Tulkiboy haqida to’liq ma’lumot oling
DO`STLARGA ULASHING:
Bir kuni tulkiboy changalzorda ovqat qidirib yurib, bir angishvona topib olibdi. Tulkiboy yurib-yurib bir kampirning uyiga kelib qolibdi.
Kampirni ko’rib:
— Ona, senga shu angishvonani ertagacha qoldirib ketaman, ertalab kelib olaman, — deb chiqib ketibdi. O’zi eshikning tirqishidan kampirning angishvonani qaerga qo’yganini ko’rib olibdi. Tulkiboy kampir uxlagandan keyin sekin uyga kirib angishvonani qo’ygan joyidan olib chiqib ketibdi. Ertasi kampir shoshib-pishib qatlama pishirib turganda, Tulkiboy kirib kelibdi.
— Ona, kechagi omonat qoldirib ketgan angishvonani bering, — debdi.
Kampir yugurib uyga kirib, angishvonani qo’ygan joyidan topa olmabdi.
— Tulkiboy, angishvonang qo’ygan joyimda yo’q, yo’qolib qolibdi, —debdi.
Tulkiboy:
— Topib berasiz, topib bermaganingizga qo’ymayman, — debdi.
Kampir:
— Yo’qolgan narsani qaerdan topib beraman, o’rniga qirq qatlama beraman, — debdi.
Tulkiboy «xo’p» deb, qirqta qatlamani olib tashqariga chiqqanidan keyin:
«Bir angishvona, bir angishvonaga qirq qatlama» deb jo’nabdi. Yo’lda ketayotsa, bir oq echki boqib yurgan kampirni ko’ribdi. Tulkiboy kampirga:
— Ona, shu qirqta qatlamani ertagacha omonat olib qo’ying. Ertalab kelib olaman, — debdi.
Kampir qirqta qatlamani uyiga olib kirib ko’rpaning qatiga bekitib qo’yibdi Tulkiboy yana eshik tirqishidan mo’ralab turib qatlama qo’yilgan joyni ko’rib olibdi. Kampir kechasi uxlaganda kelib, sekin kampirning uyiga kirib qirqta qatlamani bitta ham qoldirmay eb ketibdi.
Ertasi ertalab kelib:
— Ona, kechagi omonat qoldirib ketgan qirq qatlamani olib bering, — debdi.
Kampir uyiga kirib ko’rpasining qatini qarasa, bitta ham qatlama qolmabdi. Kampir:
— Tulkiboy, qo’ygan joyimdan qatlamalaring yo’qolib qolibdi, — debdi.
Tulkiboy:
— Topib berasiz, topib bermaganingizga qo’ymayman, — debdi. Kampir tulkiboydan qo’rqib:
— Bisotimda bir donagina oq echkim bor, qirq qatlamang o’rniga shuni berayin, — debdi.
Tulkiboy oq echkini etaklab, xursand bo’lib:
«Bir angishvona, bir angishvonaga qirq qatlama, qirq qatlamaga oq echki» deb jo’nabdi.
Tulkiboy oq echkini etaklab ketayotsa, bir nor tuya boqib yurgan cholni ko’ribdi. Tulkiboy cholga yaqin kelib:
— Ota, ertagacha mana shu echkini sizga omonat qoldirib ketaman, ertaga kelib olaman, — debdi.
Chol «xo’p» deb echkini hovlisiga olib kirib bog’lab qo’yibdi. Kechasi chol uxlaganida tulkiboy kelib, oq echkini eb, terisini qoldirib ketibdi. Ertasi tulkiboy cholning oldiga kelib:
— Ota, kecha qoldirib ketgan omonat oq echkini bering, — debdi. Chol tulkiga:
— Kechasi echkini bo’ri eb, terisini qoldirib ketibdi, — debdi.
Tulkiboy:
— Echkini topib berasiz, topib bermaganingizga qo’ymayman, — debdi.
Chol:
— Bisotimda birgina nor tuyam bor, oq echkining o’rniga beraman, — debdi.
Tulkiboy nor tuyani etaklab: «Bir angishvona, bir angishvonaga qirq qatlama, qirq qatlamaga oq echki, oq echkiga nor tuya» deb, xursand bo’lib jo’nabdi.
Tulkiboy nor tuyani etaklab yurib, qizi bilan ip yigirib o’tirgan kampirga uchrabdi. Tulkiboy:
— Ona, mana shu nor tuyani ertagacha sizga omonat qoldirib ketaman, erta bilan kelib olaman, — debdi.
Kampir nor tuyani hovlisiga olib kirib bog’lab qo’yibdi. Kechasi kampir uxlaganda, tulkiboy nor tuyani hovlidan olib chiqib, bir changanlzorga olib borib qo’yibdi, ertasi kampirning oldiga kelib:
— Ona, kechagi qo’yib ketgan omonat nor tuyani bering, — debdi. Kampir qarasa, nor tuya bog’langan joyida yo’q, axtarib topa olmabdi.
Tulkiboy:
— Topib berasiz, topib bermaganingizga qo’ymayman, — debdi.
Kampir tulkidan qo’rqib:
— Nor tuyang o’rniga berishga hech qanday molim yo’q. Birgina oydin qizim bor, ona-bola ip yigirib kun kechiramiz, — debdi.
Tulkiboy:
— Nor tuyam o’rniga shu oydin qizingizni bering. Bermasangiz, ona-bola ikkovingizni ham eb ketaman, — debdi.
Kampir nochor, noiloj, yolg’izgina oydin qizini tulkiboyga beribdi.
Tulkiboy oydin qizni olib xursand bo’lib kampirga qarab: «Bir angishvona, bir angishvonaga qirq qatlama, qirq qatlamaga oq echki, oq echkiga nor tuya, nor tuyaga oydin qiz» deb, oydin qizni qopga solib, qopning og’zini bo’g’ib, orqasiga ko’tarib jo’nabdi. Bir to’qaydan o’tib ketayotsa, uzoqdan itini etaklab kelayotgan bir ovchi ko’rinibdi. Tulkiboy orqasidagi qopni erga qo’yib, o’zi bekinibdi. Ovchi kelib qopni ochib qarasa, ichida bir qiz o’tirgan ekan. Ovchi qopdan qizni chiqarib olib, qiz o’rniga itini qopga solib og’zini bo’g’ib boylab qo’yibdi. Ovchi ketgandan keyin tulkiboy kelib «ovchidan qutilib qoldim» deb suyunib, qopni orqalab jo’nabdi Yo’lda ketayotsa, qopning ichidan ovoz chiqibdi. Tulkiboy: «Yig’lama oydin qiz, yig’lama, hozir uyga etamiz» deb, qadamini ildam tashlab uyga etib kelibdi. Qopning ichidan yana ovoz kelibdi. Tulkiboy: «Oydin qiz, qopning ichida zerikkanga o’xshaysan. «Bir angishvona, bir angishvonaga qirq qatlama, qirq qatlamaga oq echki, oq echkiga nor tuya, nor tuyaga oydin qiz chiq!» deb qopning og’zini ochibdi. Qopning ichidan quloqlarini shalpaytirib ovchining iti chiqibdi. Oydin qiz chiqishini kutgan tulkiboy ovchi itning haybatini ko’rib qochib ketibdi. It tulkining ketidan quvlab ketibdi. Tulki o’zini bir shudgor tomonga olibdi. Tulki yugurib ketayotib quyon tutish uchun qo’yilgan qopqonga tushib qolibdi. Qopqonning egasi kelib tulkining terisini shilib olibdi.
Malumotlar
Tulkiboy