TRIXOGRAMMA

TRIXOGRAMMA

TRIXOGRAMMA (Trichogramma) — pardaqanotlilar turkumiga mansub hasharotlar urugʻi; ekinlar va oʻrmonzorlarga zarar keltiruvchi xavfli zararkunanda hasharotlar tuxumlari kushandasi. Butun dunyo faunasida Trixogrammalar avlodiga kiruvchi 143 tur mavjud. Oʻzbekistonda esa Trixogramma larning 15 turi topilgan, 6 tasining bioekologiyasi chukur oʻrganilgan. Q. x. da ekinlar zararkunandasi boʻlgan tunlam kapalaklarning tuxumlarini yoʻqotishda asosiy biologik vosita sifatida ishlatiladi. Tanasining uz. 0,3—0,9 mm. Trixogrammaning qisqa qanotli va qanotsiz turlari mavjud. Moʻylovi 5—9 boʻgʻimli, qanotlari keng hoshiyali, oldingi qanotlari qisqa shokilali. Orqa juft kdnotlari ingichka. Urgʻochisining moʻylovi qisqa, bir halqali, xivchini ikki boʻgʻimli. Erkaklari koʻpincha qanotsiz yoki qanoti soddalashgan. Trixogramma polifag boʻlib, 200 ga yaqin turdagi hasharot tuxumini zararlaydi. Asosiy va bosh xoʻjayinga ega. Faqat lichinkasi tekinxoʻrlik (parazitlik) qiladi. Yetuk hasharotlar gul shirasi va shudring bilan oziklanadi. Urgʻochi Trixogramma xoʻjayin organizmning yangi qoʻyilgan tuxumi ichiga oʻz tuxumini qoʻyadi. Tuxumdan chiqqan Trixogramma lichinkasi xoʻjayin tuxumi ichidagi moddalar bilan oziqlanib rivojlanadi. Oziqlanib boʻlgan Trixogramma lichinkasi shu yerda gʻumbakka aylanadi. Gʻumbakdan shakllangan yetuk individ tuxum poʻstini teshib tashqariga chiqadi; endigina uchib chiqqan jinsiy yetuk urgochi hasharot darhol erkak Trixogramma bilan juftlashib, tuxum qoʻya boshlaydi.

Ensiklopediya.uz
TRIXOGRAMMA