Uy xo‘jalik asboblari (topishmoqlar) to’liq malumot oling
Og‘zi do‘ppidek,
Ichi qizil, xumdek.
(Tandir)
Shum kampir,
Shumaloq kampir,
Ikki beti yumaloq kampir.
(Tandir)
Og‘zi qora ko‘k tozim,
Kuniga to‘qqiz kiyik oladi.
(Tandir)
Alomat-a, alomat,
Ichi qizil qiyomat.
Ho‘l urdim,
Quruq chiqdi.
(Tandir, non)
Osti lop-lop,
Usti lop-lop,
O‘rtasida kumush qoplab.
(Rapida)
O‘zi bitta,
Qulog‘i to‘rtta.
(Qozon, to‘rt qulog‘i)
Qulog‘i qornida,
Boshi yo‘q.
(Qozon)
Qora tovuq,
Qorni to‘q.
(Qozon)
Qora sigir qarab turar,
Sariq sigir yalab turar.
(Qozon, olov)
Qora ho‘kizning putini,
Qizil ho‘kiz yalaydi.
(Qozon, olov)
Bir tom ichida uchta beti qora.
(O‘choqpoya)
Uchi jamlashgan,
Kuchi birlashgan.
(O‘choqpoya)
Qora botir otdan tushdi,
Askarlari o‘rab olishdi.
(Qozon, tovoq, kosa)
Qora dev yiqildi,
Bolalari yig‘ildi.
(Qozon, tovoq, kosa)
Laylak uyada,
Dumi ziyoda.
(Cho‘mich)
Hakka uyada,
Quyrug‘i ziyoda.
(Qoshiq)
Bir xotin bor, bolalari choch-choch,
Ikki qo‘li doim boshida.
(Qoshiqdon)
Osti imorat,
Usti imorat,
O‘rtasi otashxona.
(Samovar)
Bozorda sariq ayg‘ir kishnaydi.
(Samovar)
Ichi qora ko‘mirday,
Tishi sariq isparakday.
O‘ltirishi mulladay,
Qichqirishi tayloqday.
(Samovar)
Suv desam, suv emas,
Shildiraydi bir narsa.
O‘t desam, o‘t emas,
Yiltiraydi bir narsa.
Boshiga bo‘rkini olib,
Bo‘rkillaydi bir narsa.
(Samovar)
Umrdon-a umrdon,
Yoqqan o‘ti ko‘mirdan.
Makkadan bir qush kepti,
Jig‘ildoni temirdan.
(Samovar)
O‘zi katta,
Kichikka egiladi.
(Choynak)
O‘zi turar jimgina,
Qulog‘i bor birgina.
(Choynak)
Ro‘parada turibdi,
Yuzi dumaloq, lo‘ppi.
Bir qulog‘i bor, bir burni,
Boshiga kiygan do‘ppi.
(Choynak)
Onalari tokchadan tushsa,
Bolalari yugurib keladi.
(Choynak, piyola)
Hamma kishini ko‘rganda labini o‘pkay.
(Piyola)
Labi labimga tegsa, og‘zim kuyadi.
(Piyola)
Mehmon keldi,
Yugurib bordi.
Qo‘liga chiqib,
Labini o‘pdi.
(Piyola)
Qora tuyam baqirar.
(Choydish)
Buxorodai kelgan lo‘k,
Kulga borib cho‘k.
(Oftoba)
Qorni qortoz,
Burni burtoz.
Otga minmas,
Piyoda yurmas.
(Obdasta)
Borayotganda och minar,
Kelayotganda to‘q.
(Ko‘za)
Qorni qopday,
Bo‘yni ipday.
(Xum)
Shim kampir,
Shim-shim kampir.
(Qatiq soladigan kadi)
Uzun terak,
Ichi kovak.
(Kuva)
O‘ttiz umurtqasi yo‘q,
Qirq qobirg‘asi yo‘q.
Shiliq-shiliq etadi,
O‘zi sira to‘ymaydi.
(Mesh)
Oq echkim ichi yo‘q,
Suyagi yo‘q, go‘shti yo‘q,
O‘zi shiliq-shiliq etadi,
Yumalab yerda yotadi.
(Mesh)
Oq echkim qanotin yozdi,
Og‘zin ochsam ichidan bol chiqdi.
(Mesh)
Bo‘tali tuya ovul kezar.
(Keli)
Otasi og‘zin ochar,
Bolasi urib qochar.
(Keli)
Taltayib turadi,
Tarsillatib uradi.
(Keli)
Tap-tap etadi,
Tagidan karvon o‘tadi.
(Elak)
Tak-tak tomdan qor yog‘adi.
(Elak)
Yangi idish,
Tagi teshik.
(Elak)
Bir o‘zi,
Ming ko‘zi.
(Elak)
Oqqina tuya kulga cho‘kar.
(Elak)
Kalta momom loy tepar.
(Saqich)
Kaltacha bobom loy tepar.
(Saqich)
Kichkina mitti,
Echkini yiqitdi.
(Pichoq)
Ishini bitirdi,
Eshik tagiga o‘tirdi.
(Supurgi)
Eshik orqasida beli bog‘liq qul yotar.
(Supurgi)
Beli bog‘liq qulbachcha,
Tomdan o‘tin tashlaydi.
(Supurgi)
Belin bog‘lab uy o‘rtasida o‘ynar.
(Supurgi)
Qo‘ygan yerda turadi,
Osh yemaydi, suv ichmaydi.
(Supurgi)
Qobirg‘asi bor, qoni yo‘q,
Og‘zi bor, joni yo‘q.
(Qop)
Yetsa turmas,
Tursa yotmas.
(Qop)
G‘ishim yo‘lda yo‘rg‘alar,
Yurgan yo‘li oqarar.
(Sovun)
Kichkina misr,
Beklarni otdan tushir.
(Chilim)
Bo‘yni birgina,
Qo‘li ikkigina,
Chaqirib kelmaydi,
Piyoda yurmaydi.
(Chilim)
Ustida o‘t yonadi,
Tagida suv qaynaydi.
(Chilim)
Sarvinoz, sallasi katta, bo‘yni kir.
(Chilim)
Boradi, boradi,
Tangaday joyni oladi.
(Hassa)
Kunduzi top-top etar,
Kechasi bovursoqday yerda yotar.
(Hassa)
Kunduzi yuradi-yuradi,
Oqshom tik turadi.
(Hassa)
Uzun terak turib ketdi,
Yo‘rg‘a-yo‘rg‘a yurib ketdi.
(Hassa)
El olmasa, ellik yil yotadi.
(Oltin)
Yerda chirimaydi,
Elda yo‘qolmaydi.
(Oltin)
Kichkinagina minnas,
Olamni kezib tinmas.
(Tanga pul)
Oppoqqina, yumaloqqina,
Hammaning ko‘ziga yaxshigina.
(Tanga pul)
Loydan bo‘sh,
Toshdan qattiq.
(Qo‘rg‘oshin)
Bir oyog‘in osib turar,
Bir oyog‘in bosib turar.
Chor bozorga boradi,
Bo‘z bozorga bormaydi.
(Tarozi)
Ikki og‘a-inini bir ustunga bog‘ladim.
(Tarozi)
Ikki singil,
Og‘ir-engil.
(Tarozi)
Oq sallali bobo tom ustidan yantoq tashlaydi.
(Ustara)
Tomdan poxol tashlaydi,
G‘aldi pakana.
(Ustara)
Ming qo‘yimni bir chiviq bilan haydadim.
(Ustara)
Toqirchoq to‘bada toy o‘ynar.
(Ustara)
Tepa ustida bukur sichqon o‘ynaydi.
(Ustara)
Yumaloq tepada qilich o‘ynar.
(Ustara)
Tom ustida olifta usta.
(Ustara)
Suyri to‘ba ustida —
Abjir tozi o‘ynaydi.
(Ustara)
Ertaklar
Uy xo‘jalik asboblari (topishmoqlar)