TUMOV

TUMOV

TUMOV, rinit — sovqotish, infeksiya, allergiya natijasida burun shilliq pardasining yalligʻlanishi. Mustaqil kasallik yoki infeksion kasalliklar (mas., gripp, difteriya, qizamiq va b.) belgisi boʻlishi mumkin. Tumovda burun yoki tomoq shilliq pardasi shishib, achishadi va quruqshaydi; 3—4 kundan keyin burundan koʻp miqdorda suyuq tiniq shilimshiq keladi. Bemorning umumiy ahvoli aytarli oʻzgarmaydi, harorati, odatda, normal yoki bir oz koʻtariladi (37—37,5°), boshi ogʻirlashib, ish qobiliyati pasayadi; burundan nafas olish qiyinlashadi, baʼzan, koʻz shilliq pardasi yalligʻlanganligi tufayli yosh oqadi, hid bilish pasayadi. Tumov xususan emadigan bolalarda ogʻir kechadi. Ularning burun yoʻllari juda tor boʻlib, burun shilliq qavatining ozgina boʻlsada shishishi burundan nafas olishni qiyinlashtiradi. Natijada jiddiy oʻzgarishlar: tajanglik, uyqu buzilishi, emmay qoʻyish, juda ozib ketish va b. kuzatiladi. Baʼzan yalligʻlanish burunhalqum va eshituv nayi shilliq pardasiga, hatto hiqildoq, bronx va oʻpkaga ham oʻtib ketadi. Shuning uchun Tumovni zoʻraytirib yubormaslik kerak.

Ensiklopediya.uz
TUMOV