VARIATSION STATISTIKA haqida malumot bilib oling.
VARIATSION STATISTIKA — matematik statistikaning amaliy tarmogi; statistik tuplam (majmua)larda belgilarning taqsimlanishini oʻrganadi. Statistik toʻplam biron bir jihatdan uxshash juda koʻp obyektlar yoki yalpi hodisalardan tashkil topadi. Variatsion statistika barcha biologik obyektlarga xos boʻlgan oʻzgaruvchanlik koʻp uchraydigan biol., genetika va q. x. ekinlari seleksiyasida keng qoʻllaniladi. Variatsion statistika matematik statistikaning nazariy xulosalariga asoslanadi va asosan kuzatilayotgan obyektdagi miqdoriy belgilarning oʻzgarishini oʻrganishda qoʻllaniladi. Bir guruhga mansub belgilarning u yoki bu darajada variatsiyalanishm tashqi muhit omillarining ayrim kuzatish obyektlariga turlicha taʼsiri hamda ularning oʻziga xos xususiyatlariga bogʻlik. Belgilarning turli sharoitda oʻzgarishini oʻrganib, mazkur belgining qanchalik tashqi omillar taʼsiriga uchraganligini aniqlash mumkin. Ayniqsa miqdoriy belgilar juda oʻzgaruvchan. Seleksion-genetik materialni miqdoriy belgilar boʻyicha baholashda zaruriy ulchash, hisoblash, tarozida tortish, biokimyoviy tahlil ishlari amalga oshiriladi. Natijada hali tartibga kelmagan, «xom» maʼlumot toʻplanadi. Toʻgʻri maʼlumot olish va real mavjud boʻlgan qonuniyatlarni topish uchun toʻplangan faktik maʼlumotlar Variatsion statistika usullari bilan ishlanadi. Bu usullarda sifat va mikdor oʻzgaruvchanlikning asosiy koʻrsatkichlari: oʻrtacha arifmetik (x), dispersiya (st2), oʻzgaruvchanlik koeffitsiyenti (v,%) va oʻrtacha arifmetik xato (Sx) kabilar aniqlanadi. Dispersion analiz eng mukammal usul boʻlib, populyatsiyaning umumiy yoki fenotipik oʻzgaruvchanligini asosiy omil yoki asosiy omillar hamda muhit sharoiti taʼsiri bilan bogʻliq komponentlarga ajratish imkonini beradi. Bundan tashqari tadqiqotlarda belgilarning irsiylanishi va populyatsiyaning tanlashga koʻrsatadigan reaksiyasini baholashda genetik-statistik usullar ham qoʻllaniladi. Shuningdek, organizm belgi va xususiyatlarining korrelyativ bogʻlanish (q. Korrelyatsiya) yoʻnalishi hamda kuchini, belgining muhit sharoitiga bogʻliq holda korrelyatsion oʻzgaruvchanligini aniqlashga imkon beruvchi korrelyatsion, regression va kovariatsion tahlillardan ham foydalaniladi.
Natalya Simongulyan. Tolibjon Turgʻunov.
Ensiklopediya.uz
VARIATSION STATISTIKA