Usmon bilan Yoqub

Usmon bilan Yoqub

Usmon bilan Yoqub

DO`STLARGA ULASHING:

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bitta chol yashagan ekan. Uning ikkita o‘g‘li bor ekan. Kattasining ismi — Usmon, kichigining ismi Yoqub ekan.
Chol:
— O’g‘illarim, men endi qarib qoldim, endi ro‘zg‘or ishi o‘zlaringga qoldi, borib yerni haydab kelinglar, — debdi.
Aka-uka yer haydagani ketishibdi. Usmon kuni bilan yer haydab, rosa charchabdi. Terlab, hamma yog‘i chang bo‘lib ketibdi. Yoqub esa «kasalman» deb, kechgacha salqinda yotibdi,
Kech kirganda, u akasiga:
— Siz yuvinib keling. Men qo‘shni olib ketaman, — debdi. Usmon yerni haydaganida ozgina qismi qolgan ekan. Yoqub qolgan joyni haydabdi va hamma yog‘iga tuproq sepib, chang qilib olibdi. Dadasining yoniga borib:
— Akam hech ham ishlamadilar, hamma yerni bir o‘zim haydadim, — debdi.
Dadasi Yoqubning gapiga ishonib, Usmondan xafa bo‘libdi. Shunga qaramay, «bosh o‘g‘il-ku!» deb, o‘zining bisotidagi yigirma besh tillasini Usmonga beribdi. Usmon pulni olibdi-yu, otasining qo‘pol muomalasidan xafa bo‘lib, uydan chiqib ketibdi. Yoqub esa akasiga:
— Siz qayerda bo‘lsangiz, men ham siz bilan birga bo‘laman, — debdi.
Ular yo‘l yurishibdi, yo‘l yurishsa ham, mo‘l yurishibdi, bir o‘rmonga yetishibdi. Bir ovchi o‘rmondan fil bolasini olib kelayotgan ekak. Usmoi undan.
— Bu filcha senga nima gunoh qildi? — deb so‘rabdi. Ovchi:
— Ovimga tushgan narsa, endi olib borib sotmoqchiman, —debdi.
Usmonning filchaga rahmi kelibdi va:
— Sotsang qanchaga sotasan? — so‘rabdi.
— Yigirma besh tillaga sotaman, — debdi ovchi. Usmon yigirma besh tillani ovchiga berib, filni ozod qilibdi va o‘rmonga qo‘yib yuboribdi, Yoqub esa nima qilishini bilmay qolibdi, chunki u pulni olish maqsadida akasi bilan yo‘lga chiqqan ekan. Endi u qaytib ketishini ham, qaytmasligshsh ham bilmay qolibdi. Qaytay desa, uyaladi, qaytmay desa, pul qo‘ldan chiqib ketgan. Ular yurib-yurib, oxiri bir shaharga yetib kelishibdi. U yerga kirib borsalar, hammaning og‘zida bir gap: «Podshoning bir qizi bor ekan. Uni bir dev olib ketibdi. Kimki shu devni o‘ldirsa, podsho qizi bilan boyligining yarmini berarmish».
Usmon bilan Yoqub podshoning huzuriga borishibdi. Ular devni o‘ldirishga bormoqchi ekanliklarini aytishibdi va kerakli qurol-aslaha bilan qurollanishibdi. Usmon bilan Yoqub dev yashaydigan toqqa chiqishibdi. Usmon dev bilan olishib, uni o‘ldiribdi. Keyin bir chuqur g‘orga duch kelibdi, tushsa, bir chekkada qiz o‘tirgan ekan. Usmon qizga uni qutqargani kelganini aytibdi. Yoqub tepada, g‘orning og‘zida qolgan ekan. Usmon qizning beliga arqon bog‘lab, tepaga chiqarib yuboribdi. Yoqub esa akasini g‘orning ichida qoldirib, o‘zi qizni olib, jo‘nab ketibdi.
Podshoga borib, «devni o‘ldirib, qizingizni olib keldim», debdi. Podsho behad quvonibdi va qirq kecha-yu, qirq kunduz to‘y qilib, qizini Yoqubga bermoqchi bo‘libdi. Endi gapni Usmondan eshiting.
Usmon ukasini rosa chaqiribdi, undan darak bo‘lmagach, xafa bo‘lib g‘orni aylanib yuraveribdi. Shu alfozda bir necha kun o‘tibdi. Oxiri u holdan toyib, yotib qolibdi. Bir mahal madorsiz holda ko‘zlarini ochib qarasa, o‘zi bo‘shatib yuborgan fil bolasi uning yonida turgan emish. Uning ahvolini ko‘rgan filcha g‘ordan chiqib ketibdi va g‘orning tepasidan unga arqon tashlabdi. Usmon zo‘r-bazo‘r arqonga o‘zini bog‘labdi, fil bolasi uni tortib olibdi. Fil bolasi Usmonga o‘rmondan turli mevalar va yeydigan narsalar topib kelibdi. Usmon sal tuzalgach, podshoning saroyiga qarab yo‘l olibdi. Borsa, saroyda katta to‘y bo‘layotgan emish. U odamlardan «kimning to‘yi» deb so‘rasa, «Yoqub degan bola devni o‘ldirib, malikani qutqardi, shuning uchun podsho qizini Yoqubga beryapti» deyishibdi. Usmon ichkariga kirib qarasa, haqiqatan ham Yoqubning to‘yi bo‘layotgan emish. Shu payt Usmon podshoning qizini chaqirtiribdi. Qiz darrov Usmonni tanibdi va ular podsho huzuriga borib, bo‘lgan voqeani aytib berishibdi. Podsho Yoqubni izza qilib, saroydan haydab yuboribdi. Usmonga esa qizini hamda yarim davlatini berib, to‘yni yanada katta qilib yuboribdi.

Usmon bilan Yoqub