Tulkining jazosi
Kunlarning birida bir gala tovuq tulkining ustidan ayiqqa arz qilib boribdi.Tulkining jazosi
DO`STLARGA ULASHING:
– Taqsir, tulkining dastidan kun ko‘rolmayapmiz. U hech kimdan tap tormaydi. Hatto sizning ham yuz xotiringizni qilib, bir og‘iz so‘ramay, tovuqlarni qirgani-qirgan.
– Voy, yaramas-ey, – debdi ayiq g‘azablanib. – Men u muttahamning ta‘zirini beraman.
U darrov tulkini chaqirtirib kelibdi.
– Men sizning biqiningiz yerga botmasin deb paryostiq qilish tashvishi bilan yurgan edim, – debdi tulki va qo‘ltig‘idagi yostiqni darrov ayiqning yonboshiga qo‘yibdi. – Bu miyasi yo‘q tovuqlar sizning g‘amingizda yurganimni bilmay, ustimdan arz qilishibdi.
Ayiq yostiqqa suyanib, tovuqlarga o‘shqiribdi.
-Qani, ko‘zimdan yo‘qolinglar. Ikkinchi bunaqa bema’ni gap bilan miyamni qotirmanglar.
Shu kuni kechasi yana ikki tovuqning sho‘ri quribdi. Tovuqlar endi bo‘rining oldiga arzga borishibdi.
– Tulkining dastidan aziyat chekayapmiz. Yordam bering, – deyishibdi ular. Bo‘ri shu zahoti tulkini topdirib kelibdi.
– Bo‘ri janoblari, men tuni bilan mijja qoqmay sizga paryostiq tayyorladim, – tulki bo‘rining yonboshiga yostiq qo‘yibdi. – Bu nodonlar sizning g‘amingizda yurganimni bilmay, ustimdan arz qilishibdi.
Bo‘ri tovuqlarni tiriqtirib quvibdi. «Tulki o‘z ishini bilib qiladi», deb urishibdi. Shu kuni kechasi uch tovuqning sho‘ri quribdi. Ertasiga tovuqlar tozi itga arzga borishibdi. Tulki unga ham paryostiq olib boribdi. Biroq tozi it yostiqqa qarab ham qo‘ymabdi.
– Bu shum tulkining sho‘rini quritinglar, – degan ekan, itlar tulkini rosa talashibdi. – Uni cho‘lga quvinglar. Bo‘lmasa u tovuqlarni qiyratib, patidan paryostiq tayyorlab, ishini bitirib yuraveradi.
Shu-shu tulki cho‘lga badarg‘a qilinibdi. Adolatli tozi itdan qo`rqib haligacha u bor joyga yaqin yo‘lamas ekan.
Tulkining jazosi