Umurtqa pog‘onasida og‘riq — sabablari, xavf omillari, tashxislash va davolash usullari haqida malumot

Umurtqa pog‘onasida og‘riq — sabablari, xavf omillari, tashxislash va davolash usullari haqida malumot

Umurtqa pog‘onasidagidagi og‘riqlar ish qobiliyatini pasaytirib, shifokorga murojaat qilishga sabab bo‘luvchi holatdir. Umurtqa pog‘onasidagi og‘riqlar har qanday yoshda kuzatiladi, ko‘proq 35 va 55 yoshlar oralig‘ida uchraydi. Umurtqa pog‘onasidagi og‘riqlar orqa sohadagi bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan mushaklar, suyaklar va boylamlarning ish faoliyatida kamchiliklar bo‘lishidan kelib chiqadi. Umurtqa pog‘onasining bel sohasidagi og‘riqlarga bel, dumg‘aza umurtqalari, umurtqalararo disklar, suyaklar va disklar orasidagi boylam, bel nervlari, bel mushaklari, qorin va chanoq sohasi ichki a’zolari va bel sohasidagi terida bo‘ladigan o‘zgarishlar sabab bo‘ladi. Ko‘krak umurtqalaridagi og‘riqlarga esa aorta, ko‘krak sohasidagi o‘smalar va umurtqa suyaklarining yallig‘lanishlari sabab bo‘lishi mumkin.

Umurtqa sohasidagi og‘riq sabablari

Odam organizmining orqa sohasi mushaklar, boylamlar, paylar, disk va suyaklar kompleksidan tuzilgan. Har bir umurtqa suyaklari orasida, ularga yostiqcha vazifasini bajaruvchi disklar bo‘ladi. Yuqoridagi sanab o‘tilgan komponentlardan birontasida o‘zgarish bo‘lsa, orqa umurtqa sohasida og‘riq kelib chiqadi.

Umurtqa pog‘onasi og‘rishi

Zo‘riqish

  • Mushaklar zo‘riqishi, charchashi;
  • Boylamlar zo‘riqishi;
  • Mushaklar spazmi;

Zo‘riqish va spazmga olib keluvchi faktorlar:

  • Yuklarni ko‘tarishda xato yo‘l qo‘yish;
  • Juda og‘ir yukni ko‘tarish;
  • Keskin va qo‘pol harakat qilish.

Tizimdagi muammolar

Disklar yorilishi – har bir umurtqa suyaklari disklar bilan tutashgan, disklar umurtqalar uchun himoya “yostiqchasi”dir. Agar disklarda qandaydir yoriqlar paydo bo‘lsa o‘sha yerdan o‘tgan nerv tolalarini ezib qo‘yadi og‘riqqa sabab bo‘ladi.

O‘tirg‘ich nervi bo‘ylab og‘riq – o‘tkir va kuchli og‘riq dumba sohasidan to oyoqlarning orqa sohasi bo‘ylab pastgacha kuzatiladi. Bunga sabab disklar churrasi yoki disklardagi yoriqlarning o‘tirg‘ich nervini (nervus ishiadicus) ni ezib qo‘yishidir.

Artrit – osteoartrit bilan duch kelgan bemorlar sonda, belda, tizzalarda va qo‘l bo‘g‘imlarda og‘riq sezishadi. Umurtqa kanalining torayishi – spinal stenozda nerv tolalari va tugunlarining joylashishi uchun bo‘shliqning torayib qolishida ham og‘riq kuzatiladi.

Umurtqadagi patologik egriliklar – agar inson umurtqa pog‘onasida patologik egriliklar bo‘lsa ham og‘riq sezadi. Masalan skolioz umurtqaning yon tomonga qiyshayishida.

Osteoporoz – suyaklarning, umurtqa suyaklarining ham yemirilishi va sinuvchan bo‘lib qolishi umurtqalar deformatsiyasiga olib keladi va og‘riq hissini chaqiradi.

”Ot dumi” sindromi – “ot dumi” nervi orqa miyaning neg pastki va oxirgi, ingichka ipsimon nerv tolasidir. Mana shu nerv tolasining zararlanishida ham dumbaning yuqori sohasida, bel sohasida to‘mtoq, kuchsiz bo‘lmagan og‘riq sezishadi. Bundan tashqari dumba, jinsiy a’zolar sohasi va sonning sezuvchanligi ham kamayib ketishi mumkin. Ichaklar va siydik ayiruv tizimi tomonidan ham kamchiliklar kuzatilib turadi.

Umurtqalardagi o‘smalar – umurtqa sohasida paydo bo‘lgan o‘smalar shu joydan o‘tayotgan nerv tolalarini ezib qo‘yishi natijasida og‘riq kelib chiqadi.

Infeksiyali yallig‘lanishlar – agar inson orqa sohasida og‘riq sezsa, tana harorati normadan yuqori bo‘lsa, bunga sabab biror bir infeksiya natijasida yallig‘lanish bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari chov sohasidagi yallig‘lanishlar, buyraklar, siydik qopi yallig‘lanishlari orqa sohada og‘riq sezishga olib keladi.

Yotoq matrasining noqulayligi – agar yotoq joyingiz tekis va qulay bo‘lmasa, umurtqa pog‘onangizga noqulay ta’sir qilsa ham og‘riqqa sabab bo‘ladi.

Kunlik harakatlar

Orqa sohada og‘riq kunlik harakatlar natijasida ham kelib chiqadi:

  • Qaltis harakat;
  • Biror bir yukni itarish, tortish;
  • Biror bir og‘ir yukni yelkaga osib ko‘tarib yurish;
  • Uzoq vaqt davomida tik oyoqda turish;
  • Uzoq vaqt davomida yotish;
  • Yo‘tal;
  • Aksirish;
  • Muskullar zo‘riqishi;
  • Muskullar cho‘zilishi;
  • Bo‘yinni uzoq muddat bir xil holatda tutish, mashina haydaganda, kompyuter oldida ko‘p o‘tirganda.

Xavf omillari

Ba’zi bir faktorlar kasallik keltirib chiqarishi yoki uni kuchaytirib yuborishi mumkin. Masalan semizlik qandli diabetning kelib chiqishi uchun xavf omili.

Quyidagilar xavf omillariga kiradi:

  • Stresslarga boy kasb;
  • Homiladorlik – homilador ayollar bellarida og‘riq sezishadi;
  • Kam harakatli kasb;
  • Qarilik;
  • Depressiya;
  • Jins – bel og‘riqlari ko‘proq ayollarda uchraydi, erkaklarda esa kamroq;
  • Semizlik;
  • Chekish;
  • Jismoniy mashqlarni juda ko‘p bajarish.

Belgilari

Asosan orqa sohada, umurtqa bo‘ylab og‘riq sezish, og‘riqning oyoqning orqa sohasiga, dumba va kichik chanoq sohalariga o‘tishi. Nerv tolalarining o‘tishi va uning boshqa a’zolarga borishi hisobiga o‘sha a’zolarda ham og‘riq sezilishi mumkin.

umurtqa pogonasida ogriq

Agar quyidagi belgi va simptomlardan biri og‘riq bilan birga kuzatilsa shifokorga murojaat eting:

  • Tana vaznining kamayishi;
  • Tana harorati oshishi;
  • Orqa sohada yallig‘lanish;
  • Doimiy og‘riq – dam olganda yoki yotganda ham og‘riq qolmasa;
  • Oyoqlarga ham tarqalsa;
  • Tizza sohasida, sonning oldingi yuzalarida og‘riq sezilsa;
  • Siydik tuta olmay qolish;
  • Siyish paytida og‘riq sezish;
  • Najasni ushlay olmay qolish, ya’ni nerv siqilishi natijasida ichaklar mushaklarini boshqara olmay qolish;
  • Chanoq sohasida sezgining pasayishi;
  • Orqa chiqaruv teshigi atrofida sezgining pasayishi;
  • Dumba sohasida sezgining pasayishi;

British National Health Service (NHS) ma’lumot berishicha quyidagi insonlar shifokor maslahatlarini olib turishlari kerak:

  • 20 yoshdan kichik va 55 yoshdan oshgan insonlar;
  • Steroidlarni davomli bir necha oyga qabul qilish;
  • Dori preparatlarini davomli qabul qilish;
  • O‘sma bilan kasallangan bemorlar;
  • Immunitet sistemasi susaygan insonlar.

Diagnozi

Malakali shifokorlar orqa sohadagi og‘riqlarning sababini osonlik bilan aniqlay olishadi. Ko‘pchilik hollarda instrumental ko‘ruv talab etiladi.

Disklar, paylar, nerv tolasi, boylamlar va boshqa komponentlarda biror bir muammoga gumon qilinganda rentgenografiya, kompyuter tomografiyasi, MRT tekshiruvlari og‘riqning asl sababini va lokalizatsiyasini topishga yordam beradi.

Rentgenografiya – suyaklarda bo‘ladigan muammolarni aniqlashda foyda beradi, artrit yoki suyaklarning sinishida aniqlab beradi. Ammo muskullarda, nerv tolalarida, disklarda bo‘ladigan muammolar haqida ma’lumot bera olmaydi.

MRT va kompyuter tomografiyasi (KT) – bu tekshiruv umurtqalararo churralar, boylamlar, paylar, nerv tolalari, qon tomirlari, muskul va suyaklarda bo‘ladigan patologiyalarni aniqlashda eng ko‘p ma’lumot beruvchi usuldir.

Suyak rentgenografiyasi – suyaklardagi o‘smalar, singan qismlari, osteoporoz alomatlarini aniqlab beradi.

Elektromiografiya – elektr impulslari muskullardan o‘tkazilib, zararlangan nerv tolasini aniqlash imkonini beradi.

Agar infeksiyaga gumon qilinsa umumiy qon analizi tekshiriladi, qonning bakterial ekmasi o‘rganiladi.

Davosi

Ko‘pchilik orqa sohadagi og‘riqlar o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi – shunchaki e’tibor bilan uy sharoitida muolajalar o‘tkazilsa bo‘lgani. Retsepsiz beriladigan og‘riq qoldiruvchi preparatlar qabul qilish, issiq yoki sovuq komopresslar qo‘yish ham og‘riqni kamaytiradi. Dam olish, yotoq rejimiga rioya qilish ham muskullarni dam oldiradi, lekin ikki kundan ortiq yotoq rejimida qolib ketish ham mushaklar zaiflashib, qon aylanishi kamayishiga sabab bo‘ladi.

Umurtqa og‘rishi

Odatda orqa sohadagi og‘riqlar 2 guruhga bo‘linadi:

  • O‘tkir – og‘riq to‘satdan paydo bo‘ladi va 3-4 daqiqa davom etib turadi;
  • Surunkali – og‘riq uzoq muddat davomida paydo bo‘ladi, 3 oydan uzoq davom etadi va muammolarga sabab bo‘ladi.

Agar uy sharoitida qilingan muolajalar foyda bermasa shifokor quyidagilarni maslahat berishi mumkin:

Medikamentoz davo – orqa sohadagi og‘riqlar analgetiklar yordamida to‘xtamasa, nosteroid yallig‘lanishga qarshi preparatlar buyuriladi. Shifokor nazorati ostida, hattoki narkotik analgetiklar orqali blokada qilishi ham mumkin.

Fizoterapiya — issiq, sovuq kompressal, ultratovush va elektr stimulyatorlar yordamida orqa sohadagi mushaklarni bo‘shashtirish, harakatlantirish yo‘li bilan og‘riqni kamaytirish mumkin. Maxsus mashqlar bajarish yo‘li bilan ham ayrim guruh mushaklarni harakatlantirish bilan ularning spazmidan qutulish mumkin.

Kortizonlar ineksiyasi – epidural sohaga kortizonlar (steroid yallig‘lanishga qarshi vositalar) buyuriladi, bu preparatlar nerv tolalari atrofida bo‘ladigan yallig‘lanish jarayonlarni yo‘qotadi.

Kasalliklar
tashxislash va davolash usullari, Umurtqa pog‘onasida og‘riq — sabablari, xavf omillari