidan varikosele bemorning hayotiga tahdid solmaydi va odatda, alohida bezovtalik chaqirmaydi. Varikoselening asosiy xavfi — u erkaklarda bepushtlik rivojlanishiga olib kelishi mumkinligi hisoblanadi. Eyakulyatni tahlil qilishda spermatogenez buzilishi varikotsele bilan og’rigan bemorlarning 20-70% da aniqlanadi. Spermatozoidlarni ishlab chiqarish va kasallik davomiyligi o’rtasidagi munosabat haqida ma’lumot tasdiqlangan. Ba’zi hollarda varikosele turli intensivlikdagi og’riq sindromi bilan kechadi.
JSST ma’lumotlariga ko’ra, varikosele bilan og’rigan erkaklar soni 15-17% ni tashkil qiladi. Kasallanish darajasi yosh va yashash joyiga bog’liq ravishda sezilarli darajada farq qilishi mumkin. 14 yoshdan 15 yoshgacha bo’lgan yoshdagi o’smirlarning 19,3 foizida, harbiy xizmatga chaqirilganda yosh erkaklarning 5-7 foizida varikosele tashxisi qo’yiladi. Ko’pincha varikosele asimptomatik tarzda kechadi va erkaklar tibbiy yordam uchun shifokorga murojaat qilmaydi. UTT o’tkazishda jinsiy yetuklikka erishgan erkaklarning 35% da varikosele belgilari aniqlanadi. Bemorlarning aksariyatida varikosele chap tomonda joylashgan bo’ladi. Urug’ tizimchasining o’ng tomon venalarining varikoz kengayishi bemorlarning 3-8 foizida, ikki tomonlama varikosele esa — 2-12 foizida rivojlanadi.
Varikotsele sabablari
Varikotsele rivojlanishining sababi urug’ tizimchasi venalari klapanlarining yetarlicha yaxshi ishlamasligi bo’lishi mumkin. Odatda qonning qayta oqimiga to’sqinlik qiladigan venoz klapanlar, kuchli zo’riqishda (jismoniy kuchanish, tananing vertikal pozitsiyasi) yuqori bosimga dosh bermaydi. Yuqori bosim tufayli tomirlar asta-sekin kengayib, natijada bo’rtib qolgan venoz tugunlar hosil bo’ladi.
Flebologiya sohasidagi zamonaviy tadqiqotlar birlamchi (idiopatik) varikosele rivojlanishining bir nechta sabablarini aniqladi:
- Venoz devorni hosil qiluvchi biriktiruvchi to’qimalarning yetishmovchiligi;
- Regional va magistral venalarning (moyak va urug’ tizimchasi venalari) klapan apparati to’liq rivojlanmaganligi yoki o’zgarishi;
- Homilaning ona qornidaligida pastki kovak vena shakllanishining buzilishi.
Ayrim anatomik xususiyatlar buyrak venasi tizimida yuqori bosim hosil bo’lishiga olib kelishi mumkin. Venoz gipertenziya moyak venalari klapanlarining muvaffaqiyatsizligiga olib keladi. Vaqt o’tishi bilan asta-sekin aylanib o’tuvchi yo’l rivojlanadi, bemorlarda qonning buyrak venasidan moyak venasiga, u yerdan esa uzum shingiliga o’xshash chigalga qayta oqishi kuzatiladi. Varikosele rivojlanishiga olib keladigan omil sifatida old qorin devorining uzoq kuchanishi (qabziyat, intensiv jismoniy zo’riqish, uzoq vaqt davomida tik turish) natijasida ichki qorin bo’shlig’i bosimining oshishi xizmat qilishi mumkin.
Ikkilamchi (simptomatik) varikosele buyrak, tos yoki qorinparda orti bo’shlig’ida o’smalar shakllanishi asorati hisoblanadi. Bunday holda, kasallik rivojlanishining sababi urug’ tizimchasi venalaridan qonning normal oqishi uchun to’siq mavjudligi bo’ladi.
Varikosele tasnifi
Varikoselening quyidagi darajalari ajratiladi:
- 0-daraja. Palpatsiyada varikotselening belgilari aniqlanmaydi. Venalarning varikoz kengayishi faqat instrumental tadqiqotlar (dopplerografiya, UTT) o’tkazilganda aniqlanadi.
- 1-daraja. Yotgan holatda venalar palpatsiyada aniqlanmaydi, tik turgan holatda tomirlar kengayishi aniqlanadi.
- 2-daraja. Yogan va tik holatda palpatsiya paytida kengaygan tomirlar aniqlanadi.
- 3-daraja. Urug’ tizimchasi va moyak tomirlarining kengayishini qurollanmagan ko’z bilan ham ko’rish mumkin.
Varikosele alomatlari va belgilari
Varikotsele klinik ko’rinishlarining intensivligi venalarning kengayish darajasiga bog’liq. Kasallikning 0 va 1 bosqichida varikotsele belgilari kuzatilmaydi. Venalarning varikoz kengayishi, odatda, profilaktik tekshiruv vaqtida aniqlanadi.
Varikotselening 2-bosqichida bemorlar yorg’oq sohasidagi og’riqdan shikoyat qiladi. Og’riqning intensivligi sezilarli darajada farq qilishi mumkin. Bir qator bemorlar faqat yurish vaqtidagi noqulaylik haqida gapirsa, ayrim bemorlarda nevralgik tabiatli og’riqqa o’xshash keskin og’riqlar kuzatiladi. Yorg’oq sohasida ter ajralishi kuchayishi, achish hissi kuzatilishi mumkin. Varikoseleli ko’plab bemorlar jinsiy funktsiya buzilishidan shikoyat qiladi. Jismoniy tekshiruv vaqtida moyakning pastki qutbi va undah ham pastga ketuvchi venalarning kengayishi kuzatiladi. Shikastlangan tarafdagi moyak pastga tushib, assimmetriya va yorg’oq yarmini osilib qolishiga sabab bo’ladi.
Varikoselening uchinchi bosqichida og’riqlar va jismoniy faollik o’rtasidagi bog’liqlik yo’qoladi. Og’riq doimiy bo’lib qoladi, bemorni dam olish va tunlari ham bezovta qiladi. Tashqi ko’rikda ko’plab vena shingillari aniqlanadi. Yorg’oq kattalashadi, uning assimmetriyasi yanada sezilarliroq bo’ladi.
Varikotseleni tashxislash
Ko’pgina hollarda, varikosele tashxisi flebolog uchun qiyinchilik tug’dirmaydi. Bemorga kasallik rivojlanish sharoitlarini va uning davomiyligini aniqlash uchun savollar beriladi. Bel mintaqasida jarohatlar mavjudligiga e’tibor beriladi.
Ko’pgina hollarda tashqi ko’rik davomida kengaygan shingilsimon venalar aniqlanadi. Palpatsiyada uzum shingiliga o’xshash chigalning venalari pushtali, chuvalchangsimon, yumshoq ekanligi aniqlanadi. Ba’zi bemorlarda shikastlangan tomondagi moyak o’lchami kichiklashib, osilib qolgan bo’ladi.
Varikoseleda palpatsiya gorizontal, vertikal holatda va kuchanish holatida (Valsalva testini o’tkazishda) amalga oshiriladi. Agar tik turgan va kuchanish holatida o’ng tomonda kengaygan venalar aniqlanmagan bo’lsa, bu birlamchi varikosele bo’lishi ehtimoli yuqori. Gorizontal holatda bo’lganda ikki tomonlama yoki o’ng tomonli varikoseleda venalarning kengayishi saqlanib qolsa, bu simptomatik jarayondan dalolat berishi mumkin.
Simptomatik varikoselega olib keladigan o’sma shakllanishlarini istisno qilish uchun buyraklar va qorinparda orti bo’shlig’i majburiy ravishda UT tekshiruvdan o’tkaziladi. Tomir trombozi, shuningdek, ikkinchi darajali varikosele rivojlanishiga olib keladigan kasalliklar MRT yoki KT tekshiruvi vaqtida aniqlanishi mumkin. Voyaga yetgan bemorlarga spermogramma (eyakulyat tahlili) buyuriladi. Ko’pincha varikoseleda spermatozoidlarning astenozoospermiyasi (faolligi pasayishi) va oligospermiyasi (miqdorining kamligi) aniqlanadi.
Termometriya, yorg’oq UT tekshiruvi, dopplerografiya, termografiya va reografiya fakultativ diagnostika usullari hisoblanadi. Shu bilan birga, ultratovushli tekshiruv va doppleroskopiyadan foydalanish odatda varikoselening subklinik shakllarini aniqlash uchun ishlatiladi. Davolash taktikasini aniqlash uchun kontrastli tadqiqotlar o’tkaziladi: retrograd buyrak-moyakli venografiya, transskrotal testikuloflebografiya. Ba’zi hollarda operatsiya vaqtida, undan oldin va keyin antegrad venografiya amalga oshiriladi.
Varikoseleni davolash
Ikkinchi darajali varikoseleda asosiy kasallikni davolash kerak. Birlamchi varikoselening 0 va 1-darajalarida operativ davolash talab qilinmaydi. Kichik tosda dimlanishni bartaraf etishga yo’naltirilgan chora-tadbirlar o’tkaziladi (jismoniy zo’riqishni cheklash, surunkali ich qotishini oldini olish va boshqalar). Ba’zan keksa bemorlarga suspenzoriyalarni taqish ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Kuchli og’riq bilan kechuvchi 2-darajali varikosele va 3-darajali varikoseleda xirurgik davolash talab etiladi.
Varikoseleni operativ davolash uchun ko’rsatmalar:
- Og’riq sindromi;
- Astenozoospermiya va oligospermiya;
- Jinsiy yetilish paytida shikastlangan tomondagi moyakning rivojlanishdan ortda qolishi;
- Kosmetik nuqson.
Varikoseleni davolash uchun uchta jarrohlik aralashuvi mavjud: moyakni ko’tarish, varikoselening embolizatsiyasi va tomirlarni kesish.
Tomirlarni kesish subingvinal (chov kanaliga kirishda), ingvinal (chov kanalida) yoki retroperitoneal (chov kanaldan chiqishda) yo’l orqali amalga oshirilishi mumkin. So’nggi yillarda varikoseleda kengaygan tomirlarni bog’lab qo’yish uchun mikroxirurgik va laparoskopik operatsiyalar tobora ko’proq o’tkazilmoqda, bu esa asoratlar va retsidivlar ulushini sezilarli darajada kamaytiradi. Ba’zi hollarda bolalar va kattalarda moyak venasining rentgenoendovaskulyar okluziyasida yaxshi natijalarga erishilmoqda.
Varikotseleni oldini olish
Bir qator holatlarda varikotselening dastlabki bosqichlarda kichik tos a’zolarida dimlanishni bartaraf etish orqali yaxshi natijalarga erishish mumkin. Bemorlarga uzoq muddatli jismoniy faoliyatni cheklash, ichni me’yorlashtirish, alkogolli ichimliklarni iste’mol qilmaslik, vitaminlar qabul qilish, muntazam jinsiy hayot kechirish, mehnat va dam olish rejimini normallashtirish tavsiya etiladi.
Kasalliklar
alomatlari, davolash, oldini olish, tashxislash, turlari, Varikotsele — sabablari