Universitet tanlashda aldanib qolmang! — xorijda o‘qish bo‘yicha tavsiyalar
Universitet tanlashda aldanib qolmang! — xorijda o‘qish bo‘yicha tavsiyalar
DO`STLARGA ULASHING:
Ayni kunlarda ommaviy axborot vositalari, televideniye, radio va reklama tarqatishning boshqa manbaalari orqali xorijiy davlatlardagi oliy ta’lim muassasalariga (OTM) o‘qishga taklif qiluvchi turli ko‘rinishdagi reklama e’lonlari avj oldi. Sababi, yurtimizda bo‘lgani kabi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida OTMga o‘qishga qabul jarayonlari ketmoqda.
Takliflar ko‘p, barchasi turfa xil. Ana shunday vaziyatda abituriyent yoki uning ota-onasi qaysi OTMni tanlashni bilmay bosh qotirishi tabiiy.
Ushbu tavsiyalar bilan xorijdagi OTMni tanlashda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida bilganlarimiz bilan o‘rtoqlashmoqchimiz. Demak, boshladik.
Maqsadingizni aniq belgilab oling: sizga sifatli ta’lim kerakmi yoki xorijga chiqish imkoniyati?
Internetdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda taxminan 200 mingga yaqin OTM mavjud ekan. Ularning ko‘pchilik qismida dunyoning istalgan mamlakati fuqarolari taxsil olishlari mumkin. Ammo ularning hammasida ham ta’lim sifatini ko‘ngildagidek, deb bo‘lmaydi. Dunyo miqyosida tan olinganlari ham ko‘p emas.
Shunday ekan, OTMni tanlashda eng avvalo kishi o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga aniqlik kiritib olishi kerak bo‘ladi. Cifatli ta’lim olib, malakali kadr bo‘lib yetishish istagida bo‘lgan kishi, albatta, OTMning sifatiga, dunyo reytingida tutgan o‘rniga, ta’lim yo‘nalishining aktualligiga e’tibor qaratishi lozim bo‘ladi. Aksincha, shunchaki orzudagi xorijiy davlatga yetib olishni ko‘zlagan odamga OTMning qanday bo‘lishi unchalik ahamiyatli bo‘lmasligi mumkin.
Ham o‘qib, ham ishlab kontrakt uchun kerakli summani o‘zim topaman, kerak bo‘lsa, oila a’zolarimni ham moddiy ta’minlayman, deb o‘ylasangiz, yanglishasiz. Chunki bunday sharoitda na o‘qishning sifati yaxshi bo‘ladi va na ishning. Ko‘plab yurtdoshlar xorijga borib olib, moddiy tomondan qiynalib qolishadi. Shunday qiyinchiliklarning aksariyati o‘qishni tashlab, vatanga qaytish bilan yakun topadi.
Xorijdagi OTMlarga berilgan «otzyv»lar bilan tanishing
Biror OTMni tanlashdan avval uning rasmiy veb-sayti yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini ko‘zdan kechiring. Imkoni bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlar, masalan Facebookdagi sahifangiz (agar bo‘lsa) orqali, o‘zingiz qiziqayotgan OTMda o‘qigan odam bo‘lsa, u haqida qanday fikrda ekani to‘g‘risida fikr qoldirishlarini so‘rab post joylang. Kimdir albatta sizga bu haqda ma’lumot beradi.
Yana bir muhim narsa, OTMning top-da tutgan o‘rnini kuzating.
«Hech qanday imtihonlarsiz talaba bo‘ling!» degan chaqiruvdan ko‘p ham hayajonga berilib ketmang. Chunki xalqaro tajribada «xaridorgir» bo‘lmagan OTMlarning chet el fuqarolarini imtihonsiz qabul qilish amaliyoti mavjud. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa OTMning xalqaro dagi o‘rnini yaxshilashdir. Xalqaro ni shakllantirishda chet el fuqarolarining jalb etilgani darajasi muhim omillardan biri hisoblanadi.
Hech qanday imtihonsiz o‘qishga kirdingiz degani o‘qishni ham hech qanday imtihonsiz tugatasiz, degani emas. Chet tilini bilmasangiz va o‘tilgan fanlarni yetarli darajada o‘zlashtirmasangiz, birinchi semestrdayoq haydalish kuyini chalishingiz muqarrar. Unutmang, o‘zlashtirilmagan fanni qayta o‘qish ham pul turadi, unga ham vaqt ketadi. Siz bir semestr uchun to‘lagan pul va bitta xorijlik talaba o‘qidi degan status universitetni foydasiga qoladi.
Ta’lim tili eng asosiy talab ekanini unutmang – birorta xorijiy til, masalan ingliz yoki rus tilini bilmasangiz va yaqin 3-4 oy ichida o‘rganib olishga kuchli ishtiyoqingiz bo‘lmasa, shu yilda xorijda tahsil olish fikridan voz keching va kerakli tilni o‘rganing.
Har qanday xorijiy oliy o‘quv yurtlari til bilish ko‘nikmasini so‘raydi. Bunga talaba tayyor bo‘lishi kerak. Til bilish ko‘nikmasi odatda IELTS, TOEFL kabi xalqaro tan olingan testing tizimlari taqdim etadigan sertifikatlar orqali baholanadi. Ammo OTM o‘zi ham maxsus testlarni taklif etishi, 1 yil til kursida o‘qishini taklif etishi mumkin.
Ko‘pchilik shu taklif bo‘yicha ketib, keyin talaba bo‘laman deb o‘ylaydi. Bu xato. Aslida 1 yildan keyin, masalan, Xitoy tilidan kerakli darajaga chiqa olmasangiz, siz faqat Xitoyda yashab, til o‘rganishga harakat qilib, kerakli ballni to‘play olmagan bo‘lasiz.
Xorijga yubormoqchi bo‘lgan «kompaniyalar»ni obdon tekshiring, iste’molchi sifatida bunga to‘la haqlisiz!
Ma’lumki, bugungi kunda ko‘plab firmalar xorijdagi OTMga kiritib qo‘yish bo‘yicha xizmatlarini taklif qilmoqdalar. Aslida, ularning ish uslubi ko‘p ham murakkab emas. O‘ziga chaqiruvchi e’lonlar berishadi, mijozlarni (abituriyentlar) to‘plab, hujjatlarini xorijdagi OTMga topshirishadi va yana ayrim kichik texnik, konsultativ ishlarni bajarishadi. Shu xizmatlar uchun muayyan haq olishadi.
Ana shunday firmalar bilan munosabatlarga kirishishda ularning sizni yubormoqchi bo‘layotgan OTM bilan rasmiy shartnomasi bor-yo‘qligini so‘rang. O‘zaro hamkorlik shartnomasi yo‘qmi, demak bilingki, bu firma sizni aldamoqda. Ular tavakkalga ish tutishadi va yuz berishi mumkin bo‘lgan oqibatlar uchun javobgarlikni zimmasiga olmaydi. Qiladigan ishi – internet orqali OTM saytiga kirib, onlayn formani to‘ldiradi, tamom. Qolgan barcha ma’lumotlarni (nima qilish kerakligini) OTMning o‘zi sizni elektron pochtangizga yuborib turadi.
Ularning va’dalariga uchmang. Va’dalar taxminan quyidagicha bo‘lishi mumkin:
– Falon davlatdagi OTMlarga hech qanday imtihonlarsiz o‘qishga kiring!
– Kontrakt narxi yiliga 250 AQSh dollari!
– Diplomi nostrifikatsiyasiz O‘zbekistonga o‘tadi!
– Bir yildan keyin o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirish mumkin!
Firibgarlardan ogoh bo‘ling! Birorta OTM bilan shartnomasi bo‘lmagan, hamkorlik o‘rnatmagan firmalar ham uchrab turibdi. Ular sizni chalg‘itish maqsadida kerakli hujjatlarni fotoshop usulida tayyorlab olgan bo‘lishi ham mumkin.
Imtihonsiz o‘qishga kirish haqidagi fikrlarimizni yuqorida aytdik. Unutmang, diplomning nostrifikatsiyasi va o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirish masalalari bu firmalarga bog‘liq emas.
Aslida bu kompaniyalar bajaradigan ishni har bir shaxs o‘zi ham qila olishi mumkin. Buning uchun biroz qunt qilib, internet «titish» lozim. Har bir OTMning rasmiy saytida o‘qishga qabul qilish shartlari va talablari yozilgan bo‘ladi.
Yana bir muhim jihat, O‘zbekistonda turib sizni o‘qishga kiritib qo‘yishga va’da berayotgan firma xizmatlaridan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, albatta yozma shartnoma tuzing. U ko‘rsatadigan xizmatlar nimadan iborat ekanini so‘rang va bularni shartnomada aks ettirilishini talab qiling. To‘lovni o‘zbek so‘mida, firmaning bankdagi hisob raqamiga to‘lang va kvitansiyasini shartnomaning o‘zingizdagi bir nusxasi bilan birga saqlang. Mobodo muammo chiqqudek bo‘lib qolsa sizga asqotadi.
«Bir yildan keyin o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirvolaman» deguvchilar, ogoh bo‘ling, bu shunchaki yuz bermaydi
Eng avvalo, siz xorijda o‘qigan ta’lim yo‘nalishingizga mos keladigan yo‘nalishni respublikamizda ham topishingiz kerak bo‘ladi.
Shuningdek, Nizomga ko‘ra, respublika OTMlaridagi mavjud ta’lim shaklidan o‘zga shaklda ta’lim olganingiz yoki xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan OTMlarida o‘qiganingiz o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirishingizga to‘sqinlik qiladi.
Bundan tashqari, o‘qishni ko‘chirish jarayonidagi rasmiyatchiliklar ham talaygina ekanini aytish lozim.
O‘zingizni asrang, pulingizni behudaga sovurmang
O‘zbek xalqida bir gap bor: «o‘zida bo‘lsa o‘qiydi». Darhaqiqat, insonning o‘zida harakat, bilim olishga intilish va rag‘bat bo‘lsa, unga qaysi OTMni tamomlashning ahamiyati yo‘q. Dunyo bo‘yicha ko‘zga ko‘ringan nufuzli insonlarning tarixi bilan qiziqing, ularning bu darajaga erishishlariga faqat ular tamomlagan universitet sabab bo‘lmaganiga amin bo‘lasiz.
Barchasi o‘z harakatingizga bog‘liq. Xech bir zamonda ta’lim olish bepul bo‘lmagan. Peshona teri bilan topilgan pullaringizni ishonchsiz va samarasiz joylarga sarflamang.
Tuzoqqa tushib qolmaslik uchun o‘qing va o‘rganing!
Dilshod Abduqodirov
kun.uz
Universitet tanlashda aldanib qolmang! — xorijda o‘qish bo‘yicha tavsiyalar