Turkiston Muxtoriyati milliy qo‘shini tarixi haqida to’liq ma’lumot oling
Post Views:
205
O‘zbek davlatchiligi tarixida ko‘plab davlatlar va sulolalar o‘tgan. Tarixan qisqa muddat mavjud bo‘lgan Turkiston Muxtoriyati ham o‘zbek davlatchiligi tarixida o‘z o‘rniga ega. Muxtoriyat qisqa muddat mavjud bo‘lgan bo‘lsa-da bugungi kunda o‘z tadqiqotchilariga, izlanuvchilariga ega.
1917 yil 26-28 noyabr kunlari Qo‘qon shahrida butun Turkiston o‘lka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi bo‘lib, unda Turkiston Muxtoriyati hukumati tuzildi. Mazkur qurultoyda ko‘rilgan bir qator muhim masalalar qatori Muxtoriyat xalq militsiyasini vujudga keltirish hamda Turkistonda yashovchi millatlar tinchligini saqlash maqsadida milliy qo‘shin tashkil etish masalasi asosiy masalalar qatoridan o‘rin oldi.
Muxtoriyat tarkibi 8 kishidan iborat bo‘lib, Muxtoriyatning harbiy vaziri lavozimini mutaxassisligiga ko‘ra advokat bo‘lgan Ubaydulla Xo‘jayev (1882-1938) egalladi. Keyinchalik Ubaydulla Xo‘jayev Qo‘qonda bo‘lmagan vaqtda ufalik agronom (baʼzi manbalarda polkovnik deyiladi) Maxdi Chanishev 1918 yil fevralda Turkiston Muxtoriyati hukumatida harbiy kengash raisi bo‘lgan. Muxtoriyat qo‘shini qo‘mondoni vazifasini bajardi. Manbalarda keltirilishicha, Maxdi Chanishev Qo‘qon voqealari vaqtida shahardagi tartib va intizomni saqlash uchun butun militsiyaga bosh qo‘mondon etib tayinlangan.
M.Chanishev bolsheviklar bilan bo‘lgan janglar vaqtida alohida jonbozlik ko‘rsatdi. Muxtoriyat bostirilgandan keyin hukumatning 15 rahbari – M.Mirahmedov, A.O‘rozayev, Ya.Ageyev, Qushbegiyevlar bilan birgalikda M.Chanishev ham Skobelev (Farg‘ona)ga jo‘nashga majbur bo‘ladi, ammo shu kunning o‘zida ular qo‘lga olinib otib tashlanadi.
Muxtoriyatning tayanchi bo‘lgan harbiy qo‘shin faoliyati “Ulug‘ Turkiston”ning bir necha sonlarida ham atroflicha yoritib berilgan. Jumladan, “Muxtoriyat hukumatining vazifasi”, Muxtor Bakir o‘zining “Turkiston Muxtoriyati va turkistonlilar”, “Turkiston Muxtoriyatini barpo bo‘lishiga kuch kerak” kabi maqolalarida Turkiston Muxtoriyati hukumati oldida turgan asosiy vazifalar sifatida Muxtoriyatning milliy armiyasini shakllantirish, askariy mahkamalar va tashkilotlar tuzish lozim deb hisoblangan. “Muxtoriyat hukumatining vazifasi” nomli maqolada “Mustabid chor hukumati vaqtida Turkistonga chetdan naqadar ko‘p qurolli askar kelturilib tutul erdi. Muxtoriyat eʼlon qilinub idora xalqning o‘z qo‘lig‘a ko‘chuv ila bu askarlarga ehtiyoj bitdi. Shuni eʼtiborga olib bo‘lsa kerak hozir Turkistonning boshqa shaharlarida bo‘lg‘on askarlar har qaysinisi o‘z vatanlariga qayta boshladilar”, – deb yozsa, “Turkiston Muxtoriyati va turkistonlilar” nomli maqolada esa “Muxtoriyat va istiqbolni eʼlon qiluv mushkul emas. Lekin oni hayotga tatbiq qiluv va ijro etuv ko‘p tajriba va bilimni, fidokorlikni istaydi. Muxtoriyatni eʼlon qiluv bilan turkistonliklar oldiga g‘oyat ulug‘ va og‘ir bo‘luvchi ila barobar muqaddas va masʼuliyatli xidmatlar kelub turmaqdadur. Mazkur vazifalar qatorida eng muhim vazifalardan biri sifatida askariy mahkamalar va tashkilotlar tuzish va zobitiya ishlarini tartib etish eʼtirof etib o‘tiladi”, – degan maʼlumotlarni uchratamiz.
“El bayrog‘i” gazetasining 1918 yil 26 yanvardagi sonida Turkiston Muxtoriyatiga katta umidlar bilan qaragan shoir Cho‘lponning “Teshaboy” taxallusi ostida “Muxtoriyat eʼlon qilindi” nomli daʼvatnoma maqolasi eʼlon qilinib, maqolada zo‘r umidlar bilan erishilgan Muxtoriyatni Turkiston xalqi himoya qilishi kerak degan fikrni ilgari surgan. Milliy matbuot nashrlaridagi Muxtoriyatni himoya qilish va bu yo‘lda Muxtoriyat milliy qo‘shini safiga daʼvatlar o‘z natijasini bergan. Farg‘onalik Shomansur Alixo‘jayev ham Muxtoriyatning milliy qo‘shini safiga kirgan hamda Muxtoriyat qo‘shini safida sovet hokimiyatiga qarshi kurashlarda qatnashgan. Shu sababli Sh. Alixo‘jayev 1919 yilda harbiy tribunal qarori bilan 6 yilga qamalgan.
Demak, Muxtoriyat hukumatiga xayrixoh bo‘lgan va harbiy sohadan xabardor kishilarga muxtoriyat tarafidan alohida eʼtibor qaratilgan. Hatto bu jarayonga millatidan qatʼiy nazar boshqa millat vakillari ham jalb etildi. Turkiston Muxtoriyatining raisi Mustafo Cho‘qay o‘g‘lining xotiralariga ko‘ra, Qo‘qonda muxtoriyat harbiy ishlarini yo‘lga qo‘yishda ularga polyak millatiga mansub shtab ofitseri yordam bergan. Mustafo Cho‘qay o‘g‘li “O‘sha paytda mening yonimda bir polshalik harbiy shtab ofitseri bor edi. Ismini unutib qo‘yganman, bu kishi askariy tashkilotimizning shoʻba mudiri edi. O‘sha bizning milliy ishlarimizga yurakdan berilgan, bilarmon va qobiliyatli edi”, – deya xotirlaydi. Shuningdek, milliy muxtoriyat uchun kurash jarayonida muxtoriyatchilar safida yana bir polshalik ofitser Yunisha Gzovskiy ham bo‘lgan. O‘z navbatida M.Cho‘qay o‘z xotiralarida unga ham tashakkurini bildirib o‘tgan.
Turkiston Muxtoriyati eʼlon qilinishi hamda o‘z milliy qo‘shinini tashkil eta boshlashi bilan Turkistonga chor Rossiyasi davrida kelgan askarlar o‘z vatanlariga qayta boshlaganlar. Turkistondagi 2-Sibir polki askarlari Muxtoriyat eʼlon qilinishi bilan Turkistondan ketishga qaror qiladilar, bu polk tarkibida o‘sha davrda 1500 askar bo‘lgan bo‘lsa, 1-Sibir polkida esa 700 ga yaqin askar bo‘lgan.
Muxtoriyat eʼlon qilingan dastlabki kunlardanoq hukumat milliy armiyasi hamda militsiyasiga ro‘yxatdan o‘tish boshlangan. 1918 yilning 9 yanvarida Turkiston Muxtoriyati askariga dastlabki harbiy namoyish o‘tkazildi. Turkiston Muxtoriyati askarlarini Ubaydulla Asadullaxo‘jayev o‘zi va yangi hukumat nomidan tabriklab, “Sizlar Turkiston Muxtoriyatining birinchi qahramonlari bo‘ldilaringiz, bunga faxrlansangiz arziydi, chunki sizlar Vatanga birinchi marta o‘z ixtiyoringiz bilan askar bo‘ldingiz. Men sizlarni Muxtoriyatli Turkiston hukumati aʼzolari nomidan tabriklab qolaman”, – deya Turkiston yoshlarining vatanparvarlik hissini uyg‘otuvchi nutq so‘zladi. Shu kuni qurollangan qo‘shin soni 500 kishini, shundan 200 tasi otliq askarni tashkil etgan. Bundan tashqari qo‘rboshi kichik Ergash qo‘lida 50 ga yaqin, shaharda esa 150 kishi mavjud bo‘lgan. Qatʼiy chora-tadbirlarning ko‘rilishi natijasida Muxtoriyat qo‘shinining soni bir necha martaga ko‘paytirilgan.
Turkiston Muxtoriyatning oziq-ovqat vaziri bo‘lgan Obidjon Mahmudov o‘z vakolati doirasiga kirgan vazifadan tashqari, muxtoriyat askarlarini qurol-yarog‘ bilan taʼminlash masalasiga ham katta ahamiyat bergan.
Muxtoriyat hukumatiga o‘z milliy qo‘shinini tashkil etishga murakkab bir vaziyatda kirishgan bo‘lib, Turkiston aholisi tinchligi va mustahkamligini taʼminlashning tayanchi hisoblangan Muxtoriyat hukumati askarlarining taʼminoti qoniqarli darajada emas edi. Taʼminotning yomon darajada ekanligining bosh sababi moddiy mablag‘ning yetishmaganligi bo‘lgan.
Muxtoriyat aʼzolarining saʼy-harakatlari va mahalliy sarmoyadorlarning yordami bilan maʼlum miqdorda mablag‘ yig‘ilgan bo‘lsa-da, bu mablag‘lar Muxtoriyat armiyasining ehtiyoji hamda taʼminoti uchun yetarli darajada bo‘lmagan. Mavjud qiyinchiliklar va to‘siqlarga qaramasdan, Muxtoriyat rahbarlarining qo‘shin to‘plash borasida xalq orasida olib borgan targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘z samarasini bera boshladi. Turkiston Muxtoriyati askarlarining ikkinchi harbiy namoyishigacha mavjud bo‘lgan hukumatning mingtacha askariga yana mingta askar qo‘shilib, yanvar oyi oxiriga borganda ularning soni ikki mingtaga yetkazilgan.
“Ulug‘ Turkiston”ning 1918 yil 21 yanvar sonida “Ushbu yanvarning to‘qqizida Ho‘qandda Turkiston Muxtoriyatining askarina manyovr yasalg‘an. Bir ming qadar askar tuzilgan ekan, hammasi mulla Abdurazzoqboyning bog‘iga yig‘ilganlar. Hukumat nozirlaridan harbiya noziri Ubaydulla Asadullaxo‘jayev ila moliya noziri Islom Shoahmedov borib askarni tabrik qilg‘onlar. Otashli nutq so‘zlag‘onlar. Bu manyovrdan so‘ng, naq bir mingga yaqin askar yig‘ilib, hozir muvaqqat qaramog‘ida ikki ming qadar muntazam milliy armiya bor ekan”, – degan maʼlumot keltiriladi. Bundan shunday xulosa chiqadiki, Muxtoriyat masʼul rahbarlar endi oyoqqa turayotgan davlatning tayanchi bo‘la oladigan va himoya qila oladigan o‘z milliy armiyasini shakllantirish uchun keng ko‘lamli amaliy tayyorgarlik ishlarini olib borishgan. Bundan tashqari Muxtoriyat yetakchilari tomonidan harbiy tayyorgarligi bor, Turkiston Muxtoriyatiga sodiq fuqarolar xalq militsiyasiga instruktor sifatida xizmatga taklif etildi.
Bularning barchasi sovet tarixchilarining Muxtoriyatchilarning aholi orasidan o‘zining armiyasiga o‘z hohishiga ko‘ra “kirishga chaqirgan daʼvati puchga chiqdi, hukumatning harbiy qo‘shini 60 kishidan iborat” bo‘lgan, “hukumat qo‘shiniga jinoyatchi guruhlar jalb qilinib, shunday qaroqchilar yordamida qo‘shin sonini 2000 taga yetkazdi”, “Muxtoriyat qo‘shini instruktorlari rus oq gvardiyachilari va turk ofitserlaridan iborat edi, ular sovet hokimiyatiga qarshi kurashish uchun bajonidil askar berishga rozi bo‘lgan” degan mutlaqo asossiz xulosalarini yo‘qqa chiqaradi.
Baʼzi sovet adabiyotlarida hukumatning 60 kishilik armiyasining aksariyatini kavkazlik va eronliklar tashkil qilgan degan ilmiy asoslanmagan maʼlumotlar ham ko‘rsatiladi.
Turkiston Muxtoriyati qo‘shinining yetakchilari, uning milliy tarkibi, Muxtoriyat qo‘shini qaysi davlatlar qo‘shini namunasi asosida bo‘lganligi, tuzilishi haqida umuman maʼlumotlar saqlanib qolmagan. Bir qator tadqiqotlarda hukumat tomonidan 2000 kishilik muntazam armiya tashkil qilingani, Ergash qo‘rboshining bolsheviklarga qarshi faoliyati yoritilgan xolos.
Bolsheviklar Turkiston Muxtoriyatining tashkil etilishiga tish-tirnog‘i bilan qarshi edi. Ammo Turkiston Muxtoriyatini butunlay tugatish uchun bolsheviklar yetarli va qudratli harbiy kuchga emas edi. 1918 yil 19 yanvarda qizil gvardiya tomonidan Orenburgning egallanishi Moskva bilan aloqani vaqtincha yaxshiladi va Turkistonga boradigan yo‘lni ochdi. Shundan so‘ng Toshkent o‘zini qurol-yarog‘ bilan taʼminlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Muxtoriyatni tor-mor etish uchun Toshkentdan Qo‘qonga 300 ta miltiq yuborildi. E.A.Babushkin Toshkentga borib, Muxtoriyatga qarshi Qo‘qonga qizil gvardiyachilar otryadini yubordi.
Qo‘qonda 9 kishidan iborat Harbiy-inqilobiy qo‘mita tuzildi. E.A.Babushkinning iltimosiga ko‘ra, Qo‘qonda militsiya tashkil etish, shuningdek, Qizil armiya ishini tegishli darajaga ko‘tarish uchun Toshkent Sovet Ijroiya Komiteti bir guruh vakillarni ham yubordi.
Dastlabki jangda Muxtoriyatning milliy qo‘shinidan tashqari qo‘qonlik tinch aholi vakillari ham qatnashdi. Asosan bolta, cho‘kich, tayoq ko‘targan xaloyiqning soni 10.000 kishiga yetdi. Shunga qaramay, qurolsiz bu kishilar qizil askarlarning Qo‘qon shahriga qilgan hujumini uch kun davomida mardonavor qaytardilar. Shu orada Muxtoriyatchilar safida parokandalik yuz berdi. 18 fevralda ulamolarning tazyiqi bilan Mustafo Cho‘qay isteʼfoga chiqdi va baʼzi vazirlar singari Qo‘qonni tark etdi. Ayrim vazirlar (H.Agayev va b.) jangda halok bo‘ldi. Hukumatning boshqa aʼzolari (O.Mahmudov, Nosirxon to‘ra, S.Gersfeld, U.Asadullaxo‘jayev, I.Shoahmedov) esa keyinchalik bolsheviklar tomonidan qo‘lga olindi.
Turkiston XKS 14 fevralda Farg‘onada harbiy holat eʼlon qildi. Farg‘ona viloyati ijroqo‘mi tomonidan 1918 yil 18 fevralda 18 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan erkak fuqarolarni Muxtoriyatga qarshi harbiy safarbar etish to‘g‘risida maxsus qaror chiqardi. Sovet hokimiyati mahalliy aholi vakillarini Muxtoriyatga qarshi harbiy harakatlarga jalb etish maqsadida ularni harbiy taʼlimga o‘rgata boshladi. Safarbar etilganlarga har kuni ikki soatdan harbiy taʼlim berilib, kechqurunlari shaharlardagi patrul xizmatida ishlaganlar.
Turkiston Muxtoriyati hukumati atigi 72 kun umr ko‘rgan bo‘lsa ham, u erksevar xalqimizning milliy mustaqillik va istiqlol uchun kurashga daʼvat etdi. Turkiston Muxtoriyatining ag‘darilishi esa sovet Rossiyasining Turkistonga nisbatan tajovuzkor va mustabid siyosatining dastlabki ko‘rinishi ekanligini namoyon etdi.
Xullas, Turkiston Muxtoriyati uchun kuchli va professional milliy qo‘shin juda zarur edi. Kelgusida u Muxtoriyatning tayanchi va suyanchi, himoyachisi bo‘lishi lozim edi. Ammo qisqa fursatda zamonaviy qurollangan bolsheviklarning harbiy kuchlari: qizil gvardiyachilar otryadlari va arman dashnoqlari drujinalariga teng keladigan harbiy qo‘shin yig‘ishning umuman iloji yo‘q edi. O‘z vaqtida T.Risqulov ham o‘zining “Inqilob va Turkistonning yerli xalqlari” kitobida “Qo‘qon hukumati harbiy kuchga muhtoj edi”, – deb yozgan edi. Mavjud qiyinchiliklar, muammolarga qaramasdan Muxtoriyat aʼzolari o‘zining milliy qo‘shinini tashkil eta oldi, ammo uni sifat jihatidan yuqori darajaga ko‘tara olmadi. Ammo shunday bo‘lsa-da, Muxtoriyat milliy qo‘shini safiga mahalliy millat vakillarining kelib qo‘shilishi Rossiya imperiyasi davrida uzoq vaqt harb ishiga yaqinlashtirilmagan bo‘lsa-da, ularda jangovarlik, vatanparvarlik, harbiy sanʼtning yo‘qolmaganligini ko‘rsatadi.
Erkin RADJAPOV
O‘zbekiston FA “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi voiz-ekskursovodlar rahbari
Malumotlar
Turkiston Muxtoriyati milliy qo‘shini tarixi