TURKON XOTUN

TURKON XOTUN

TURKON XOTUN (asli Terkan «oliy nasabli», «zodagon oilaga xos», «xotun» — malika) (? — 1232/33. 18/6.10) — Anushtegin asos solgan xorazmshoxlar sulolasining soʻnggi hukmdori Alouddin Muhammad xorazmshoh (1200—20) ning onasi. Juvayniytj taʼkidlashicha, Turkon xotun qangʻli urugʻidan boʻlgan qipchoq xoni Aqranning qizi edi. Tarixiy manbalarda taʼkidlanishicha, Sulton Muhammad hukmronligi davrida Turkon xotun saltanat ishlarida yetakchi mavqeni egallagan, uning farmoyishlari va maslahatlari oʻgʻli tomonidan soʻzsiz bajarilgan. Turkon xotunning rahnamoligida saroy ahli, zodagonlar bir necha guruhga boʻlinib, oʻzaro adovat qilganlar. Kipchoqlardan tashkil etilgan oliy martabali sarkardalar Turkon xotun bilan yaqin boʻlib, aksariyat saroyda sultonga qarshi boʻlib turgan bironbir guruhga boshchilik qilganlar. Saltanat ishlari deyarli Turkon xotun tomonidan boshqarilgan. Koʻp hollarda Muhammad xorazmshox. tarafidan eʼlon qilingan hukm va farmoyishlar Turkon xotun tomonidan hech qanday asossiz, kengashsiz bekor qilinar edi. Juvayniyning yozishicha, Gurganch (Urganch) T. x. ning xos poytaxti hisoblangan, uning xos saroyi va iktosi mavjud boʻlgan. Turkon xotun nafaqat sulton, balki moliyaviy ishlar, arkoni davlat va saroy amaldorlari ustidan ham hukmronlik kilgan.

Ensiklopediya.uz
TURKON XOTUN