Ubaydulla Xo‘jaev, Hidoyatbek Yurg‘uli va boshqalar (Turkiston Muxtoriyati hukumati vazirlarining faoliyati va keyingi taqdiri, 3-qism) haqida to’liq ma’lumot oling

Ubaydulla Xo‘jaev, Hidoyatbek Yurg‘uli va boshqalar (Turkiston Muxtoriyati hukumati vazirlarining faoliyati va keyingi taqdiri, 3-qism) haqida to’liq ma’lumot oling


Post Views:
106

33288Ubaydulla Xo‘jaev [Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jaev] taniqli davlat va jamoat arbobi, Turkistondagi jadidchilik harakatining taniqli namoyandasi, o‘zbek matbuotining tashkilotchilaridan biri. Toshkent shahrida hunarmand oilasida 1886 yili tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Saratovdagi huquqshunoslik institutida o‘qigan (1908 1912). Talabalik yillaridayoq davr muammolarini yechishni o‘ylab, mashhur rus yozuvchisi Lev Tolstoy bilan yozishmalar olib bordi (1909). Toshkent okrug sudida 1913 yildan xususiy advokat bo‘lib ishladi. Jadidchilik harakatiga qo‘shilib, tez orada uning rahbarlaridan biriga aylandi. “Turon” jamiyatining asoschilaridan biri (1913). U Toshkentda 1914 yil aprelda “Sadoi Turkiston” gazetasini chiqarib, unga muharrirlik qildi. O‘z atrofiga yoshlarni to‘plab, “Umid” yashirin jamiyatini tuzdi. Keyinchalik bu tashkilot “Taraqqiyparvar” deb nomlanib Turkiston jadidlarining asosiy tashkilotlaridan biriga aylandi. “Sadoi Turkiston” gazetasi 1915 yil aprelda Rossiya imperiyasining mahalliy ma’murlari tomonidan yopilgach, u Andijonga keldi va rus tilida “Turkestanskiy golos” gazetasini nashr qildirdi.

Toshkentda tuzilgan “Turkiston mardikorlikka olish qo‘mitasi”ning raisi (1916). Mardikorchilik haqidagi imperator Nikolay II farmonini bekor qildirish uchun mahalliy sarmoyador Mirkomilboy Mirmo‘minboev bilan birga Petrogradga bordi.

Butunturkiston musulmonlari I qurultoyida tashkil qilingan Turkiston o‘lka musulmonlari Markaziy Sho‘rosi (Milliy Markaz) kotibi va a’zosi (1917 yil aprel’). Butunrossiya musulmonlar Sho‘rosi Ijroiya Komiteti a’zosi (1917 yil may). Toshkentda 1917 yil mart oyida tuzilgan “Sho‘roi Islomiya” tashkiloti raisi. Muxtoriyatchilik harakati tashabbuskorlaridan biri. Turkiston Muxtoriyati hukumatining harbiy ishlar vaziri (1917 yil noyabr’ 1918 yil fevral’).

Ubaydulla Xo‘jaev 1918 yil fevralda hukumat topshirig‘i bilan Kavkazga bordi va Turkistonga g‘alla keltirish masalasini hal qildi. Mustafo Cho‘qayning yozishicha, muxtoriyat hukumati tugatilgach, u Ashxobod Samarqand yo‘lida bol’sheviklar qo‘liga tushib qoldi. Biroq, tez orada Orenburgga boradi va 1918 yil noyabrda Boshqirdiston Muxtoriyati hukumatini tuzishda faol ishtirok etadi.

Ubaydulla Xo‘jaev sovet rejimi tomonidan bir necha marta (1929, 1931, 1938) qamoqqa olingan. U oxirgi marta 1938 yil 20 fevralda Toshkentda hibsga olinib, SSSR NKVD maxsus kengashining qarori bilan 1939 yil 14 mayda 8 yil muddatga mehnat tuzatish lageriga hukm qilingan. U o‘sha kuni Gor’kovek temir yo‘li Katlos stansiyasiga jazoni o‘tash uchun jo‘natilgan. U qamoqxonada 1942 yilda halok bo‘ldi. O‘limidan keyin sovet hokimiyati tomonidan oqlangan.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukrullo “Tirik ruhlar” (1999) romanida Ubaydulla Xo‘jaev faoliyatini hamda “Kafansiz ko‘milganlar” (1990) xotira-qissasida qatag‘on qilingan yurtdoshlarimiz qismatini yoritgan.

Hidoyatbek Yurali Agaev [Hidoyatbek Yurg‘uli] davlat va jamoat arbobi. Ayrim manbalarda yozilishicha, uning millati o‘zbek bo‘lgan. U o‘lkada taniqli agronom sifatida mashhur edi. Turkiston Muxtoriyati hukumatida yer va suv boyliklari vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Qo‘qon shahri 1918 yil fevralda bol’sheviklar tomonidan o‘qqa tutilgan paytda Bosh vazir Mustafo Cho‘qay yonida Hidoyatbek Yurali Agaev ham bo‘lgan. Biroq Qo‘qonda bol’sheviklarning harbiy kuchlariga qarshi bo‘lgan janglarning birida u halok bo‘ladi.

Obidjon Abduxoliqovich Mahmudov [Obid chatoq] Turkistondagi jadidchilik harakatining vakili, davlat va jamoat arbobi, yirik sarmoyador va noshir. U 1871 yil Marg‘ilonda tug‘ilgan. Uning otasi buxorolik bo‘lgan. Millati o‘zbek. Obidjon Mahmudov Qo‘qonga ko‘chib kelib, madrasa ta’limini oldi. U Kaspiy dengizidagi Cheleken yarim oroliga borib, neft’ qazib olish bilan shug‘ullandi va boyib ketdi.

SanktPeterburg universitetining tog‘kon muhandisligi fakul’tetini tugatgan. Qo‘qonga qaytgach, tog‘kon sanoati bilan shug‘ullanib, Farg‘ona vodiysida ko‘plab neft’ konlarini ochishda ishtirok etdi. Sho‘rsuvdagi oltingugurt konini sotib olgan. U Farg‘ona vodiysidagi jadidchilik harakatida faol qatnashgan va ularni moddiy jihatdan ta’minlab turgan. Qo‘qonda 1914 yili bosmaxona tashkil qilgan. “Sadoi Farg‘ona” (1914), “Tirik so‘z” (1917) va rus tilida chiqqan “Ferganskoe exo” (1914) gazetalarining muharriri va noshiri. U matbuotda dolzarb masalalar bilan chiqib, Turkiston xalqini ma’rifatli bo‘lishga chaqirgan, uni ozodlik uchun kurashga da’vat etgan.

O. Mahmudov 1917 yilda Qo‘qon shahar Dumasi raisi o‘rinbosari qilib saylandi. Mustafo Cho‘qay boshchiligidagi Milliy Markaz 1917 yil noyabr’ oyi boshlarida Toshkentdan Qo‘qonga ko‘chib kelgach, uning hovlisida joylashganlar. O. Mahmudov Butunturkiston musulmonlari favqulodda IV qurultoyi chaqirilishi hamda Turkiston Muxtoriyati hukumati tashkil qilinishida katta rol’ o‘ynadi. U muxtoriyat hukumatida oziqovqat vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. O‘z bosmaxonasini muxtoriyat hukumati ixtiyoriga topshirdi. Bosmaxonada Turkiston Muxtoriyati hukumatining o‘zbekcha va ruscha gazetalari chop etilgan. P. Alekseenkovning yozishicha, keyinchalik u muxtoriyat hukumatida yustisiya vaziri lavozimini egalladi.

Sovet hokimiyati tomonidan 1918 yil fevralda muxtoriyat hukumati tugatilgach, Mustafo Cho‘qayning yozishicha, O. Mahmudov Buxoroda bol’sheviklar qo‘liga tushib qoladi. 1918 yil mayda Turkiston Muxtoriyati hukumati a’zolari sovet hokimiyati tomonidan avf qilingach, u Moskvaga borib, RSFSR Millatlar ishlari xalq komissarligi qoshidagi Turkiston vakolatxonasida matbuot bo‘limi mudiri va boshqa lavozimlarda ishlagan (1919 1921). Toshkentga qaytgandan so‘ng, dastlab Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasida ishlagan (1921). So‘ngra Farg‘ona vodiysiga borib, “Milliy ittihod” tashkilotining bo‘limini tuzgan hamda sovetlarga qarshi faoliyat olib borgan. Sovet rejimi tomonidan bir necha marta qamoqqa olingan. Ozodlikka chiqqach, oradan ko‘p o‘tmay og‘ir xastalikdan so‘ng Qo‘qonda 1936 yil 21 noyabrda 65 yoshida vafot etgan.

Abdurahmonbek O‘razaev taniqli davlat va jamoat arbobi. U 1888 yilda Yangi Marg‘ilon (hozirgi Farg‘ona) shahrida amaldor oilasida tug‘ilgan. Millati qozoq. Skobelev gimnaziyasi (1910) va Moskva universitetining yuridik fakul’tetini (1915) tugatgan. Advokat yordamchisi lavozimida ishlagan.

Farg‘ona saylov okrugidan Butunrossiya Ta’sis Majlisi a’zosi (1917) qilib saylandi. Turkiston Muxtoriyati hukumati tashkil qilingach, u ichki ishlar vazirining o‘rinbosari hamda Milliy Majlis a’zosi bo‘ldi. So‘ngra ichki ishlar vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. Muxtoriyat hukumati bol’sheviklar tomonidan ag‘darilgach, 1918 yil fevral’ oyi oxirida A. O‘razaev bol’sheviklar qo‘liga tushib qolgan. U keyinchalik Turkiston ASSR va Qozog‘iston ASSRdagi sovet hokimiyati idoralarida turli lavozimlarda ishladi, bol’sheviklar partiyasining a’zosi bo‘ldi.

Solomon Abramovich Gersfel’d Turkistondagi yirik sarmoyadorlardan biri, advokat va jurnalist. Sionistlar komitetining O‘rta Osiyo rayoni raisi. 1881 yil 27 noyabrda Odessada tug‘ilgan. Millati – buxoro yahudiylaridan. Bern universiteti (Shveysariya) yuridik fakul’tetining erkin tinglovchisi (1902 yildan). Rossiyaga qaytgach, Odessa yunkerlik bilim yurtiga imtihon topshirib, Samarqanddagi 6Turkiston batal’onida harbiy xizmatni boshlagan. 1904 1906 yillarda rus tilida “Samarkand” gazetasini chiqargan. Odessadagi Novorossiysk universiteti yuridik fakul’teti 2kurs talabaligiga qabul qilingan (1907). Odessa sionistlar komitetiga 1908 yil sentyabrda saylangan, “Odesskoe slovo” gazetasini chiqargan. 1913 yil mayda universitetni tugatib, Samarqandga qaytgan. Samarqand shahar Dumasida yahudiylar komiteti raisi. Samarqand shahar Dumasi a’zosi (1917).

Turkiston Muxtoriyati hukumatining birinchi tarkibida tub xalqlardan bo‘lmagan yagona nomzod sifatida kirib, moliya vaziri bo‘lgan. Milliy Majlis a’zosi (1917 yil noyabr’ 1918 yil fevral’). Keyinchalik moliya vaziri lavozimini Islom Shoahmedovga topshirgan. Muxtoriyat hukumati ag‘darilganda qizil gvardiyachilar tomonidan Qo‘qonda 1918 yil 20 fevralda qo‘lga olingan va otib tashlangan. U O‘rta Osiyo temir yo‘lining Mel’nikovo stansiyasi (hozirgi Konibodom)da dafn etilgan. Mustafo Cho‘qayning yozishicha, Harsfeld Samarqandda bol’sheviklar qo‘liga tushib qolgan edi. 1918 yil 16 aprelda ezgumasiya o‘tkazilib, Yahudiylar jamoasi tomonidan uning jasadi Samarqanddagi yahudiylar qabristonida dafn etilgan. Bu paytda S.A. Gersfel’d hali 37 yoshga ham to‘lmagan edi.

Qahramon RAJABOV
t.f.d., prof.,
O‘zbekiston FA Tarix instituti bo‘lim mudiri

O‘zbek milliy davlatchiligi tarixida Turkiston Muxtoriyatining o‘rni va roli” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari,
2017 yil 12 oktyabr’

Ubaydulla Xo‘jaev, Hidoyatbek Yurg‘uli va boshqalar (Turkiston Muxtoriyati hukumati vazirlarining faoliyati va keyingi taqdiri, 3-qism)

Malumotlar
3-qism), Hidoyatbek Yurg‘uli va boshqalar (Turkiston Muxtoriyati hukumati vazirlarining faoliyati va keyingi taqdiri, Ubaydulla Xo‘jaev