TUPROQ EROZIYASI
TUPROQ EROZIYASI (lot. erasio yemirilish, nurash) — tuproqning eng unumdor yuqori qatlamlari va tuproq osti jinslarining atmosfera yogʻinlari hamda sugʻorish suvlari, shamol va b. taʼsirida yemirilish jarayoni. Yuz berish darajasiga koʻra, tabiiy va jadallashgan (yemiradigan) turlarga boʻlinadi. Tabiiy Tuproq eroziyasi nisbatan sekin kechib, tuproq tabiiy hosil boʻlish jarayonida qayta tiklanib turadi. Jadallashgan Tuproq eroziyasi odamning xoʻjalik faoliyati (madaniy oʻsimliklarni oʻstirishda yerdan notoʻgʻri, uquvsiz foydalanish, eroziyaga qarshi tadbirchoralarga rioya qilmay yerlarni oʻzlashtirish, sugorish, chorva mollarni boqish, oʻrmonzorlarni yoʻq qilish, qurilish ishlarini olib borish va b.) natijasida yuz berib, tuproq unumdorligini sezilarli darajada pasaytirib yuboradi.
Ensiklopediya.uz
TUPROQ EROZIYASI