Uretrit — sabablari, alomatlari, tasxhislash, davolash va oldini olish
Uretrit — siydik chiqarish kanali shilliq qavatining bakterial yoki virusli infektsiya bilan shikastlanishi. Kasallik rivojlanish jarayonida siydik yo’llarining shishishi va yallig’lanishi yuzaga keladi. Kechishi bo’yicha o’tkir va surunkali shakllari farqlanadi.
Kasallik bemor shikoyatlarining majmuasi bo’lgan va siydik chiqarish paytida og’riq bilan o’zini namoyon qiladigan uretral sindrom bilan birga kechadi. Patologiya ayollarda ham, erkaklarda ham uchraydi.
Siydik chiqarish kanali yallig’lanishi belgilari
Bemorlarning chorak qismida kasallik hech bir alomatlarsiz kechadi va skrining tekshiruv vaqtida tasodifan aniqlanadi. Qolgan qismida uretritning asosiy belgisi — uretral sindrom. Uning mavjudligida bemor quyidagilardan shikoyat qiladi:
- Siydik chiqarganda og’riq va achishlar;
- Uretra sohasida achishish hissi;
- Uretraning ichki kiyim bilan aloqa qilganda noqulaylik yuzaga kelishi;
- Siydik chiqarish yo’llari atrofidagi sohaning qizarishi;
- Uretra qirralarining yopishishi;
- Siydik bilan yiring (piuriya) yoki qon aralashib chiqishi.
Kasallik sabablari
Uretrit rivojlanishining eng ko’p tarqalgan sababi — siydik chiqarish kanali shilliq qavatining infektsiya bilan zararlanishi. Ko’pincha bu infektsiya venerik kasalliklar bilan kasallanish natijasi bo’ladi, shuningdek u siydik chiqarish trakti a’zolarining yallig’lanishi (sistit, pielonefrit va boshqalar) oqibatida rivojlanishi mumkin.
Kasallik gononkokkli va gonokokksiz shakllarga bo’linadi. Gonokokkli uretritni gonoreyani keltirib chiqaradigan bakteriyalar chaqiradi va bu shakl kasallikning 20% ulushini tashkil etadi.
Kamdan-kam hollarda immunitetning pasayishi fonida kasallik boshqa a’zolarda mavjud bo’lgan surunkali infektsiya o’choqlari tomonidan chaqirilishi mumkin.
Noinfektsion uretritlar allergik reaktsiyalar, siydik yo’llari jarohatlari, kanalning torayishi kabi omillar natijasida rivojlanishi mumkin.
Tashxis
Uretritni tashxislash urolog shifokor uchun uchun katta qiyinchilik tug’dirmaydi. Tashxis bemorning shikoyati va kasallikning klinik tasviri asosida tuziladi va laboratoriya diagnostikasi usullari bilan tasdiqlanadi. Siydik chiqarish kanali yallig’lanishining dastlabki tashxisi quyidagi belgilar mavjudligiga asoslanadi:
- Siydik chiqarish paytida og’riq yoki achish mavjudligi;
- Uretra atrofidagi to’qimalarning shishishi va yallig’lanishi;
- Siydik chiqarish kanalidan anomal ajralmalar ajralishi.
Agar ushbu bemorda ushbu belgilarning kamida 2 tasi mavjudligi aniqlansa, shifokor ajralmani olish va uni sun’iy oziqa muhitida o’stirishni belgilaydi. Ajralmalar bo’lmaganda, ertalabki dastlabki siydik chiqarish vaqtida olingan birinchi 50 ml peshob o’rganiladi.
Siydikda mikroorganizmlar aniqlansa, uretrit tashxisi tasdiqlangan deb hisoblanadi, chunki normada siydik steril suyuqlik hisoblanadi. Tashxis tasdiqlanganidan so’ng, aniqlangan mikroorganizmlarning turiga qarab bemorga qo’shimcha tekshiruvlardan o’tish tayinlanadi. Kichik chanoq a’zolarining ultratovushli tekshiruvi o’tkaziladi, jinsiy yo’l bilan yuqadigan kasalliklarni aniqlash bo’yicha tahlillar amalga oshiriladi, buyraklarning ishlashini tavsiflovchi asosiy biokimyoviy parametrlar va ko’rsatkichlar baholanadi.
Asoratlari
Siydik-tanosil tizimining barcha infektsion kasalliklarida bo’lgani kabi, uretrit bemorda bir qator jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Infektsion jarayonning tarqalishi sayin bemorda quyidagi asoratlar paydo bo’lishi mumkin:
- Prostatit (prostataning yallig’lanishi);
- Vezikulit (urug’ pufakchalarining yallig’lanishi);
- Orxit (moyaklarning yallig’lanishi);
- Balanit (chekka kertmakning yallig’lanishi);
- Uretraning torayishi.
Kasallikni davolash
Uretritni davolash kasallik rivojlanishiga sabab bo’lgan infektsiyani bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar kompleksidan iborat bo’ladi. Bemorlarga quyidagilar tayinlanadi:
- Antibiotiklar — kasallik bakterial xususiyatga ega bo’lsa;
- Virusga qarshi vositalar — virusli infektsiyalarda;
- Kasallik kechishini yengillashtiradi yallig’lanishga qarshi dorilar.
Xavf guruhi
Uretrit rivojlanishi xavfi bo’lgan guruhga jinsiy yo’l bilan yuqadigan kasalliklar bilan kasallanish ehtimoli yuqori bo’lgan odamlar kiradi. Shuningdek, bu guruhdan tez-tez sovqotishga duch keladigan va immuniteti bilan bog’liq muammolari bo’lgan shaxslar ham o’rin oladi.
Oldini olish
Siydik yo’llari shamollash va yallig’lanishiga qarshi profilaktik chora-tadbirlar quyidagilarni o’z ichiga oladi:
- Urolog huzurida profilaktik tekshiruvlardan o’tib turish;
- Jinsiy kasalliklarni oldini olish uchun baryer himoya vositalaridan foydalanish;
- Kichik chanoq a’zolari gipotermiyasini oldini olish;
- Tegishli umumiy immunitetni saqlab turish, zarur hollarda mustahkamlash;
- Jinsiy a’zolarning gigienasiga rioya qilish.
Parhez va turmush tarzi
Uretritda ma’lum bir parhez tutish talab qilinmaydi, birinchi navbatda suyuqlik ichish tartibi me’yorga keltirilishi kerak. Sutkalik qabul qilinadigan suyuqlik miqdori me’yoriy chegaralarda bo’lishi kerak. Hayot tarzi, o’z navbatida, yuqorida sanab o’tilgan profilaktik choralarini nazarda tutishi lozim.
Kasalliklar
alomatlari, davolash va oldini olish, tasxhislash, Uretrit — sabablari