Turizm va mexmonxona xo‘jaligi sohasida kadrlarni tayorlash tizimi to’liq malumot oling
“Turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-269-son, 18.07.2024-y.) qabul qilindi
Qarorga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan davlat oliy ta’lim muassasalarida turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohalarida kadrlar tayyorlash tizimi uch yillik oliy ta’lim dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi va o‘quv jarayoni “blok-modulь” tizimiga asoslangan dual ta’lim shaklida tashkil etiladi.
Bunda, o‘quv jarayonlarining nazariy va amaliy mashg‘ulotlar ulushini:
1 bosqichda – 80 foiz nazariy va 20 foiz amaliy;
2 bosqichda – 50 foiz nazariy va 50 foiz amaliy;
3 bosqichda – 30 foiz nazariy va 70 foiz amaliy bo‘lishi nazarda tutiladi.
2024-yil 1-avgustdan turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan amaliyot bazalarini (turoperator, turagent, gid-tarjimon, mehmonxona va turizm transporti xizmatlarini ko‘rsatish ob’ektlari) belgilangan tartibda tashkil etishga ruxsat beriladi.
2027-yil 1 yanvargacha turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarining amaliyot bazalarida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun foyda solig‘i ushbu soliq bo‘yicha belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lanadi.
Qarorga muvofiq, 2025/2026 o‘quv yilidan Samarqand shahridagi Xalqaro turizm akademiyasida mehmonxonalar va restoranlar uchun yuqori malakali xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
2025-yil 1-martgacha “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti qoshidagi professional ta’lim muassasalariga xalqaro darajada tan olingan ta’lim dasturlarini “franshiza” asosida joriy etish choralari ko‘riladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
2024/2025 o‘quv yiligacha turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohalari bo‘yicha oliy ta’lim dasturlarini jahon reytingida birinchi 100 talikka kiruvchi nufuzli OTMlarning ta’lim dasturlari asosida qayta ko‘rib chiqadi;
turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohalariga oid oliy ta’lim yo‘nalishlarining dual ta’lim shakli bo‘yicha Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uyg‘unlashgan yangi malaka talablari hamda ta’lim dasturlarini ishlab chiqadi;
belgilangan OTMlar huzurida shartnoma asosida arab, yapon, xitoy, hind, ispan, italyan, koreys, urdu, indonez va malay tillarida xizmat ko‘rsatuvchi gid-tarjimonlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha kurslarni tashkil etadi.
Restavratorlarni qayta o‘qitish va malakasini oshirish markazi negizida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Turizm sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish markazi tashkil qilinadi.
Foydali Maslahatlar
Turizm va mexmonxona xo‘jaligi sohasida kadrlarni tayorlash tizimi