Umr bo‘yi daraxt ekkan odam to’liq malumot oling

Umr bo‘yi daraxt ekkan odam to’liq malumot oling

Bangladeshning Faridpur shahrida yashovchi Abdus Samad Shayxni tanish-bilishlari “Daraxt-odam” deb ham atardi. Sababi, u 12 yoshidan boshlab 48 yil davomida har kuni kamida bitta daraxt ekkan. Riksha-aravada kirakashlik qilib kun koʻrgan Abdus Samad har kuni 100 taka (taxminan $1,25 dollari atrofida) pul topib, shundan bir qismini koʻchatga ajratgan.

“Daraxt ekolmagan kunim koʻzimga uyqu kelmaydi… — degandi Shayx “The Daily Star” nashriga bergan intervyusida. Juda koʻp koʻchatlarni davlat yerlariga ekkanman, shuning uchun ularni kesib tashlashga uncha-munchasining yuragi dov bermaydi. Ekkan daraxtlarimni yaxshi koʻkarguncha sugʻorib ham turaman, birov koʻchirayotgani yo sindirganini koʻrsam, qattiq qarshilik koʻrsataman, tanbeh beraman. Men butun borliqni, hayvonlarni ham yaxshi koʻraman. Lekin daraxtlarga mehrim oʻzgacha”.

Abdus Samad xotini Jorna va farzandlari bilan butun umr ikki xonali kulbada yashadi. Uning oʻz yeri yoʻq edi, hatto uyi joylashgan yer ham shahar hokimligiga tegishli boʻlgan.

Uy-roʻzgʻorga zoʻrgʻa pul topgani sabab xotini koʻp dakki bergan boʻlsa-da, Shayx koʻchat ekishni toʻxtatmadi. “Men otamning daraxt ekishiga hech qachon qarshi boʻlmaganman, — deydi shayxning oʻgʻli Kutub Uddin. Chunki u bu ishni jamiyat uchun qildi”.

Keksa musulmonning tabiatga muhabbati oxir-oqibat mukofotlandi. 2017-yil fevralida “The Daily Star” nashri fidoyi bogʻbonni yuz ming taka (taxminan $1253) bilan taqdirladi. Abdus Samad bu pulga oilasi uchun tuzukroq uy qurib berdi.

Tabiatning mehribon qoʻriqchisi 2017-yil avgustida 60 yoshida dunyodan oʻtdi. U umri davomida 17 500 dan ortiq daraxt ekdi. Bu daraxtlar bir joyga yigʻilsa, butun boshli oʻrmon hosil boʻladi.

Abdus Samad Shayx katta ishlarni amalga oshirish uchun boy-badavlat boʻlish shart emasligini, samimiy istak va iroda kerakligini yana bir bor isbotlab ketdi. Uning oddiy va fidoyiliklar bilan kechgan hayoti katta ibratdir.

Maqola oriftolib.uz saytidan olindi. Original maqola → Umr boʻyi daraxt ekkan odam.
Muqova surat islamosfera.ru saytidan olindi.

Boshqa mavzular
Umr bo‘yi daraxt ekkan odam