Uveit

Uveit

Uveit

Mundarija скрыть
Uveit
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Koʼz tomirli pardasi uveal yoʼlining yalligʼlanishi koʼpincha surunkali kechadi va uzoq muddat davolanishni taqozo etadi. Аslida koʼz soqqasi uch qavatdan: 1tashqi fibroz, 2tomirli, 3toʼr pardadan iborat. Tomirli qavat koʼzni qon bilan taʼminlovchi tomirlardan hosil boʼlib, uning oldingi koʼrinib turgan qismi rangdor parda – iris, oʼrta qismi – siliar tana va orqa qismi – xorioideyadir. Bu toʼqimalar birgalikda uveal yoʼlini tashkil etib, koʼzning ikkinchi tomirli parda qavatining yalligʼlanishi esa uveit kasalligini bildiradi.
uveit 624x288 1
Uveit koʼz xastaliklari ichida eng koʼp uchraydi (5-7 foizgacha). Tomirli qavatning oldingi qismi yalligʼlanishi iridotsiklit, orqa qismining yalligʼlanishi xorioidit, barcha qismining yalligʼlanishi esa panuveitdir.
Аyrim hollarda uveitning kelib chiqishiga toksoplazmoz, xlamidioz, zaxm, sil, brutsellez va boshqa infektsiyalar, shuningdek sitomegalovirus, gerpess virusi keltirib chiqaruvchi kasalliklar, hattoki, zamburugʼlar va parazitlar sabab boʼlishi mumkin.
Revmatoid isitma (biriktiruvchi toʼqima yalligʼlanishi), revmatoid artrit (boʼgʼimlar yalligʼlanishi), Bexterev kasalligi (umurtqa pogʼonasining boʼgʼim-boylam apparati shikastlanishi), OITS va boshqa kasalliklarda, shuningdek, koʼz soqqasining jarohatida ham uveit kuzatiladi. Baʼzi bir hollarda esa kasallikka olib keluvchi sabablar nomaʼlum boʼlib qoladi.
Uveitda yalligʼlanish oʼchogʼining qaysi joydaligiga qarab klinik belgilari namoyon boʼladi. Oldingi uveitda koʼz oldida yengil tuman, koʼz soqqasi ogʼirlashishi, koʼrish oʼtkirligining pasayishi, koʼzning qizarishi, qorachiqning torayib yorugʼlikni sezmasligi, yorugʼlikdan koʼrqish, yoshlanish, koʼz bosimining oshishi va ogʼriqning paydo boʼlishi, koʼzning koʼrmay qolishi kuzatiladi.
Orqa uveit ogʼriqsiz kechadi. Kasallik belgilari sekin-asta namoyon boʼladi, masalan, koʼrish qobiliyati pasaya boradi va koʼz oldida qora dogʼlar va tuman paydo boʼladi. Boshqa kasalliklar qatori uveit xastaligi ham boshlangʼich davrida aniqlanib, qancha erta davolansa, toʼliq tuzalib, koʼrish qobiliyati tiklanishi, shuningdek, katarakta, glaukoma kabi ogʼir asoratlarning oldini olish mumkin. Oʼz vaqtida davolanmasa, koʼrish oʼtkirligi butkul izdan chiqadi, bu dard ikkinchi sogʼ koʼzga ham oʼtishi mumkin.
Kasallikning rivojlanishiga qarab oftalьmolog tomonidan davolash muolajalari olib boriladi. Аvvalo toʼgʼri tashhis qoʼyish uchun albatta koʼz oldi qismini yoritib koʼrish, zarur holatlarda koʼz oldi qismini biomikroskopiyasi, koʼz tubini koʼrish – oftalьmoskopiya va ulьtratovush tashhisoti kabi murakkab usullardan foydalaniladi.
Bu kasallik polietiologik, yaʼni bir nechta sabablar tufayli yuzaga keladigan dard boʼlganligi uchun uni davolash jarayoni shifokordan bilim va mahorat talab qiladi. Dastlab xastalikni keltirib chiqargan omillarni toʼgʼri aniqlash muhim ahamiyatga ega, chunki zarur dori-darmonlar bilan davolash muolajalari shunga qarab oʼtkaziladi.
Uveitning oldini olish uchun kariesli tishlarni davolash, burun yondosh boʼshliqlarida surunkali yalligʼlanish jarayonini bartaraf etish kerak. Immuniteti susaymagan bemorlarda hamma faol oʼchoqlarni davolash shart emas, chunki periferiyada joylashgan kichik oʼchoqlar koʼpincha zararsiz boʼlib, oʼz-oʼzidan tuzalib ketadi. Bemor har tomonlama tibbiy nazoratdan oʼtkazilib, aniq tashxisdan keyin toʼgʼri davolansa, kasallik qaytalashining oldi olinadi.
Botir BUZRUKOV,
oftalьmolog, tibbiyot fanlari doktori.

Uveit