VALS haqida malumot bilib oling.
VALS (nem. walzen — aylanmoq) — juft boʻlib, tekis harakat bilan aylanib, jadal yoki oʻrtacha tezlikda ijro etiladigan raqs. Musiqiy oʻlchovi 3/4 yoki 3/8, usuli birinchi hissadagi urgʻusi bilan ajralib turadi. 18-a. ning oxirgi choragida avstriya, nemis xalq (lendler kabi) raqslari zaminida shahar sharoitida vujudga kelgan. 19-a. ning boshida yangi, lirik bal raqsi sifatida butun Yevropaga tarkalgan. Ayniqsa, Y. Lanner yaratgan va ota-bola I. Shtrauslar takomillashtirgan turkum shaklidagi Vena V. lari ommalashgan. Vals romans, ariyalar uchun asos boʻlib opera (Sh. Guno, J. Verdi, P. Chaykovskiy, S. Prokofyev va b.), operetta (I. Shtraus, F. Legar va b.), balet (L. Delib, P. Chaykovskiy), teatr musiqasida keng qoʻllanilgan. Shuningdek, kamer musiqa asari (ayniqsa musiqiy romantizm namoyandalari F. Shubert, F. Shopen, I. Brams, E. Grig va b. ijodida), simfonik musiqa janri (M. Glinka, Ya. Sibelius, M. Ravel) sifatida rivoj topgan.
Oʻzbek musiqasida Vals uslubidagi kuylar 1920-y. larda paydo boʻlgan (mas., Hamzaning «Hoy ishchilar» qoʻshigʻi). Keyinchalik Vals janri oʻzbek bastakorlari (T. Jalilov, «Vals»; K. Jabborov, «Diyorimsan»; M. Mirzayev, «Bahor valsi» va b.) va kompozitorlari (S. Yudakov, «Karnaval valsi»; M. Burhonov, «Oq oltin» vals-syuitasi; X. Izomov, «Toshkent osmoni»; M. Leviyev, «Mahallada duv-duv ran» filmidagi Vals va b.) ijodidan keng urin olgan.
Ensiklopediya.uz
VALS