Umar ibn Xattob to’liq malumot oling

Umar ibn Xattob to’liq malumot oling

Hazrat Umar Quraysh qabilasining Banu Adiy urug‘idan. Johiliyat davrida qabilaning elchilikka mas’ul kishisi bo‘lgan.
Mundarija скрыть
Umar singlisining uyida kuyovi Saidni ushlab olib: “Diningdan qaytib, Muhammadga ergashibsan, shundaymi?” deb do‘q uradi. Said: “To‘g‘ri yo‘l sening diningdan boshqa dinda bo‘lsa-chi?” deb e’tiroz bildirgani zahoti kuchli zarba yeydi. Umar Saidning ustiga o‘zini otib, ayovsiz ura boshlaydi. Yuziga urayotgan vaqtida Fotima binti Xattob kelib qoladi va Umarni eridan nari qilishga urinadi. Fotima akasiga: “Akajon, to‘g‘ri yo‘l sening diningdan boshqa dinda bo‘lsa, nima deysan?!” deydi dadillik bilan. Natijada bir tarsaki yeydi. Shu paytda bexosdan qo‘lidagi varaq tushib ketadi. Buni ko‘rgan Umar: “Uni menga uzat-chi!” deydi buyruq ohangida. Singlisi: “Sen nopoksan, bunda esa Allohning kalomi bor, uni faqat pok kishilargina ushlaydi, borib yuvinib kel”, deydi. Umar yuvinib kelgach, qog‘ozni o‘qiy boshlaydi. Bu Toho surasi edi: «To, ho. (Ey Muhammad!) Biz Sizga bu Qur’onni (din ishida) mashaqqat chekishingiz uchun emas, balki (Allohdan) qo‘rqadigan kishilar uchun eslatma sifatida nozil qildik. (U) Yerni va yuksak osmonlarni yaratgan zot (Alloh tomoni)dan nozil qilingandir. (U) Arsh uzra “mustaviy” bo‘lmish Rahmondir. Osmonlardagi, Yerdagi va ularning orasidagi hamda zamin ostidagi bor narsa Unikidir. Agar (Siz) oshkora gapirsangiz ham (yoki xufiyona gapirsangiz ham), albatta, U sirni ham, eng maxfiy narsalarni ham bilur. Alloh – Undan o‘zga iloh yo‘qdir. Uning “Asmoi Husno”si (go‘zal ismlari) bordir» (Toho, 1–8). Shundan so‘ng Umar:“Bu so‘zni faqat olamlarning Rabbisi ayta oladi. Laa ilaha illAlloh, Muhammadur Rasululloh. Meni Muhammadning huzuriga olib boringlar”, deydi. Xabob ibn Arot uning oldiga chiqib: “U zot Arqam ibn Abu Arqamning xonadonidadir. Men senda Rasulullohning : “Allohim, Islomni Umar ibn Xattob yoki Amr ibn Hishom bilan kuchli etgin”, deya qilgan duolarining ijobatini ko‘ryapman”, deydi. Umar ibn Xattob bu gapdan xursand bo‘lib ketdi va Arqamning uyiga borib eshik qoqdi. Umar ichkariga kirgach, Payg‘ambarimizning tizzalariga o‘zini tashlaydi. Shunda Rasululloh : “Endi imon keltirasanmi, ey Umar”, deydilar. Umar ibn Xattob: “Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va Muhammad Uning bandasi va rasuli ekaniga guvohlik beraman”, deya shahodat kalimasini aytadi.

Fil yilidan o‘n uch yil o‘tib tug‘ilgan. Nabiyga nubuvvat kelganida yigirma yetti yoshda bo‘lgan va nubuvvatning oltinchi yili Islomni qabul qilgan. Mo‘minlar amiri bo‘lganida ellik ikki yoshda edi. Uning amirlik davri o‘n yilu olti oyu to‘rt kun davom etgan. Oltmish ikki yoshida vafot etgan. Otasi Xattob Quraysh boshliqlaridan, onasi Hamna binti Hoshim edi. Ammasining o‘g‘li Valid ibn Mug‘ira Xolid ibn Validning otasi bo‘lgan.

Bolalari: o‘g‘li Abdulloh ibn Umar Nabiyning fe’llariga eng ko‘p ergashgan sahobalardan. Qizi Hafsa Nabiyning zavjasidir. Umarning Fotima va Osim ismli farzandlari ham bo‘lgan. Qolgan uch farzandini Nabiyning : «Allohga ismlarning eng yoqimlisi “Abdulloh” va “Abdurahmon”dir», degan hadislarini eshitgach, bitta nom bilan atagan: “Katta Abdurahmon”, “O‘rtancha Abdurahmon” hamda “Kichik Abdurahmon”.

Laqablari: uchta laqabi bo‘lib, ikkitasini Nabiy qo‘yganlar. Birinchisi: “Abu Hafs”, sherning bolasi degan ma’noni anglatadi.

“Abu Hafs” deb qizi Hafsaga nisbatan aytilgan degan fikr ham bor. Ikkinchi laqabi “Foruq”. Nabiy : “Sen Foruqsan, ya’ni: Alloh sen orqali haq bilan botilning orasini ajratadi”, deya marhamat qilganlar. Uchinchi laqabi esa “mo‘minlar amiri” deb nom olishidir.

Umar ibn Xattobning bo‘yi uzun bo‘lganidan kelayotganini ko‘rgan odam uni ot minib olgan deb o‘ylardi. Mushaklari baquvvat, mo‘ylovi enli, o‘zi oq-sariqdan kelgan, chiroyli yuzli kishi bo‘lgan. Yurganida tez, shaxdam-shaxdam qadam tashlardi. O‘ktam ovozda gapirar, xayol bilan turgan odam tovushidan qo‘rqib ketishi mumkin edi. Bu uning odamlar orasidagi haybatidan darak beradi.

Islomni qabul qilishidan ilgari Rasululloh : “Alloh, Islomni Umar ibn Xattob yoki Amr ibn Hishom bilan kuchli etgin”, deb duo qilganlar.

* * *

Musulmonlar safi kengayib borayotganini kuzatib turgan Umar (Islomni qabul qilmasidan ilgari) Nabiyni o‘ldirishga qaror qiladi. Makka ko‘chalaridan qilichini yalang‘ochlaganicha Rasulullohning uylari tomon yura boshlaydi. Uni sahobalardan biri ko‘rib qolib: “Yo‘l bo‘lsin, ey Umar”, deb so‘raydi. Umar: “Muhammadning oldiga, uni o‘ldiraman va Qurayshni undan qutqaraman”, deydi. Sahoba Nabiyga zarar yetib qolishidan cho‘chib: “Bani Abdulmutallib bunga yo‘l qo‘yadi deb o‘ylaysanmi?” deydi. Bu gapni eshitgan Umar: “Qarasam, sen ham Muhammadga ergashganga o‘xshaysan, dindan chiqibsan”, deb tahdid qiladi. Sahoba: “Yo‘g‘-e, bunday emas. Lekin, ey Umar, oldin o‘zingning etagingni yig‘ishtir, Muhammadning huzuriga borishdan oldin singling va kuyovingni tarbiyalab ol. Ular Muhammadga ergashib ketishgan”, deydi. Bu gapdan Umarning tepa sochi tikka bo‘ladi va singlisining uyiga yo‘l oladi. Sahoba esa tezda Nabiyning huzurlariga borib, u kishini vaziyatdan ogohlantiradi.

Umar singlisining uyida kuyovi Saidni ushlab olib: “Diningdan qaytib, Muhammadga ergashibsan, shundaymi?” deb do‘q uradi. Said: “To‘g‘ri yo‘l sening diningdan boshqa dinda bo‘lsa-chi?” deb e’tiroz bildirgani zahoti kuchli zarba yeydi. Umar Saidning ustiga o‘zini otib, ayovsiz ura boshlaydi. Yuziga urayotgan vaqtida Fotima binti Xattob kelib qoladi va Umarni eridan nari qilishga urinadi. Fotima akasiga: “Akajon, to‘g‘ri yo‘l sening diningdan boshqa dinda bo‘lsa, nima deysan?!” deydi dadillik bilan. Natijada bir tarsaki yeydi. Shu paytda bexosdan qo‘lidagi varaq tushib ketadi. Buni ko‘rgan Umar: “Uni menga uzat-chi!” deydi buyruq ohangida. Singlisi: “Sen nopoksan, bunda esa Allohning kalomi bor, uni faqat pok kishilargina ushlaydi, borib yuvinib kel”, deydi. Umar yuvinib kelgach, qog‘ozni o‘qiy boshlaydi. Bu Toho surasi edi: «To, ho. (Ey Muhammad!) Biz Sizga bu Qur’onni (din ishida) mashaqqat chekishingiz uchun emas, balki (Allohdan) qo‘rqadigan kishilar uchun eslatma sifatida nozil qildik. (U) Yerni va yuksak osmonlarni yaratgan zot (Alloh tomoni)dan nozil qilingandir. (U) Arsh uzra “mustaviy” bo‘lmish Rahmondir. Osmonlardagi, Yerdagi va ularning orasidagi hamda zamin ostidagi bor narsa Unikidir. Agar (Siz) oshkora gapirsangiz ham (yoki xufiyona gapirsangiz ham), albatta, U sirni ham, eng maxfiy narsalarni ham bilur. Alloh – Undan o‘zga iloh yo‘qdir. Uning “Asmoi Husno”si (go‘zal ismlari) bordir» (Toho, 1–8). Shundan so‘ng Umar:“Bu so‘zni faqat olamlarning Rabbisi ayta oladi. Laa ilaha illAlloh, Muhammadur Rasululloh. Meni Muhammadning huzuriga olib boringlar”, deydi. Xabob ibn Arot uning oldiga chiqib: “U zot Arqam ibn Abu Arqamning xonadonidadir. Men senda Rasulullohning : “Allohim, Islomni Umar ibn Xattob yoki Amr ibn Hishom bilan kuchli etgin”, deya qilgan duolarining ijobatini ko‘ryapman”, deydi. Umar ibn Xattob bu gapdan xursand bo‘lib ketdi va Arqamning uyiga borib eshik qoqdi. Umar ichkariga kirgach, Payg‘ambarimizning tizzalariga o‘zini tashlaydi. Shunda Rasululloh : “Endi imon keltirasanmi, ey Umar”, deydilar. Umar ibn Xattob: “Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va Muhammad Uning bandasi va rasuli ekaniga guvohlik beraman”, deya shahodat kalimasini aytadi.

* * *

Nabiy unga jannat bashoratini berganlar. Abu Muso Ash’ariy aytadi: «Men Nabiyni masjiddan izladim. Topolmagach, u zotning qaerdaliklarini so‘radim. Menga hozirgina chiqib ketganlarini aytishdi. Aris qudug‘iga yetganimda, u zot oyoqlarini quduqqa solib o‘tirgan ekanlar. Eshikbon bo‘lib turishni maqsad qildim. Shu payt Abu Bakr keldi. Unga: “Bugun men eshikbonman. Rasululloh ruxsat bermagunlaricha ichkariga kirmaysan”, deb aytdim. Abu Bakr hayron bo‘ldi va ruxsatni kutib turdi.

So‘ng Rasulullohning yoniga borib: “Ey Allohning rasuli, Abu Bakr sizdan kirishga izn so‘rayapti”, deb aytdim. Rasululloh uning kelganidan xursand bo‘lib, tabassum qildilar va: “Kirishiga ruxsat ber va unga jannat bashoratini ham ber”, deya marhamat qildilar. Aytganlariday qildim. Abu Bakr ichkariga kirib, Payg‘ambarimizning yonlariga o‘tirdi va u ham oyoqlarini quduqqa solib oldi. Shu vaqt hazrat Umar kelib qoldi. Endi ichkariga kirmoqchi bo‘lganida “Bugun men eshikbonman, Rasululloh ruxsat bermagunlaricha ichkariga kirish yo‘q”, deb aytdim. Nabiy unga ham ijozat berib, jannat xabarini aytdilar».

* * *

Kunlarning birida Rasululloh ashoblari orasida o‘tirganlarida: “Abu Bakr qanday ham yaxshi inson, Umar qanday ham yaxshi inson”, deya marhamat qildilar. Boshqa bir kuni Nabiy masjidga kiriboq: “Abu Bakr qaerda? Oldimga kelsin. Umar qaerda? Oldimga kelsin”, deb aytdilar. Oldilariga kelganlarida esa, ikkisining ham qo‘lidan tutib: “Qiyomat kunida xuddi shunday qayta tirilamiz”, dedilar. Hasan Basriy bunday hikoya qiladi: «Qiyomat kuni Islom odam suratida keladi. So‘ng odamlarga birma-bir qarab: “Ey Rabbim, mana bu menga yordam berdi, mana bu meni xor qildi”, deb aytadi. So‘ngra Umar ibn Xattobga qarab uning qo‘lidan tutadi va: “Ey Rabbim, mana shu kishi Islomni qabul qilguniga qadar men g‘arib edim”, deydi». Nabiy aytadilar: «Tushimda jannatda ekanim ko‘rsatildi. U yerda katta qasr ko‘rdim. Shunda men: “Bu qasr kimniki?” deb so‘radim. Menga: “Bu qurayshlik kishining qasri”, deyildi. “Menikimi?” deb so‘radim. “Yo‘q, bu Umar ibn Xattobning qasridir”, deyishdi».

Yana bir hadisda Nabiy aytadilar: «Tushimda jannatda ekanim ko‘rsatildi. U yerda ulkan qasrni ko‘rdim. Qasr oldida bir ayol tahorat olayotgan edi. Haligi ayoldan: “Bu qasr kimniki?” deb so‘radim. U: “Umar ibn Xattobniki” deb javob berdi. “Shunda Umarning rashkini eslab, u yerga kirmay ketdim”, dedilar. Bu gapni eshitgan hazrat Umar yig‘laganicha: “Men sizdan rashk qilamanmi, ey Allohning Rasuli?!” dedi».

* * *

Quraysh ayollari Payg‘ambarimizdan dinni o‘rganayotgan edi. Gaplashayotgan vaqtlarida tovushlarini Nabiyning ovozlaridan yuqori ko‘tarib yuborishdi. Shu payt hazrat Umar eshik taqillatib qoldi. Uning ovozini eshitgach, ayollarning dami ichiga tushib, qo‘rqib ketishdi. Nabiy esa kulib yubordilar. Hazrat Umar ichkariga kirganida unga: “Bilasanmi, Umar, anavi ayollar mening huzurimda gaplashib o‘tirib, ovozlarini menikidan baland ko‘tarayotgan edilar. Sen kelishing bilan jim bo‘lib qoldilar, nafaslari ichiga tushib ketdi”, dedilar. Shunda Umar: “Ey Allohning rasuli, sizdan qo‘rqishlariga haqliroqsiz”, dedi va ayollarga qarata: “Ey o‘z jonining dushmanlari, mendan qo‘rqasizlar-u, Allohning rasulidan qo‘rqmaysizlarmi?!” dedi. Ayollar unga javoban: “Axir sen qo‘polsan-da”, dedilar. Payg‘ambar kulib yubordilar va: “Ey Umar, agar shayton senga yo‘lda duch kelib qolsa, o‘ziga boshqa yo‘l topib ketadi”, dedilar.

* * *

Bir rivoyatga ko‘ra, Rasululloh : “Tushimda men tarozining bir pallasiga, ummatim esa ikkinchi pallasiga qo‘yildi. Men og‘ir keldim. So‘ngra Abu Bakr bir pallaga va ummat bir pallaga qo‘yildi. Abu Bakr og‘ir keldi. So‘ng Umar bir pallaga va ummat ikkinchi pallaga qo‘yilgandi, Umar og‘ir keldi”, deya marhamat qilganlar.

* * *

“Nima uchun tilanchilik qilyapsan?” deya so‘radi yo‘lda gadoychilik qilib o‘tirgan kishidan hazrat Umar kunlarning birida. Haligi yahudiy: “Jizya to‘lash uchun mol yig‘yapman”, deb javob qildi. Hazrat Umar : “Biz sendan yoshligingda jizya olib, endi qarib-keksayib qolganingda tilanchilik qilishga tashlab qo‘yibmiz-ku! Yo‘q, Alloh haqqi, senga albatta nafaqa beramiz”, dedi va qariyaga bundan oldin tilanchilikdan tushgan narsalarni egalariga qaytarishini buyurdi va o‘sha ondan boshlab barcha Islom o‘lkalariga u yerda yashaydigan barcha yahudiy va nasorolarning qariya va nogironlari, bolalari va ayollariga moddiy yordam berilsin, deb amr qildi.

* * *

Hazrat Umar tunlari Madina ko‘chalarini aylanib yurishga odatlangan edi. Ana shunday sayrlarning birida go‘dak yig‘isini eshitib qolib, yaqinlashdi va ichkaridan erkak kishining: “Bolaga nima bo‘ldi? Alloh haqqi, uni emizgin!” degani va ayol kishining: “Borib bolaga yegulik olib keling”, deb javob qaytarganini eshitib qoldi. Umar yana bir kecha ularning eshigi oldidan o‘tdi. Ichkaridan yana erkak kishining: “Alloh haqqi, bolani emizsang-chi”, degan tanbehi eshitildi. Umar uchinchi kecha ana shu uyning oldida tunab qoldi va erning g‘azab aralash: “Senga o‘xshagan onani hech ham ko‘rgan emasman, nima bo‘ldi o‘zi?” deb so‘ragani, ayolning: “Meni tinch qo‘ying, Umar ibn Xattob faqat ko‘krakdan ajragan bolalar uchun maosh to‘laydi, mening bolam esa emadi”, deganini eshitdi. Bu gapdan so‘ng hazrat Umar yig‘lab yubordi. Ko‘p yig‘laganidan bomdodda imomlikka o‘tib berolmadi. Bu holga tushunmay turgan musulmonlar namozdan so‘ng shavkatli amirning: “Ey Umar, Qiyomat kunida sho‘ring quriydigan bo‘ldi. Qanchadan-qancha bolalarning haqiga zomin bo‘lding”, deya o‘zini malomat qilganini eshitishdi. So‘ngra Umar : “Ey odamlar, Alloh haqqi, bugundan boshlab, bolalaringizni sutdan ajratmang. Qiyomat kunida ular tufayli so‘roqqa tutilmasligim uchun Islomda tug‘ilgan har bir go‘dakka maosh tayin qilaman”, dedi.

* * *

Bir kuni hazrat Umar : “Ey odamlar, agar boshim bilan dunyoga sho‘ng‘ib ketsam nima qilasizlar?” deb so‘radi. Hech kim biror so‘z aytmadi. U bu savolini uch marta qaytardi. Shunda odamlar orasidan bir kishi turib: “Agar boshing bilan dunyoga sho‘ng‘iydigan bo‘lsang, sen bilan qilichimiz orqali gaplashamiz!” dedi. Shunda hazrat Umar : “Muhammad ummatidan Umarni to‘g‘rilab qo‘yadigan kishini paydo qilgan Zotga hamdu sano bo‘lsin”, deya Allohga hamd aytdi.

* * *

Umar ibn Xattobdan mag‘lubiyatga uchragan Hiraql musulmonlar amiri bilan uchrashish uchun elchi jo‘natadi. Elchi Madina ko‘chalaridan yurib, mo‘minlar amirining qasrini qidira boshlaydi. Bir kishidan so‘raganida: “Mana shu yo‘ldan borsang, uni uchratasan”, degan javobni oladi. Yo‘lda ekanida unga boshqa bir kishi: “Daraxt tagida uxlab yotgan kishini ko‘ryapsanmi, ana o‘sha mo‘minlarning amiridir”, deydi. Shunda elchi boshining tagiga oyoq kiyimini qo‘yib, terga botib uxlab yotgan Umarni ko‘radi va: “Adolatli hukm surib, xotirjam uxlading. Biz esa podshohlik qurib, zulm qildik va qo‘rqib bedor bo‘ldik. Ey musulmonlar, shu sabab bizning ustimizdan g‘olib bo‘ldinglar”, dedi.

Yulduz Komilova tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2012 yil, 12-sonidan olindi.

* * *

UMAR ibn Xattob (ra) (taxminan 585-644) -dastlabki to‘rt xalifadan ikkinchisi (634-644). Islomni taxminan 616-yil qabul qilgan. Muhammad (sav)ning yaqin safdoshlaridan biri, u zot olib borgan barcha janglarda qatnashgan.

Abu Bakrning xalifa bo‘lib saylanishining tashabbuskori, uning yaqin maslahatgo‘yi bo‘lgan. Abu Bakr (ra) o‘limidan avval Umar (ra)ni o‘z o‘rniga tavsiya etgan va jamoat Umar (ra)ga qasamyod qilgan. Umar (ra)ning o‘n yillik xalifalik davrida islom Iroq, Suriya, Misr, Liviya, Eronning g‘arbiga tarqaldi. Arab-musulmon saltanati tarkib topa boshladi.

Uning davrida barcha asosiy ma’muriy-huquqiy muassasalar, avvalo, soliq-o‘lpon tizimi tuzildi. Bulardan eng muhimi fath etilgan yerlarni bo‘lib olinishini man etilishi va buning o‘rniga devon ro‘yxatiga kiritilgan barcha sahobalar va jangchilarga maosh (ato) va oziq-ovqat ulushi (rizq) to‘lashni joriy etish bo‘lgan.

Musulmonlar jamoasi tez orada ruhoniylar idora etadigan davlatga aylandi. Bu hol Umar (ra) xalifa unvoniga birinchi bo‘lib qo‘shimcha amir al-mo‘minin (mo‘minlar hukmdori) unvonini qabul qilishida ham ifodalandi. U yangi musulmon yil hisobi — hijriy yil taqvimini joriy etdi (rabi ul avval oyining 16 kuni — mil. 637 yil apr.).

Har yili haj amali borasidagi diniy-huquqiy farmoyish ham Umar (ra)ga nisbat beriladi. Sunniylar tarixiy an’anasida Umar (ra)ni risoladagidek hukmdor, ya’ni taqvodor, kamsukum, musulmonlarga nisbatan adolatli, dushmanlarga beshafqat inson, «Umari odil», hukmronlik davrini esa, islomning «‘oltin asri» deb tavsiflashgan.

Mil. 644 yil Basra voliysi Mug‘iyra ibn Shu’baning quli nasroniy Abu Lu’lua Umar (ra)ga xanjar sanchib yaralagan va shu kuni kechqurun Umar (ra) 63 yoshda vafot etgan. O’limi oldidan o‘z o‘rniga yanga xalifa saylash uchun Muhammad (sav)ning olti nafar eng keksa safdoshlaridan iborat sho‘ro tuzgan va shu kengashlardan birida Usmon (ra) xalifa etib saylangan. Vasiyatiga ko‘ra, Oisha onamizning hujralariga, Rasuli Akram va Abu Bakr Sidtsiq yonlariga dafn etilgan.

Islom ensiklopediyasidan

Biografiya
Umar ibn Xattob