VAQTINCHA MEHNATGA QOBILIYATSIZLIK haqida malumot bilib oling.
VAQTINCHA MEHNATGA QOBILIYATSIZLIK — xodimning sogʻligʻiga koʻra nisbatan qisqa muddat davomida ishni bajara olmasligi. OʻzRda mehnat qobiliyati muttasil yoʻqolib, bemorning mehnat faoliyatini umuman yoki uzoq muddatga toʻxtatish yoki mehnat sharoitlarini jiddiy ravishda oʻzgartirishga olib kelgan taqdirda, xodimga Tibbiy mehnat ekspertiza komissiyasi tomonidan nogironlik belgilanadi. Xodimlarning, shuningdek mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan, yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi, shu jumladan, kooperativ (shirkat), fermer xoʻjaliklarida mehnat qilayotgan fuqarolarning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligini ekspertiza etish tibbiyot muassasalarining shifokorlari yoki tibbiy maslahat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik respublika Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan kasallik varaqasi b-n, ayrim qonunda koʻrsatilgan hollarda esa, tibbiy maʼlumotnomalar b-n tasdiqlanadi.
Kasallik yoki mehnatda mayib boʻlish oqibatida vaqtincha mehnat qobiliyatini yoʻqotgan yoki protezlash, yaʼni yasama aʼzolar qoʻyish uchun protez ortopediya korxonaning statsionariga joylashtirilgan xodimlar davlat ijtimoiy sugʻurtasi hisobidan nafaqa bilan taʼminlanadi. Shuningdek, xodim sanatoriy-kurortda davolanish uchun yuborilgan, oilaning bemor aʼzosini parvarish qilish zarurati tufayli oʻz mehnat vazifalarini bajarishdai ozod etilgan hollarda, karantin vaqtida ham Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi toʻlanadi.
Ensiklopediya.uz
VAQTINCHA MEHNATGA QOBILIYATSIZLIK