UD cholg’u asbobi, tuzilishi va sozlanishi to’liq malumot oling
UD
Mundarija
скрыть
Ud juda qadimiy musiqa asbobidir. Uning bizga ma’lum bo’lgan dastlabki shakli Ayritomdan topilgan. Eramizning birinchi asrlariga oid ajoyib madaniyat yodgorligida o’z aksini topgan. Ud arabcha so’z bo’lib, uning lug’aviy ma’nosi turlichadir. U birinchidan, yog’ochi qora tusli daraxatning nomidir. Ud dastlab shu daraxtdan yasalgan bo’lishi kerak. Ikkinchidan, ud iborasi bayram, to’y-tomosha, xursandchilikni ifodalaydigan «iyd» iborasining ma’lum shaklidir. Bu o’rinda xushchaqchaqlik kayfiyatni bag’ishlovchi soz ma’nosida ham kelishi mumkin.
Udning dastlabki nomi «Barbad» bo’lganligini ba’zi manbalarda ko’rsatib o’tiladi. Barbad ikki so’zdan iborat bo’lib Bar-qomat, bad-o’rdak ma’nolarda keladi. Barbad qorni katta va dastasi kalta musiqasi asbobidir. Unga o’rdak qomatiga o’xshagani uchun barbad nomi berilganmish. Barbad ko’p manbalarda hamma torli asboblarning yuzaga kelishida asos bo’lgan, deb ko’rsatiladi. Uning eng takomillashgan keyingi shakli go’yo ud emish.
Ud qariyb XVII asrlargacha yashagan, deb taxmin qilinadi. Keyinchalik esa O’rta Osiyoda iste’moldan chiqib ketgan hamda udning xususiyatlari va funksiyasini bajara oladigan boshqa qadimiy musiqa asboblari uning o’rnini ola boshlaydi.
O’rta Osiyo xalqlarining, jumladan o’zbek, tojiklarning cholg’u asboblari rang-barangdir. Albatta, bu xalqlarning madaniyati qadimdan boy bo’lganligi, tinmay rivojlanganligidan dalolat beradi.
O’rta Osiyodan yetishib chiqqan buyuk allomalar al Forobiy (X), Abu Ali ibn Sino (X-XI), Qutbiddin Sheroziy, Safiuddin Urmaviy (XIII-XIV), Abdul Qodir Marog’iy (XV asr), Abdurahmon Jomiy (XV asr), Darvish Ali Changiy (XVII asr) singari mutafakkir olimlar ijodlarining bir qancha mavzularini musiqa faniga bag’ishlaganlar.
Bizning davrimizga kelib, hozirda ud cholg’usi kavkaz xalqlarida, arablarda, eron, turk va boshqa xalqlarda iste’moldan chiqmagan holda qo’llanilib kelinmoqda. Yaqin yillar davomida o’zbek va tojik xalqlari orasida ham sozandalarda qiziqish uyg’ondi, qolaversa, respublikamiz musiqa san’atining jonkuyarlari tashabbusi bilan ud cholg’usini mukammalroq o’rganib ya’ni, xalqimizning qadimiy musiqa asboblari qatoriga qo’shishdek xayrli ishlar olib borilmoqda. Yuqorida aytib o’tganimizdek, buyuk olimlar, mumtoz adabiyotimizning ulkan shoirlari, musiqa san’atini chuqur tahlil qilgan holda, inson salomatligi-yu ruhiga, tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko’rsatishi, qolaversa, inson hayoti go’zalligini ajralmas bo’lagi va ramzi, deb o’qtirganlar.
Qadimiy udlar, avvalo ikki torli bo’lib, ular «zir» va «bam» deb nomlangan. Bam-pastdagi, zir-yuqoridagi ingichka tor. Keyinchalik uch-to’rt torli bo’lgan. Al-Forobiy esa unga beshinchi torni o’rnatgan. Ana shundan buyon ud cholg’usining asosiy torlari beshta juft tordan iborat. Oltinchi tori (bitta tordan iborat) esa ayrim kuylar ijro etilganda qo’shib chalinadi.
Qadimda udning torlari ipakdan ishlanganligi ayrim musiqa risolalaridan bizga ma’lum. Oltinchi tor esa taxminan yaqin yillardan beri ishlatila boshlandi. Bu tor ud cholg’usining tembri, ya’ni tovushining yanada boyitdi.
Udning tuzilishi
Ud asbobi kosa, dasta, bosh qismdan tashkil topgan. Kosasi-bir-biriga yopishtirilgan bir necha qovurg’asimon taxtachadan iborat. Ustiga yog’ochdan tayyorlangan qopqoq zich qilib biriktiriladi. Qopqoqda uchta rezonator-ovoz tebranib chiqadigan teshik bo’lib, ustiga torlar tayanadigan xarrakni zich qilib tutashtiriladi.
Dasta-kosaga mahkam biriktirilib, unga parda bog’lanmaydi. U g’ijjak dastasiga o’xshab sof, tekis bo’ladi. Udning bosh qismi, torlarni mahkamlash va tortish uchun mo’ljallangan bo’lib, unga 11 ta yog’och (beshtasi o’ng va oltitasi chap tomonda) o’rnatilgan. Udning bosh qismi bilan dasta tutashgan yerda shayton xarrak joylashgan. U ochiq torlarni tayanchi hisoblanadi. Udning ishchi qismi ana shu yerdan boshlanadi.
Udning sozlanishi
San’atshunos olimlar va musiqa nazariyotchilarning ilmiy risolalariga qaraganda ud sozining birinchi, ikkinchi, uchinchi, to’rtinchi juft torlari oralig’ining sozlanishi sof kvartadir. Faqat eng pastki torlari ya’ni to’rtinchi bilan beshinchi va beshinchi bilan oltinchi torlarining oralig’i katta sekunda intervalida sozlangan.
Oltinchi tor «sol» kichik oktava, beshinchi «lya» kichik oktava, to’rtinchi «si» kichik oktava, uchinchi «mi» birinchi oktava, ikkinchi «lya» birinchi oktava, birinchisi «re» ikkinchi oktava.
Darsliklar
tuzilishi va sozlanishi, UD cholg’u asbobi