Uveit — sabablari, belgilari, davolash va profilaktikasi haqida malumot

Uveit — sabablari, belgilari, davolash va profilaktikasi haqida malumot

Ko‘z tomirli pardasi uveal yo‘lining yallig‘lanishi ko‘pincha surunkali kechadi va uzoq muddat davolanishni taqozo etadi. Aslida ko‘z soqqasi uch qavatdan: 1tashqi fibroz, 2tomirli, 3to‘r pardadan iborat. Tomirli qavat ko‘zni qon bilan ta’minlovchi tomirlardan hosil bo‘lib, uning oldingi ko‘rinib turgan qismi rangdor parda – iris, o‘rta qismi – siliar tana va orqa qismi – xorioideyadir. Bu to‘qimalar birgalikda uveal yo‘lini tashkil etib, ko‘zning ikkinchi tomirli parda qavatining yallig‘lanishi esa uveit kasalligini bildiradi.

uveit kasalligi

Uveit ko‘z xastaliklari ichida eng ko‘p uchraydi (5-7 foizgacha). Tomirli qavatning oldingi qismi yallig‘lanishi iridotsiklit, orqa qismining yallig‘lanishi xorioidit, barcha qismining yallig‘lanishi esa panuveitdir.

Uveit kelib chiqishiga sabablar nima?

Ayrim hollarda uveitning kelib chiqishiga toksoplazmoz, xlamidioz, zaxm, sil, brutsellez va boshqa infeksiyalar, shuningdek sitomegalovirus, gerpess virusi keltirib chiqaruvchi kasalliklar, hattoki, zamburug‘lar va parazitlar sabab bo‘lishi mumkin.

Revmatoid isitma (biriktiruvchi to‘qima yallig‘lanishi), revmatoid artrit (bo‘g‘imlar yallig‘lanishi), Bexterev kasalligi (umurtqa pog‘onasining bo‘g‘im-boylam apparati shikastlanishi), OITS va boshqa kasalliklarda, shuningdek, ko‘z soqqasining jarohatida ham uveit kuzatiladi. Ba’zi bir hollarda esa kasallikka olib keluvchi sabablar noma’lum bo‘lib qoladi.

Uveit kasalligi belgilari qanday?

Uveitda yallig‘lanish o‘chog‘ining qaysi joydaligiga qarab klinik belgilari namoyon bo‘ladi. Oldingi uveitda ko‘z oldida yengil tuman, ko‘z soqqasi og‘irlashishi, ko‘rish o‘tkirligining pasayishi, ko‘zning qizarishi, qorachiqning torayib yorug‘likni sezmasligi, yorug‘likdan qo‘rqish, yoshlanish, ko‘z bosimining oshishi va og‘riqning paydo bo‘lishi, ko‘zning ko‘rmay qolishi kuzatiladi.

Orqa uveit og‘riqsiz kechadi. Kasallik belgilari sekin-asta namoyon bo‘ladi, masalan, ko‘rish qobiliyati pasaya boradi va ko‘z oldida qora dog‘lar va tuman paydo bo‘ladi. Boshqa kasalliklar qatori uveit xastaligi ham boshlang‘ich davrida aniqlanib, qancha erta davolansa, to‘liq tuzalib, ko‘rish qobiliyati tiklanishi, shuningdek, katarakta, glaukoma kabi og‘ir asoratlarning oldini olish mumkin. O‘z vaqtida davolanmasa, ko‘rish o‘tkirligi butkul izdan chiqadi, bu dard ikkinchi sog‘ ko‘zga ham o‘tishi mumkin.

Uveit kasalligini davolash qanday amalga oshiriladi?

Kasallikning rivojlanishiga qarab oftalmolog tomonidan davolash muolajalari olib boriladi. Avvalo to‘g‘ri tashhis qo‘yish uchun albatta ko‘z oldi qismini yoritib ko‘rish, zarur holatlarda ko‘z oldi qismini biomikroskopiyasi, ko‘z tubini ko‘rish – oftalmoskopiya va ultratovush tashhisoti kabi murakkab usullardan foydalaniladi.

Bu kasallik polietiologik, ya’ni bir nechta sabablar tufayli yuzaga keladigan dard bo‘lganligi uchun uni davolash jarayoni shifokordan bilim va mahorat talab qiladi. Dastlab xastalikni keltirib chiqargan omillarni to‘g‘ri aniqlash muhim ahamiyatga ega, chunki zarur dori-darmonlar bilan davolash muolajalari shunga qarab o‘tkaziladi.

Uveit profilaktikasi

Uveitning oldini olish uchun kariyesli tishlarni davolash, burun yondosh bo‘shliqlarida surunkali yallig‘lanish jarayonini bartaraf etish kerak. Immuniteti susaymagan bemorlarda hamma faol o‘choqlarni davolash shart emas, chunki periferiyada joylashgan kichik o‘choqlar ko‘pincha zararsiz bo‘lib, o‘z-o‘zidan tuzalib ketadi. Bemor har tomonlama tibbiy nazoratdan o‘tkazilib, aniq tashxisdan keyin to‘g‘ri davolansa, kasallik qaytalashining oldi olinadi.

© Botir BUZRUKOV,
oftalmolog, tibbiyot fanlari doktori.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Kasalliklar
belgilari, davolash va profilaktikasi, Uveit — sabablari