TROMBOFLEBIT

TROMBOFLEBIT

TROMBOFLEBIT (yun. trombos — laxta va plebos—vena) — vena devorining yalligʻlanib, unda tromb hosil boʻlishi. Tromboflebitda koʻproq oyoq venalari zararlanadi. Tromboflebit ayrim infeksion kasalliklar (terlama) yoki venalar shikastlanishi oqibatida, baʼzan tugʻruqdan keyingi asorat sifatida paydo boʻlishi mumkin. Tromboflebitga qon oqishi susayib, qon ivishining kuchayishi va venalar devorining oʻzgarishi sabab boʻladi. Tromboflebit jiddiy kasallik boʻlib, ogʻir asora!larga olib keladi. Ayniqsa, yuzdagi Tromboflebit xavfli, chunki bunda yalligʻlanish jarayoni bosh miyaga tarqalib ketishi mumkin; chanoq venalari Tromboflebiti esa koʻpincha jigarning zararlanishiga olib keladi. Oʻtkir va surunkali, venalarning joylashishiga qarab yuza va chu kur Tromboflebit farq qilinadi. Oyoq chuqur venalarining oʻtkir Tromboflebiti toʻsatdan bir necha soat ichida boshlanadi. Zararlangan vena boʻylab atrofidagi muskullar ogʻriydi, oyoq shishadi, bemorning umumiy ahvoli yomonlashib, harorati koʻtariladi (39° va undan yuqori), eti uvushadi. Kasallikning oʻtkir xuruj davri pasaygandan keyin surunkali shaklga oʻtib ketishi mumkin. Baʼzan venalar yoʻlining toʻsilgancha qolishi oyoqda qon oqishini qiyinlashtirib, shish paydo boʻlishi, venalarning varikoz kengayishit olib keladi.

Ensiklopediya.uz
TROMBOFLEBIT