Ulug’imsan Vatanim sheri to’liq malumot oling

Ulug’imsan Vatanim sheri to’liq malumot oling

Ulug’simsan Vatanim Sheri

Men dunyoni nima qildim,

O’zing yorug’ jahonim,

O’zim xoqon,

O’zim sulton,

Sen taxti Sulaymonim,

Yolg’izim,

Yagonam deymi,

Topingan koshonam deymi,

O’zing mening ulug’lardan

Ulug’imsan, Vataiim…

Shodon kunim gul otgan sen,

Chechak otgan izimga,

Nolon kunim yupatgan sen,

Yuzing bosib yuzimga.

Singlim deymi,

Onam deymi,

Hamdardu hamxonam deymi,

Oftobdan ham o’zing mehri —

Ilig’imsan, Vatanim.

Sen Mashrabsan,

Xalqda tumor,

Balxda dorga osilgan,

Navoiysan, shoh yonida

Faqirni duo qilgan.

Yassaviysan, meniki deb,

Ko’ringan da’vo qilgan,

Ming bir yog’i ochilmagan

Qo’rig’imsan, Vatanim.

Sen Xo’jandsan,

Chingizlarga

Darbozasin ochmagan,

Temur Malik orqasidan

Sirdaryoga sakragan,

Muqannasan qorachig’i

Olovlarga sachragan,

Shiroqlarni ko’rgan cho’pon

Cho’lig’imsan, Vatanim.

Kim Qashqarni qildi makon,

Kim Enasoy tomonda,

Jaloliddin — Kurdistonda,

Boburing — Hindistonda,

Bu qanday yuz qarolig’ deb,

Yotarlar zimistonda,

Tarqab ketgan to’qson olti

Urug’imsan, Vatanim…

O’g’lim, desang osmonlarga

G’irot bo’lib uchgayman,

Chambil yurtda Alpomishga

Navkar bo’lib tushgayman,

Padarkushdan pana qilib

Ulug’beging quchgayman,

G’ichir-g’ichir tishimdagi

So’lig’imsan, Vatanim…

O’tgan kuning — o’tgan kundir,

O’z boshingga yetgan kun,

Qodiriyni bergan zamin,

Qodiriyni sotgan kun.

Qo’lin bog’lab,

Dilin dog’lab,

Yetaklashib ketgan kun,

Voh bolam! deb aytolmagan

Dudug’imsan, Vatanim.

Yoningda qon yig’lagan bir

Shoiringga qarab qo’y,

Gar Qo’qonga yo’ling tushsa,

Detdomlarni so’rab qo’y.

Hech bo’lmasa Usmon xokin

Keltirmoqqa yarab qo’y,

Olislarda qurib qolgan

Qudug’imsan, Vatanim…

Sen — shoxlari osmonlarga

Tegib turgan chinorim,

Ota desam,

O’g’lim deb,

Bosh egib turgan chinorim,

Qo’ynimdagi iftixorim,

Bo’ynimdagi tumorim,

O’zing mening ulug’lardan

Ulug’imsan, Vatanim!

Sherlar
Ulug’imsan Vatanim sheri