TUNLAMLAR

TUNLAMLAR

TUNLAMLAR, tungi kapalaklar (Noctuidae) — tangaqanotlilar turkumiga mansub hasharotlar oilasi. 25 mingga yaqin turi maʼlum. Kapalaklari oʻrtacha va mayda (3—5 sm), krramtir, oldingi qanotlarida bir xil naqshi bor, qorni tuklar bilan qoplangan. Kapalaklarning ogʻiz apparati soʻruvchi, qurtlariniki kemiruvchi tipda. Qurtlarining koʻpchiligi yalangʻoch, gʻumbagi qizgʻishjigarrang yoki qoʻngʻir. Kapalaklari gul va daraxt shirasi bilan oziklanadi. Yangi qoʻygan tuxumi sargʻimtiroqish. Qurtlarida 3 juft koʻkrak oyogʻining birinchi boʻgʻimida va 10 juft qorin oyogʻining 1—8 boʻgʻimida nafas olish teshigi joylashgan. Tunlamlar, asosan, kechasi uchadi. Oʻsimlik qoldiqlari yoki tuproqqa 300 tagacha tuxum qoʻyadi. Baʼzi Tunlamlar qurtlari tuproqda yashab, oʻsimlik ildizlari yoki poyasining ildiz boʻgʻizlarini kemiradi (mas., koʻk qurt tunlami, undov tunlami). Ayrimlari oʻsimlik bargi, shonasi, guli, koʻsagiga zarar yetkazadi (mas., karadrina, koʻsak qurti, beda tunlami va b.).

Ensiklopediya.uz
TUNLAMLAR