Uzoq sharqning o‘lchov birliklari to’liq malumot oling

Uzoq sharqning o‘lchov birliklari to’liq malumot oling

Xitoyda oʻlchov-birliklarni unifikatsiyalash borasidagi ilk islohotlarni eramizdan avvalgi 221-yilda taxtga oʻtirgan imperator Shi Xuang Ti amalga oshirgan. Asosiy ogʻirlik birligi sifatida shi ishlatilgan. Koʻp bosqichli tekshirishlar natijasida olimlarning aniqlashicha, qadimgi Xitoyning 1 shi ogʻirlik oʻlchovi taxminan 60 kilogrammga teng boʻlgan ekan. Ushbu oʻlchov birligining ≈71,68 kg teng varianti Chin oʻlkasida XX asr boshlarida ham ishlatilardi. Xitoyliklarning masofa oʻlchov birligi li deb nomlangan. Uning kattaligi nafaqat zamondan zamonga, balki hududdan hududga ham oʻzgarib borgan. Oʻrtacha olinganda bir li taxminan ≈500 metr atrofida boʻlgan. Aynan shu nomli masofa birligi Koreyada ham mavjud edi. Koreyslardagi li xitoyliklarnikidan ancha kattaroq boʻlib, 3,93 km ni tashkil qilgan. Xitoyda, shuningdek, chi va chan uzunlik birliklari qoʻllangani maʼlum. Turli manbalarda bir chi 27,9 sm dan 40 sm gacha boʻlgani qayd etiladi. Chan esa chining karralisi boʻlib, u 10 chiga teng boʻlgan (≈3,3 metr). XIX asrda Xitoy va Yevropa savdo munosabatlari rivojlana boshlagach, xitoyliklar ushbu uzunlik birliklarini rasmiy qonunlashtirib qoʻyishgan. Masalan, 1844-yildagi Xitoy–Angliya savdo bitimida yoki 1860-yildagi Xitoy–Fransiya savdo shartnomalarida Xitoy tovarlari oʻlchovlari chi birligida koʻrsatilgan hamda uning 35,5 sm ekani qayd etib qoʻyilgan. In esa channing oʻn barobari boʻlgan va u 33,3 metrni tashkil qilgan. Bunday koʻrinishda u XX asrning 40-yillariga qadar muomalada boʻlgan.

Yaponiyada ham oʻlchov birliklari xitoyliklarnikiga oʻxshash tarzda rivojlangan va XX asrning oʻrtalariga qadar Yevropa taʼsiridan yiroq boʻlib kelgan edi. Hozirda ham yaponlar kundalik maishiy turmushda oʻzlarining qadimgi oʻlchov va birliklaridan keng foydalanishadi. Masalan, ularda hozir ham sun nomli uzunlik birligi keng qoʻllanadi. U taxminan ≈3,03 sm ga teng boʻlib, xorijliklar sunni yapon dyumi ham deyishadi. 1 sun oʻz navbatida 10 bu ga tengdir. 10 sun esa 1 syakuga teng boʻladi. 1 yapon syakusu 30,3 sm boʻladi. Yaponlarning uzunlik birliklarida saykudan keyingi karrali birliklar esa oʻnli emasligi bilan eʼtiborlidir. Xususan, 1 ken 6 syaku boʻlsa, 1 tyo 60 kenga teng boʻladi. Yaponlar qoʻllaydigan eng katta uzunlik birligi ri boʻlib, u 36 tyoga teng va metr tizimida u taxminan ≈4 km boʻladi. Shunisi qiziqki, yaponlar chuqurlikni ifodalash uchun xiro birligidan foydalanishadi. 1 xiro 1 kenga teng. Massa birliklari ham yaponlarda oʻziga xos. Ular qoʻllaydigan eng kichik massa birligi fun deb ataladi. 1 fun 375 milligrammga teng boʻladi. Funning karralisi momme deb nomlanadi va 10 funga teng. 1891-yildan eʼtiboran esa yaponlar 600 grammga aniq tenglashtirilgan kin birligidan ham keng foydalanishadi.

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Uzoq sharqning o‘lchov va birliklari
Muqova surat: freepik.com

Boshqa mavzular
Uzoq sharqning o‘lchov birliklari