Uzuk…

Uzuk…

Uzuk…

Mundarija скрыть
Uzuk…
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Knut GAMSUN,
Nobel mukofoti sovrindori, Norvegiya
Kunlarning birida zodagonlar davrasida yoshgina bir ayolni uchratdim. Uning moviy ko‘zlari yonib turar, nigohlari ham boshqalarnikidan ko‘ra ancha tiyrak edi, nazarimda. Qiziq, uning navbatdagi ko‘zlagani kim ekan? Deraza oldida turgan harbiy libosdagi ovozi bamisoli arslonning na’rasidek vajohatli xo‘jayinning o‘g‘limi yoki anavi yosh janobmi? Ayolni  sinchiklab kuzatib, uning bu gal yosh janobni nishonga olganini sezdim.
Men bu ayol bilan yaxshi tanishman. Yarim kechada ziyofatdan uy-uyimizga tarqalar ekanmiz, unga:
– Havo juda ochiq, bu tun naqadar ajoyib-a? Oqshoming ko‘ngilli o‘tdimi? – dedim. Va barmog‘imdagi nikoh uzugini yechib oldim-da, so‘zimda davom etdim: – Qara, sen bergan uzuk menga to‘g‘ri kelmayapti, barmog‘imni siqyapti. Balki, uni zargarga kengaytirishga berarsan?
U qo‘lini men tomonga uzatib, asta pichirladi:
– Uni menga beraqol, kengaytirsa bo‘ladi, albatta.
Uzukni unga tutqazdim.
Oradan bir oycha o‘tib, u bilan yana uchrashdim. Uzuk haqida so‘ramoqchi bo‘ldim, ammo so‘ramadim.
Hali vaqt bor, deya o‘yladim, uni shoshirish yaramaydi, yana biror oy o‘tsin.
Shu payt uning o‘zi so‘z boshlab qoldi:
– Ha, aytganday, uzuk. Bilasanmi, juda bema’ni bir ko‘ngilsizlik yuz berdi, uzukni qaergadir yashirib qo‘ygandim, endi sira topolmayapman. – Ayol shu taxlit mening javobimni kutardi.
– Bundan jahling chiqmadimi? – bezovtalanib so‘radi u.
– Yo‘q, – dedim men.
Oradan yana bir yil o‘tdi. Men yana o‘sha qadrdon manzilga qaytdim va bir kuni oqshom chog‘i menga tanish, judayam tanish yo‘lak bo‘ylab sayrga otlandim.
Tasodifni qarangki, ro‘paramdan u, ha, ha aynan o‘sha ayol kelardi!
U uzoqdanoq menga qarab gapira boshladi:
– Uzuk, sening nikoh uzuging! Uni topdim, sevgilim! Nihoyat, topdim va kengaytirishga berdim. Endi u barmog‘ingni siqmaydi.
Unga avvalgidan ham sinchiklab qaradim. Endi u hech kimga keraksiz, dahani kengayib, lablarining rangi o‘chgan bir ayol edi.
– Eh, – dedim unga tavoze bilan egilib ta’zim qilarkanman. – Shu uzuk borasida hech omadim yurishmadi-yurishmadi-da! Axir bu uzuk endi haddan ziyod kengayib ketibdi, barmog‘imga kattalik qilyapti!
Ayol bir seskanib tushdi. Nazarimda u qo‘nimsiz, besabr, goh chiroydan, goh boylikdan baxt izlovchi ayolning nikoh uzugi tuyg‘ulari turg‘un odamga loyiq kelmasligini angladi, chog‘i…

Uzuk…