Turk xoqonligi va sug‘dlar (simbioz va assimiliyatsiya jarayonlari) haqida to’liq ma’lumot oling
Post Views:
1 848
Markaziy Osiyo o‘z geografik joylashuviga ko‘ra Yevrosiyo materigining azaliy sivilizatsion jarayonlar kesishadigan eng qulay hududi hisoblanadi. Aynan shu hududdan Buyuk Ipak yo‘lining o‘tishi ham tasodifiy hol emas edi. Buyuk Ipak yo‘li turli sivilizatsiyalararo madaniy uyg‘unlikni vujudga keltiradi. Qadimdan to XII asrga qadar Markaziy Osiyoda uchta yetakchi etnos muhim o‘rin tutgan. Bular xitoylar, turklar va sug‘dlardir. Ushbu uch etnos o‘rtasida kechgan siyosiy, ijtimoiy va madaniy munosabatlar orasida turk va sug‘d etnoslararo munosabatlar keyingi asrlardagi etnik shakllanishlarga ham kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Tadqiqotchilar tarixda miloddan avvalgi IV-III asrlardayoq sug‘dlarning xitoylar va prototurk qabilalari bilan munosabatlarga kirisha boshlaganliklarini ta’kidlaydilar[1]. Deyarli bir yarim ming yillik tarixiy davr ichida sug‘dlar va turklar bir mintaqada yashab o‘zaro hamkorlik qilganlar. Qiyosiy tipologik tahlil sug‘d va turklarning jamiyatlari deyarli tengdosh ekanligini ko‘rsatmoqda[2]. Bu holat etnik munosabatlar uchun muhim hisoblangan. Haqli ravishda VI – VIII Markaziy Osiyo “turk-sug‘d” davri nomini oldi. Mintaqada yagona tarixiy madaniy makon[3] vujudga kelishiga asos soldi. Aynan shu davr turk-sug‘d simbiozi[4] davri sifatida baholanadi. Bu jarayon Markaziy Osiyoning deyarli barcha tarixi geografik o‘lkalarida kechgan. Jumladan, bizning mintaqa uchun akademik K.Shoniyozov ta’kidlaganidek; miloddan avvalgi II-I asrlarda vohalardan dehqon, hunarmand va savdogar aholi bilan shu hududga kirib kelgan chorvador etnik qatlam madaniyati aralashib, o‘ziga xos sinkretik – madaniyat hosil qilgan[5].
Bepoyon Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari tarixida ilk o‘rta asrlar nafaqat etnik yuksalish, balki davlatchilik an’analarini rivojlanish tiklash va qudratga yetkazish davri ham hisoblanadi. Turk hoqonligining qaror topishi esa barcha sohalarda rivojlanish va taraqqiyot uchun omil bo‘ldi. Xoqonlik qaror topgunga qadar ham sug‘dlarning ular hayotiga kirib kelishi kuzatilgani ma’lum ma’noda xoqonlikning ma’muriy-boshqaruviga zamin yaratgan. O‘troq sug‘dlarning har tomonlama maslahatlari va ko‘maklari turklarning davlatchiligini shakillanishiga ta’sir o‘tkazgan deya olamiz. Sug‘d savdo koloniyalari – shahar davlatlar tizimi ko‘plab ko‘chmanchilarning o‘troqlashuviga, yarim o‘troq va ko‘chmanchilarning esa shaharsozligi rivojiga asos bo‘lib xizmat qildi. Sug‘dlarning turklashuvi ham bejiz emas edi. O‘zaro integratsiya assimlyatsiyalashuv uchun imkon yaratdi. Ko‘p sonli turklar orasida sug‘d diasporalari bu jarayondan manfaatdor ham edilar. Sug‘dlar orasida Erkin, Tudun, Tegin, Bahodir, Tarxon, O‘zmish, kabi turkiy ism va unvonlar rasm bo‘la boshladi[6].
Aynan Turk xoqonligidagi turk-sugd munosabatlariga e’tiborni qaratsak fikrimizni ancha o‘z tasdig‘ini topadi.
Hozirgi Mo‘g‘uliston hududidan topilgan ko‘plab sug‘diy va turkiy yozma yodgorliklar muhim ma’lumotlar beradi.
VI-IX asr turkiy davlatlarda sug‘d tili va yozuvining yetakchilik o‘rni beqiyosdir. Sug‘d yozuvi ta’sirida qadimgi turk (runiy) va uyg‘ur yozuvi shakllanishiga sabab bo‘ldi[7].
Sug‘d tilining Turk xoqonligida rasmiy tillardan biri bo‘lganligi, epigrafik yodgorliklardan biri 581-587 yillar orasida bitilganligi taxmin qilingan. “Bug‘ut yodnomasi yoki I Turk xoqonligining rasmiy bayoni”da o‘z aksini topgan[8]. Ushbu yodgorlik xoqonlik hukmdorlaridan Maxan-tegin sharafiga sug‘d tilida bitilgan. Ikkinchi yodgorlik Gobi cho‘li janubidagi Sevrey qoyasiga bitilgan bo‘lib, ikki tilda turk va sug‘d tillarida yozilgan. Ma’lumot 762 yilda uyg‘ur xoqoni Begyo xoqon – Ingi Yanglakarning Xitoyga muvaffaqiyatli yurishi haqida hikoya qiladi[9].
Keyingi yodgorlik IX asr boshiga oid Qorabolg‘asun bitigi bo‘lib, unga qadimgi turkrun, sug‘d va xitoy tilida matnlar chekilgan. Bitiktoshda 808-821 yillar hukmronlik qilgan uyg‘ur xoqoni Alp-bilga nomi zikr etilgan voqyealar aks etgan[10]. Boshqa bir yodgorlik Mo‘g‘ulistonning shimoli-g‘arbidagi Tayxir-chulun qoyasiga qora tush bilan yozilgan turkcha va sug‘dcha ismlardir. Tadqiqotchilar uni choparlar va kelib-ketuvchilar ro‘yxati bo‘lsa kerak deb hisoblaydi. Yodgorlik VIII- IX asrlarga oid deb taxmin qilinadi[11].
YUqoridagilardan tashqari sug‘d va turklar o‘rtasida diniy hamjamoalik muhiti ham mavjud bo‘lganligini kuzatamiz. Jumladan, sug‘d buddaviy yodgorligi “Vajrachhedika” asari turk yoki turklashgan sug‘d Qutlug‘ ismli kotib tomonidan sug‘d tilida yozilgan[12]. Shu o‘rinda aytish mumkinki, sug‘dlar nafaqat sharqda savdo-tijorat ishlari bilan mashg‘ul bo‘lganlar, balki Markaziy Osiyo sharqida buddaviylik, monuviylik, va xristianlik kabi dinlarni tarqalishida turklar, xitoylar, mo‘g‘ullar orasida yoyilishida missionerlik vazifalarini ham bajarganlar[13]. Bir vaqtning o‘zida ba’zi jamoalar o‘z azaliy dinlari zardushtiylikka bo‘lgan e’tiqodlarini ham saqlab qolganlar[14]. Ehtimolki, turklashgan sug‘dlar tangrichilik dinini ham qabul qilganlar.
Turk xoqonligi qaror topgunga qadar Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan sug‘d shahar va manzilgohlari V-VI asrlarga kelib, Yettisuv, Sharqiy Turkiston va Gansuda nafaqat savdo, balki hunarmand-ziroatkorlik markazlariga aylanib, mintaqaning siyosiy, iqtisodiy, madaniy va mafkuraviy hayotida yetakchi rol o‘ynagan deyishga asoslimiz. Turk xoqonligining tashkil topishi esa, bu jarayonni yanada takomillashtirdi. Sug‘dlar endilikda Turk xoqonlari saroylarida muhim lavozimlarni egallay boshlaganlar. Turk va sug‘dlar o‘rtasidagi ittifoqchilik Turk xoqonligiga putur yetkazmoqchi bo‘lgan xitoylarni manfatiga mos tushmas edi. Xitoy josusi 607 yilda o‘z imperatoriga shunday mazmunda noma yuborgan: “Turklar o‘zlaricha soddadil va kaltabinlar va ular orasiga nifoq solish mumkin. Afsuski, ular orasida ko‘plab sug‘dlar yashaydi, o‘shalar ayyor va hiylagardurlar. Ular turklarni o‘rgatadilar va yo‘naltiradilar»[15].
Sug‘dlar va ularning Turk xoqonligidagi taqdirlari haqida turk-runiy bitiklari ham birqancha ma’lumotlar qoldirganlar. 1-Turk xoqonligi 603 yilda ikkiga Sharqiy va G‘arbiy qismga bo‘lingach, sug‘dlar ham turklar kabi xitoylar asoratiga tusha boshlaganlar. Jumladan, To‘nyuquq bitiktoshi yodgorligi Ikkinchi Turk xoqonligiga asos solgan Eltarish (asli ismi Qutlug‘, xitoy manbalarida Gudulu) xoqonning maslahatchisi va sarkarda Tunyuquqqa bag‘ishlanib, 712-716 yillar orasida Ulan Batordan 66 km janubi-sharqdagi Bain Sokto manzilidan topilgan. Uning 45-46- qatorida “Inal xoqonga arab, tuxor hujum qildi. O‘shanda ajraladigan choki bor dubulg‘a kiygan sug‘doq bo‘dun (xalqi) hammasi keldi. O‘sha kuni hujum bo‘ldi. Turk xalqi Temur qapig‘qa (darvozaga)cha, tinsi o‘g‘lon yotadigan toqqa yetdi”[16], deyiladi. Ushbu satrlar mazmuni sug‘dlar kelib turk qo‘shinlariga qo‘shilgach, ular arab va toxarlarni Temir darvozagacha chekintirganligi ayon bo‘ladi. Boshqa bir yodgorlik Bilga xoqon bitigtoshi bo‘lib, bu bitigtosh Eltarish xoqonning o‘g‘li, Kulteginning akasi Bilga xoqon (xitoy manbalarida asl ismi Mo‘g‘olon) sharafiga 735 yilda qo‘yilgan. Bitigtosh Mo‘g‘ulistonning Kosho Saydam vodiysidagi Ko‘kshin Urxun daryosi qirg‘og‘idan, Ulan-Batordan 400 km janubdan Kultegin bitigtoshidan 1 km janubi-g‘arbda o‘rnatilgan. Uning 24-25- qatorlarida “O‘n sakkiz yoshimda olti juft (chub) so‘g‘dak tomonga qo‘shin tortdim, xalqni o‘shanda to‘zitdim. Tabg‘ach (Xitoy)dan o‘ng tutuq, besh ming lashkar keldi. Idar boshida urushdik, u lashkarni o‘shanda yo‘q qildik”, deyiladi[17]. Ma’lumki, Xitoylar Sharqiy Turk xoqonligi zaiflashgach, 630 yildan xoqonlik hududidagi ko‘plab sug‘dlarni o‘z tomonlariga ko‘chirib ketganlar yoki u yerdagi sug‘dlarga savdo-sotiq uchun og‘ir shartlar qo‘yganlar. Xitoy tarixchisi Xou jen-chji Xitoy siyosatini qisqa qilib: “O‘lpon yo‘q – savdo yo‘q, o‘lpon bor mukofot ham bor” deb bayon etgan[18]. Sug‘dlar Xitoy saroyiga ipak matolar bilan o‘lpon to‘lashgan[19]. 691 yil Turk xoqonligi qayta oyoqqa turgach, Qapag‘on xoqon Buyuk Xitoy devorining narigi tomoniga olib ketilgan sug‘dlarning avlodlarini Tan saroyidan qaytarilishini talab qiladi va bunga erishadi[20]. Chunki Tan imperatori turklar bilan chegara hududlarga oltita sug‘dlar okrugini tashkil qilgan edi[21]. Bilga xoqon bitigida aynan shu olti sug‘d viloyatini xitoylar asoratidan qutqarilishi xaqida gap boradi. Kultegin bitigtoshidagi 52-qatorda “G‘arbda kun botishdagi Sug‘d muhojirlari” haqidagi ma’lumot ham qiziqarlidir[22].
Xitoy manbalari ham sug‘dlar va ularning mintaqadagi o‘rni haqida ko‘plab ma’lumotlar beradi. Xitoy muarrixlari sug‘dlarning mintaqadagi ishtirokiga yuqori baho berganlar. Li Minvey yozadi: “Ma’lum darajada o‘ziga xos mustaqil yoki yarim mustaqil bo‘lgan Xesida doimo tinchlik barqaror edi. Shu boisdan sug‘d savdogarlari bu yerda uzoq yashab qolganlar. Mahalliy bozorlar ham ularning manfaatlariga ma’qul kelgan”. Bu yerdagi sug‘dlar turli mamlakatlardan keltirilgan mollarni Markaziy Xitoy bozorlariga yetkazganlar. Boshqa bir xitoy tarixchilari Vang Chenchya, Guan Lyanji kabilar “miloddan avvalgi V asrdan to milodiy X asrgacha bo‘lgan taxminan 1500 yillik davr davomida sug‘diylar Ipak yo‘li orqali olib borilgan aloqalarning rivojiga beqiyos hissa qo‘shganlar”, deb yozadilar[23]. Shu kabi ma’lumotlarga asoslangan E.G.Pulleyblenk “ular (sug‘dlar) nafaqat mohir savdogar, balki musavvir, hunarmand va yangi din targ‘ibotchisi edilar. Sug‘dlar Markaziy Osiyoga Ipak yo‘li bo‘ylab o‘rnashdilar, ko‘chmanchilar orasiga kirib bordilar. Shulardan biri sug‘dlarning turklarga sivilizatsion ta’siri ma’lumdir”, deb, ta’rif bergandi.
Xitoy manbalari aynan turk-sug‘d munosabatlari haqida ham qiziqarli ma’lumotlar qoldirganlar. Kelib chiqishi An (Buxoro)dan bo‘lgan Gunsulik sug‘d Annopanto (Naxband) Birinchi Turk xoqoni Bumin o‘rdasining eng ishonchli shaxslaridan bo‘lgan. U 545 yilda Xitoyga elchi bo‘lib borgan[24]. Sug‘dlar xoqonlikning qaror topishi, idoraviy boshqaruvining shakllanishi va iqtisodiy yuksalishida o‘z hissalarini qo‘shganlar. Bu jarayon ildizlari uzoq yillik simbioz – hamyurtlik, o‘zaro yaqinlik, umumiy manfaatdorlik siyosiy ittifoqchilik mahsuli edi.
Xoqonlik hududidagi sug‘d manzilgohlari oqsoqollari xoqon tomonidan eltabar – yirik vassal qabila rahnamosi unvoniga ega bo‘lganlar. Asta-sekin sug‘d muhojirlari turklashib borib, turk aslzodalari qon-qardosh tutina boshlaganlar. Xatto ba’zi sug‘dlar tegin-xoqon ukasi yoki farzandiga beriladigan shahzoda unvoniga ham erishganlar. Sug‘d Torug‘-shodning o‘g‘li otasi kabi shod unvoniga ega bo‘lmasada, unga Elbi-nezuk-eltabar unvoni berilgan[25]. Bundan tashqari 742 yilda Sharqiy Turk xoqoni O‘zmish taxtga kelgach, o‘zaro nizolardan bezor bo‘lgan sug‘dlar Tan hukmdolariga tegishli osoyishta hududlardan panoh izlaydilar. Shunday ko‘chkin bo‘lgan guruh rahbari turklashgan sug‘d Kan Ai Kultarxon bo‘lgan[26]. Yana bir ma’lumotda 588-600 yillarda I Turk xoqonligini boshqargan To‘ng Turon saroyida An Sui Sze ismli sug‘d maslahatchi vazifasida bo‘lib, aynan u xitoylarni turklarning ichki ishlariga aralashuviga qarshilik qilgan[27]. 609-619 yillarda hukmronlik qilgan Shibi xoqon saroyida Shishi Xusi ismli sug‘d e’tiborli saroy ayonlaridan bo‘lgan. VIII asr boshlarida esa An Yan-yan ismli sug‘d xatto turk qo‘shinlari qo‘mondoni darajasiga erishgan. U qadimiy turk urug‘laridan biri turk aslzodasi qiziga uylangan[28].
YUqoridagi sug‘d, turk va xitoy manbalarilari asosida xulosa qiladigan bo‘lsak, butun Markaziy Osiyoda ro‘y bergan etnomadaniy jarayonlarning ilk o‘rta asrlar bosqichi, turk-sug‘d simbiozi va sug‘dlarning turklashuvi assimilyatsiyasi davri sifatida baholanishi mumkin. Asrlar davomida do‘stona, samimiy va qon-qardosh bo‘lib yashagan turklar va sug‘dlar keyingi davr etnoslari; o‘zbek, uyg‘ur, tojik va boshqa elatlarning shakllanishida bevosita ishtirok etganlar.
A. Otaxo‘jayev (O‘zR FA Tarix instituti)
[1] Henning W.B. The date of the Sogdian Ancient Letters // BSOAS, 1948, vol. XII. Pt. 3-4, p. 601-615; Чугуевский Л.И. Новые матералы к истории согдийской колонии в районе Дуньхуана // СНВ, вып. X, 1971, с. 147; Лившиц В.А., Хромов А.Л. Согдийский язык. В кн. Среднеиранские языки. –М.: Наука, 1981, с. 348
[2] Гюль Э.Ф. Проблема этнокультурных взаимодействий в античном и средневековом исскустве в Узбекистана. /АР., док.степ.искус. –Т.: 2002, с.16
[3] Бернштам А.Н. Среднеазиатская древность и ее изучения за 30 лет НВДИ, 1947, №3, с. 91
[4] Симбиоз – юнонча simbiosis – бирга яшашлик, ҳамюртлик
[5] ониёзов К. Њзбек халқининг шакилланиш жараёни. – Т.: Шарқ, 2001, 10-б
[6] Чугуевский К. Новые материалы … . С. 153
[7] Исхаков М.М. Палеографические исследование памятников согдийской письменности. / Дис. на уч.степ.док.ист.наук. –Т., 1991, с.109-162; Содиқов Қ. Эски уйғур ёзуви. –Т., 1989, 44-б
[8] Кляшторный С.Г., Лившиц В.А. Согдийская надпись из Бугута. // СНВ, X. –М., 1971, с. 121-146
[9] Кляшторный С.Г., Лившиц В.А. Сэрэйский камень // Советская тюркология, 1971, №3, с. 106-112
[10] Лившиц В.А., Хромов А.Л. Согдийский язык. …, с. 363
[11] Юқоридаги асар. 364-б
[12] Benveniste E Notes sur les textes sogdiens bouddhiques du British Museum / JRAS, 1933, p. 61-66
[13] Исхоқов М.М., Отахўжаев А. Суғдларнинг буддавий фалсафий-аҳлоқий ёзма меросидан // Қадимги ёзма ёдгорликлар. – Тошкент.: Ёзувчи, 2000, 33-38-б
[14] Хўжаев А. Суғдийларнинг Хитойга бориб қолиши // Мозийдан садо, 2002, №2, 42-б
[15] Кляшторный С.Г. Древнетюркская письменность и культура Центральной Азии // Тюркологический сборник, 1972, – М.: Наука, 1973, с. 258; Liu Mau-tsai. Die chinesischen Nachrichten zur Geschichte der Ost-Turken (T’u-kue). I. Wiesbaden, 1958, p. 454-455
[16] Ўринбоев Б., Ўринбоева Д. Қадимги туркий битиклар. – Самарқанд, 2001, 53-б
[17] Юқоридаги асар, 56-б; Абдураҳмонов Н. Қадимги туркий матнлар. – Самарқанд, 2001, 53-б
[18] Мартыков А.С. Особенности торговли чаем и лошадьми в эпохи Мин / Китай и соседи в древности и средневековье. – М., 1970, с. 234
[19] Кляшторный С.Г. Древнетюркские рунические памятники как источник по истории Средней Азии. –М., 1964, с. 94-100
[20] Кляшторный С.Г. Древнетюркская письменность …, с. 258
[21] Малявкин А.Г. Танские хроники о государствах Центральной Азии: Тексты и исследования. – Новосибирск, 1989, с. 36
[22] Ўринбоев Б., Ўринбоева Д. Қадимги … . 89-б; Абдураҳмонов Н. Қадимги … . 46-б
[23] Хўжаев А. Суғдийларнинг … . 40-41-б
[24] Зуев Ю.А. Ранние тюрки.: Очерки истории и идеологии. – Алматы, 2002, с. 158-159; Кляшторный С.Г., Лившиц В.А. Согдийская надпись из Бугута. С. 143
[25] Юқоридаги асар. 159-б
[26] Малявкин А.Г. Танские … с. 36-37; Кляшторный С.Г. Древнетюркские рунические … . с. 120-122
[27] Кляшторный С.Г., Лившиц В.А. Согдийский надпись из Бугута. С. 143
[28] Зуев Ю.А. Ранние тюрки … . С.159
Turk xoqonligi va sug‘dlar (simbioz va assimiliyatsiya jarayonlari)
Malumotlar
Turk xoqonligi va sug‘dlar (simbioz va assimiliyatsiya jarayonlari)